Voyaga yetmagan qizga tegajogʻlik qilib, uni videoga olgan ikki erkakka jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

    Mazkur jinoyat ishi Qashqadayo viloyati prokuraturasi nazoratida, Bolalar ombudsmani bu borada oʻz kuzatuvini davom ettirmoqda.

    Bolalar ombudsmaniga joriy yilning 24-aprel kuni Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida yashovchi fuqaro O.Yu. dan murojaat kelib tushdi.

    Murojaatda Chiroqchi tumanida yashovchi voyaga yetmagan qiz B.B. (2006-yilda tugʻilgan) ga nisbatan jinsiy tegajogʻlik qilinib, bu videoga olinganligi va tasvirni tarqatish bilan tahdid qilinayotganligi bildirilgan.

    Bolalar ombudsmani mazkur holatni oʻz kuzatuviga oldi.

    Aniqlanishicha, 2023-yil iyul oyida B.B. ga Sh.X. tomonidan jinsiy tegajogʻlik qilinib, bu holat boshqa shaxs - J.M. tomonidan telefon orqali videotasvirga olingan. Keyinchalik J.M videotasvirni tarqatib yuborish bilan qoʻrqitib, qizdan tovlamachilik yoʻli bilan pul olgan, ammo shundan keyin ham videotasvirni tarqatish bilan tahdidni davom ettirib, tovlamachilik qilib kelgan.

    Mazkur holat boʻyicha B.B. (2006-yilda tugʻilgan) 2024-yilning 30-mart kuniga kelibgina tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan.

    Tergovga qadar tekshiruv doirasida sudga oid tibbiyot, kriminalistika va biologiya ekspertizalari tayinlangan.

    Joriy yilning 8-aprel kuni JKning 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik koʻrish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 118-moddasi 1-qismi (Nomusga tegish) va 165-moddasi 1-qismi (Tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Hozirda jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Mazkur jinoyat ishi Qashqadayo viloyati prokuraturasi nazoratida, Bolalar ombudsmani bu borada oʻz kuzatuvini davom ettirmoqda.

    Oʻz navbatida, OAVda internet orqali voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan jinoyat yoki huquqbuzarliklar yuzasidan foto yoki videotasvirlarni ochiq holda tarqatish shaxs, shu jumladan, bola manfaatlariga mutlaqo zidligini eslatamiz. Buning uchun qonunchilikda tegishli javobgarlik koʻzda tutilgan.