Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasining tashabbusi bilan barpo etilgan Zamonaviy sanʼat markazi Oʻzbekistonda koʻrgazma, taʼlim, badiiy tadqiqot hamda maʼrifiy yoʻnalishlarni bir nuqtada jamlagan birinchi yirik davlat muassasasi sifatida boʻy koʻrsatyapti.

Rekonstruksiyadan soʻng qayta ochiladigan markaz binosi bir asrdan koʻproq vaqt oldin, 1912-yilda qurilgan. Dastlab bu yerda shaharning birinchi tramvay tarmogʻini elektr energiyasi bilan taʼminlaydigan Toshkentning dizel elektr stansiyasi joylashgan. Oʻzining bir qator mashhur ishlari, jumladan Romanov qarorgohi, Gʻaznachilik binosi va boshqa ishlari bilan taniqli boʻlgan Vilgelm Xayntselman tomonidan loyihalashtirilgan.

2019-yilda bino Toshkentdagi Zamonaviy sanʼat markaziga topshirildi. Rekonstruksiya ishlari 2022-yil oxirida boshlandi, loyihaga koʻplab mukofotlarga sazovor boʻlgan Fransiyaning “Studio KO” meʼmorchilik byurosi rahbarlik qildi. Yangilash jarayonida obyektning tarixiy qiyofasi va sanoat meʼmorchiligiga xos xususiyatlari saqlab qolindi, zamonaviy madaniy maskan talablariga moslashtirildi.

Majmua ichki tuzilishi va imkoniyatlari jihatidan har tomonlama puxta oʻylangan. Bu yerda keng koʻrgazma zallari, maʼruza va ochiq muloqotlar uchun moʻljallangan maydonlar, sanʼat hamda vizual madaniyatga ixtisoslashgan boy kutubxona hamda arxiv faoliyat yuritadi. Shuningdek, loyiha doirasida art-rezidensiyalar, ijodiy ustaxonalar, kinonamoyishlar, turli performanslar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

— Agar bu joy eksponatlar namoyish etiladigan sokin muzeylardan biriga aylantirilganda, markazning oʻziga xosligi boʻlarmidi? Albatta, yoʻq, — deydi Toshkent Zamonaviy sanʼat markazi badiiy rahbari doktor Sara Raza. — Markazning doimiy faoliyat yuritadigan ijodiy va kasbiy muhitga aylanishi alohida ahamiyatga ega. Bu yerda yosh ijodkorlar oʻz loyihalarini taqdim etadi, tadqiqotchilar manbalar va arxiv materiallari bilan ishlaydi, keng jamoatchilik esa taʼlim dasturlari, madaniy-maʼrifiy tadbirlar va ijodiy hamjamiyat bilan bevosita muloqot orqali zamonaviy sanʼat bilan yaqindan tanishadi. Markaz milliy madaniyatimiz va jahon vizual tili oʻrtasidagi uzilishlarni bartaraf etuvchi muhim intellektual koʻprikka aylanishiga ishonaman. Zamonaviy sanʼat tayyor javoblarni bermaydi, u tomoshabinni mushohada qilishga, betoʻxtov savol berishga, shaxsiy ichki makonini qayta kashf etishga undaydi.

Majmua oʻz faoliyatini Hikmah (“Hikmat”) nomli ilk xalqaro koʻrgazma bilan boshlaydi. Koʻrgazma bilim, maʼnaviy meros va madaniy xotira mavzulariga, shuningdek, tarixiy anʼanalar bilan zamonaviy sanʼat oʻrtasidagi bogʻliqlikka bagʻishlangan. Koʻrgazma ekspozitsiyasidan taniqli rassomlarning 11 ta asari, jumladan, loyiha uchun maxsus yaratilgan ishlar oʻrin oladi. Oʻzbekistonda ilk bor Nyu-Yorkdagi Solomon R. Guggenxaym muzeyi toʻplamidagi installyatsiya namoyish etilishi alohida eʼtiborga molik.

Markaz xorijdagi yetakchi madaniy muassasalar bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda. Ular qatorida AQSHning Guggenxaym muzeyi va Osiyo sanʼati milliy muzeyi, Buyuk Britaniyaning “Tate” va “Delfina Foundation” tashkilotlari, Fransiyaning Pompidu markazi hamda Koreya Sanʼat kengashi bor.

Ushbu xalqaro aloqalar madaniy diplomatiyani mustahkamlash, poytaxtning zamonaviy qiyofasini shakllantirish hamda Yangi Oʻzbekistonni boy merosga ega, shu bilan birga, zamonaviy gʻoyalar, ijodiy izlanishlar va xalqaro muloqotga ochiq mamlakat sifatida yanada keng namoyon etishga xizmat qiladi. Zamonaviy sanʼat markazi, shubhasiz, mahalliy isteʼdod egalarining imkoniyatlarini roʻyobga chiqaruvchi va kreativ iqtisodiyotni rivojlantiruvchi asosiy vositalardan biriga aylanadi.

Azizbek YUSUPOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Hakim Tohir olgan suratlar