Taʼkidlanganidek, yurtimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning turli sohalarda imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratilib, munosib ragʻbatlantirilmoqda.

Bugungi kunda aʼlo xulqi, noyob isteʼdodi, zukkoligi, tashabbuskorligi, oʻqish va mehnat faoliyatidagi muvaffaqiyatlari hamda taʼlim, fan, adabiyot, sanʼat, sport sohalarida va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan xotin-qizlar soni 367 nafarni tashkil etadi.

Sovrindorlarning 3 nafari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, 90 nafari turli vazirlik, idora va tashkilotlarda, 2 nafari hokimiyat tizimida, 70 nafardan ziyod sovrindorlar esa taʼlim tizimida faoliyat koʻrsatib kelyapti.

Tadbirda qizlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashiga yordam berish, mustaqil hayotga tayyorlash, ijtimoiy faolligi va maʼnaviyatini oshirish, eʼtiborga muhtoj qizlar bilan manzilli ish olib borishda sovrindor qizlarning salohiyatidan keng foydalanish, ularni davlat va jamiyat hayotida faol ishtirokini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratish, bu borada qizlarning oʻzlari ham doimo tashabbuskor boʻlishlari haqida taklif va mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tomonidan Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda kelgusida sovrindor xotin-qizlar tomonidan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ular bilan maqsadli, tizimli ishlarni tashkil etish, ehtiyojmand oila qizlariga motivatsiya berish, koʻmaklashish boʻyicha hududlarda ijobiy ish tajribalarini ommalashtirish boʻyicha hamkorlikda ish olib borishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.