“Chust oshi” asosan ochiq havoda, baland olovda, alyumin qozonlarda tayyorlanadi. Taomning o‘ziga xos to‘q oltin-jigarrang rangi sun’iy bo‘yoqlarsiz, suyakli go‘sht va piyozning baland olovda qovurilishi natijasida hosil bo‘ladi.
Hududning o‘ziga xos mikroiqlimi, shuvoq va kiyiko‘t bilan boqilgan qora qo‘chqor go‘shti hamda Gavasoy va Kosonsoy havzalarining tabiiy yumshoq buloq suvi “Chust oshi”ning betakror ta’mi va sifatini ta’minlaydi.
“Chust oshi”ga geografik ko‘rsatkich maqomining berilishi uning nomi va an’anaviy tayyorlash texnologiyasini huquqiy jihatdan himoya qiladi.
Shu bilan birga, mazkur maqom mahsulot sifatining oziq-ovqat mahsulotlari uchun belgilangan davlat me’yorlariga muvofiqligini kafolatlaydi hamda hududning gastronomik brendini xalqaro miqyosda targ‘ib etish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Bugungi kunda “Chust oshi” gastronomik turizmni rivojlantirish, mahalliy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va o‘zbek milliy madaniyatini dunyoga tanitishda muhim o‘rin tutmoqda.
Ma’lumot uchun: Geografik ko‘rsatkich — mahsulotning ma’lum bir hududga mansubligini, uning sifati, o‘ziga xos xususiyatlari yoki obro‘-e’tibori aynan shu hududning tabiiy-iqlimiy hamda ijtimoiy-madaniy omillariga bog‘liqligini tasdiqlovchi intellektual mulk obyektidir.