Shu bilan birga, inson huquqlarini himoya qilishga oid masalalarda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlari sohasiga oid 80 dan ziyod xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilgan yoki ularga qo‘shilgan. Ular qatorida Birlashgan Millatlar Tashkilotining 6 ta asosiy xalqaro shartnomasi hamda 4 ta fakultativ protokoli mavjud. Mazkur xalqaro hujjatlar doirasidagi majburiyatlarning bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston tomonidan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi hamda tegishli shartnomaviy qo‘mitalarga muntazam ravishda milliy hisobot va ma’ruzalar taqdim etib kelinmoqda.
Shuningdek, milliy qonunchilikni inson huquqlarini ta’minlashga oid xalqaro-huquqiy normalar va standartlarga muvofiqlashtirish, ularni amaliyotga samarali tatbiq etish bo‘yicha izchil huquqiy va tashkiliy choralar ko‘rilmoqda.
Ma’lumki, har bir shaxsning malakali yuridik yordamdan foydalanishini ta’minlanishi inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarning amaliyotga joriy etilishida muhim ahamiyatga ega. Jumladan, “Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro paktning 13-moddasida, har kim o‘zining o‘zi yoki tanlab olingan himoyachi vositasida himoya qilinishi, agar himoyachiga ega bo‘lmasa, unga ega bo‘lish huquqi haqida xabardor qilinishi, odil sud manfaatlari talab etgan har qanday holda o‘ziga tayinlangan himoyachiga ega bo‘lish, unga to‘lash uchun yetarli mablag‘i bo‘lmagan barcha hollarda o‘ziga himoyachining tekinga berilishi huquqiga egadir.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi
29-moddasida har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanishi, qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan ko‘rsatilishi kafolatlangan. Shuningdek, har bir shaxs jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan eʼtiboran oʻz tanloviga koʻra advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega.
Shuningdek, Asosiy qonunimizning XXIV bobi “Advokatura” deb nomlanib, uning 141-moddasiga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam koʻrsatish uchun advokatura faoliyat koʻrsatadi. Advokatura faoliyati qonuniylik, mustaqillik va oʻzini oʻzi boshqarish prinsiplariga asoslanadi.
Bundan shunday xulosa qilishimiz mumkinki, malakali yuridik yordam olish har bir shaxsning nafaqat Konstitutsiyada, balki xalqaro hujjatlarda belgilangan huquqi hisoblanib, mazkur huquqni amalga oshirishda advokatlar muhim o‘rinni egallaydi. Shu sababli, ko‘plab mamlakatlar o‘z qonunchiligida advokatlar uchun kasbiy malakasini uzluksiz oshirib borish majburiyatini yuklagan. Xususan, Yevropa Ittifoqiga a’zo bir qator mamlakatlar, MDH davlatlari, AQSh, Buyuk Britaniya va boshqalarda advokatlar uchun uzluksiz kasbiy rivojlanish dasturlari joriy etilgan. Shu jumladan, mamlakatimizda ham mazkur tartib mavjud bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonunida advokat oʻz bilimlarini doimiy ravishda takomillashtirib borishi, Advokatlar palatasi tomonidan belgilangan tartibda uch yilda kamida bir marta kasbiy malakasini oshirishi shart ekanligi belgilangan.
Ta’kidlash joizki, hozirda advokatlar malakasini oshirish Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida amalga oshirib kelinmoqda. Buni albatta ijobiy baholashimiz mumkin, sababi mazkur institut an’anaviy shakldagi o‘quv mashg‘ulotlari uchun bino, auditoriyalar, shuningdek sud majlisi xonalari, co-working zonalariga ega bo‘lib, ularda interaktiv mashg‘ulotlar, case study va sud imitatsiyasi uchun imkoniyat beruvchi jihozlar mavjud. Shuningdek, institut masofaviy hamda sayyor dars mashg‘ulotlari olib borish uchun kerakli barcha imkoniyatlarga hamda zaruriy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, kutubxona va axborot resurs markazi, kadrlar va texnik xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislar hamda faoliyatni doimiy qo‘llab-quvvatlash uchun barqaror moliyalashtirish manbalari ega.
Shuni ham aytib o‘tish joizki, rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rganadigan bo‘lsak, advokatlar uchun ko‘plab malaka oshirish dasturlarini tor ixtisosliklarda joriy etish davr talabidir. Buning uchun, mazkur yo‘nalishda advokatlar o‘zini o‘zi boshqarish organlari imkoniyatlarini oshirish, turli oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik qilish hamda malaka oshirish shakllarini kengaytirish muhim ahamiyatga ega.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlangan bo‘lib, bu huquqni amalga oshirishda advokatlarning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish har qachongidan ham dolzarb hisoblanadi.
Malika To‘ychiyeva,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Sud hokimiyati, advokatura va huquqni muhofaza qiluvchi organlar sho‘basi o‘qituvchisi