Yuqorichirchiq tumanida tabiatga 6 milliard soʻmdan ortiq zarar yetkazildi. Hujjatlar Bosh prokuraturada

    Ikkita yuk mashinasi hamda ekskavator jarima maydoniga joylashtirildi.

    Ekologiya, atrof-muhit va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan Toshkent viloyati, Yuqorichirchiq tumani hududidan oqib oʻtuvchi Chirchiq daryosida nazorat reyd tadbirlari olib borildi.

    Reyd davomida daryoning muhofaza mintaqasidan 1 dona yuklovchi va 2 dona “MAN” rusumli yuk tashuvchi transport vositalari yordamida shagʻal mahsulotini noqonuniy qazib olib ketilayotganligi aniqlandi.

    Surishtiruv davomida qum-shagʻal “Sharq neftgaz biznes” MCHJ rahbari O. K. tomonidan qazdirilganligi maʼlum boʻldi. Holat yuzasidan tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilib, haydovchilar va MCHJ rahbaridan tushuntirish xatlari olindi. Shuningdek, ikkita yuk mashinasi hamda ekskavator jarima maydoniga joylashtirildi.

    Shagʻal mahsuloti qazilgan joyda olib borilgan oʻlchov natijasida tabiatga yetkazilgan zarar 6 milliard 635 million 894 ming 160 soʻmni tashkil qildi. Holat natijasida Oʻzbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonuni 18-moddasi hamda “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi qonunning 18-moddasi talablari buzilgan.

    Holatga huquqiy baho berish va aybdorlarga nisbatan qonuniy chora koʻrishni taʼminlash maqsadida tegishli hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborildi.