Tadbirda jurnalistlar, soha olimlari, tadqiqotchilar hamda matbuot kotiblari ishtirok etib, zamonaviy media makonida ayollarning oʻrni va ularning kasbiy qiyofasini shakllantirish masalalarini muhokama qildi.

Davra suhbati davomida bugungi kunda jurnalist ayollarning ijtimoiy faolligi, jamiyatda kechayotgan islohotlarni yoritishdagi oʻrni va tahliliy materiallar tayyorlashdagi hissasi alohida taʼkidlandi. Qayd etilganidek, milliy jurnalistikamizda xotin-qizlarning munosib oʻrni bor va ular sohada samarali mehnat qilib kelmoqda.

Muloqotda Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov uyushmaning joriy faoliyati, kelgusi rejalari hamda ayollarga moʻljallangan yangi loyihalar haqida maʼlumot berdi. U, ayniqsa, jurnalist ayollarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslarga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Yigʻilish qizgʻin munozaralar ruhida oʻtdi. Ishtirokchilar tomonidan qator muhim tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, “Atirgul” ijodiy tanlovini qayta tiklash, tahririyatlarda “Mahorat maktablari”ni tashkil etish, shuningdek, ayollarning mediasavodxonligini oshirishga qaratilgan loyihalarni kengaytirish takliflari bildirildi va qoʻllab-quvvatlandi.

Tadbir yakunida “Jurnalist ayollar kengashi” yigʻilishlarini har oyda muntazam oʻtkazib borish, shu orqali ayollar jurnalistikasini rivojlantirishga qaratilgan aniq taklif va tashabbuslarni ishlab chiqishga kelishib olindi.

Zulxumor Akbarova