Uchrashuv yakunida quyidagi qoʻshma bayonot eʼlon qilindi:
"Saudiya Arabistoni Qirolligi hukumati va Oʻzbekiston Respublikasi hukumati energetika sohasi tomonlarning uzoq muddatli istiqboldagi faoliyatining asosiy yoʻnalishi ekanligini tan oladi. Har ikki tomon global energiya bozorlarini barqarorlashtirishning ahamiyatini eʼtirof etdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Saudiya Arabistonining jahon neft bozori barqarorligini qoʻllab-quvvatlashdagi rolini olqishladi. Bu ham ishlab chiqaruvchi, ham isteʼmol qiluvchi mamlakatlar manfaatlariga xizmat qiladi hamda barqaror iqtisodiy oʻsishga erishishda muhim oʻrin tutadi.
Tashrif chogʻida vazirlar tomonidan imzolangan Energetika sohasida hamkorlik boʻyicha “Yoʻl xaritasi” Saudiya Arabistoni va Oʻzbekiston Respublikasining energetika sohasida hamkorlikdagi saʼy-harakatlarini belgilab beradi. U 2022-yil 17-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirollikka tashrifi chogʻida Jidda shahrida imzolangan hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni amalga oshirishga qaratilgan.
Shuningdek, uchrashuv davomida Ikki davlat vakillari elektr energetikasi va qayta tiklanadigan energetika sohasidagi hamkorlikni davom ettirish, bu borada tajriba almashish, Saudiya Arabistoni kompaniyalarining Oʻzbekistondagi joriy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash hamda ikki mamlakatda mavjud investitsiya imkoniyatlarini oʻrganishga kelishib oldilar.
2020-yildan buyon Oʻzbekistonda “yashil” energiyaga oʻtish davrida Qirollikning mamlakat energetika sohasiga kiritgan sarmoyalari sezilarli darajada oʻsdi. Shunday qilib, Qirollik hozirgi vaqtda Oʻzbekiston energetika sohasidagi eng yirik sarmoyador hisoblanadi.
Bundan tashqari, ikkala tomon ham mavjud hamkorlikni mustahkamlashga va Oʻzbekistonning neft hamda uni qayta ishlashdan olinadigan mahsulotlar, neft-kimyo va qishloq xoʻjaligi oʻgʻit mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish, shuningdek, mazkur sohalarda texnik tajriba almashishga intilmoqda.
Ikki davlat neft, gaz, elektr energiya ishlab chiqarish, qayta tiklanadigan energiya manbalari, toza vodorod hamda uglerod tayyorlash texnologiyalari kabi turli sohalarni qamrab olgan barqaror energiya taʼminoti zanjirini yaratish uchun hamkorlikda ishlaydi.
Ushbu hamkorlik mahalliy kompaniyalarga eksport imkoniyatlarini oʻrganish, qoʻshma loyihalarda ishtirok etish va yangi energiya manbalariga oʻtish uchun zarur boʻlgan muhim komponentlarni taʼminlash imkonini beradi.
Bundan tashqari, ikki davlat Davomiy carbon iqtisodiyoti (CCE) asoslari hamda Uglerodni olish, foydalanish va saqlash (CCUS) yoʻnalishi boʻyicha tajriba hamda koʻnikmalar almashishga kelishib oldilar.
Shuningdek, “yashil” energiya va toza vodorodning qiymat zanjiri, jumladan, ishlab chiqarish, tashish, saqlash hamda texnologiyani rivojlantirish bilan bogʻliq imkoniyatlarni aniqlash boʻyicha hamkorlikni kengaytirish maqsad qilindi.
Tomonlar inson kapitalini rivojlantirish, ayniqsa, texnik mutaxassislar hamda muhandislar tayyorlash, ilmiy tadqiqot va taʼlim sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldilar.