Ulug‘ bobokalonimiz, so‘z mulkining sohir sultoni Alisher Navoiy bu azaliy haqiqatni betakror bir tarzda bunday ifodalagan edi:
Insonni so‘z ayladi judo hayvondin,
Bilki, guhari sharifroq yo‘q ondin.
Tabiiyki, insoniyat dahosi erishgan buyuk va mo‘jizakor yutuqlardan yana biri esa yozuvdir. Yozuv kashf qilinishi insoniyat madaniy taraqqiyotining tom ma’nodagi ibtidosi, kishilik jamiyatining uzoq va murakkab tadrijiy takomili jarayonidagi tengsiz, qudratli vositalarning eng asosiylaridan biri. Yozuvning umumbashariy madaniyat shakllanishidagi bu qadar ulkan ahamiyatini butun to‘laligicha tasavvur qilish, bundan behad hayratlanish natijasida hatto ba’zi olimlar “Yozuv tildan ilgari paydo bo‘lgan” degan nazariy jihatdan yanglish qarashlarni ham bayon qilgan, ammo tilning yozuvga qaraganda ancha “keksa”ligi shubhasizdir. Albatta, og‘zaki tilning zamon va makon-masofa nuqtayi nazaridan cheklangani va shu cheklanganlikni bartaraf etish zarurati tabiiy ravishda yozuv kelib chiqishiga sabab bo‘lgan.
Shubhasizki, aynan yozuv tufayli kishilik jamiyati yaratgan ulkan bilimlar, boy tajribalar, inson zakosi mahsuli bo‘lgan nodir kashfiyotlar, insoniyatning olis, lekin oydin badiiy tafakkuri oynasi bo‘lmish so‘z san’ati durdonalari, jamiyatlar tarixining nurli va nursiz sahifalari hamda shu kabi qimmatli axborotlarning barcha-barchasi avlodlardan avlodlarga, xalqlardan xalqlarga, qit’alardan qit’alarga bevosita yetib boradi. Boy va ulkan o‘tmish madaniyatimiz, tuganmas tariximiz haqidagi bugungi ustuvor tasavvurlarimizning mavjudligi, tirikligi faqat va faqat yozuv tufaylidir. Umuman, yozuvning beqiyos ahamiyati, kishilik aloqasidagi o‘rnining naqadar katta ekani bugungi haqiqatdir.
Ona yurtimiz O‘zbekiston hududida qadimdan o‘rxun, uyg‘ur, arab kabi turli yozuvlardan foydalanib kelingan. O‘tgan asr boshlariga kelib, mazkur alifbolarning o‘zbek tili tovush qurilishini yetarli ifodalay olmayotgani anglab yetilgach, 1929-yildan lotin yozuvi asosidagi alifboga o‘tilgan, tegishli siyosat tazyiqi bilan 1940-yildan kirill alifbosi joriy qilingan.
Aslida, 1926-yili Bokuda bo‘lib o‘tgan turkiyshunoslar qurultoyida sho‘rolar mamlakati tarkibidagi turkiy xalqlarning lotin alifbosiga o‘tishiga qaror qilingan edi. Bu davrda tiniq milliy tafakkur egalari bo‘lgan juda ko‘plab ziyolilarimiz, xususan, jadidlar o‘zbek tilining muntazam kamoli uchun lotin yozuviga o‘tish nurli istiqbol ekani haqida qayta-qayta gapirgan. Lotin yozuvi asosidagi alifboga o‘tish uchun harakatning obyektiv sabablari bor edi. Xususan, bu yozuvni turli tillarning tovush xususiyatlarini aks ettirishga moslashtirish imkoniyatlari kattaligi muhim edi. Xalqaro fonetik uyushma (IPA) alifbosi ham shu yozuv asosida bo‘lib, dunyo tilshunoslari xilma-xil tillarning tovush qurilishini tavsiflashda ayni uni qo‘llaydi. Hozirgi kunda Yer yuzi aholisining juda katta qismi lotin yozuvi asosida shakllangan alifboni qo‘llaydi. Bu yozuvdan Amerikaning barcha, Yevropa, Avstraliya, Afrikaning aksar, shuningdek, Osiyoning ayrim mamlakatlari (Turkiya, Indoneziya, Vetnam, qisman Filippin) foydalanadi, bu jahon aholisining 30 foizini tashkil etadi. Slavyan-kirill yozuvidan jahon aholisining 10 foizi, arab yozuvidan 10 foizi, hind yozuvidan 20 foizi foydalanadi. Qolgan 30 foiz aholi esa boshqa turli yozuv tizimlarini istifoda qiladi.
Turli mamlakatlarda lotin alifbosiga o‘tish g‘oyasiga anchayin xayrixohlik bilan qaralgan. Xitoy ziyolilarining katta qismi lotinlashtirilgan alifbo tarafdorlari bo‘lgan. Xitoyning o‘tgan asrning 20-30-yillaridagi atoqli davlat va jamoat arbobi Say Yuanpey oliy lavozimlarda turib, lotin yozuviga o‘tish g‘oyasini ilgari surgan. Xalq vakillari Umumxitoy majlisi xitoy tilining lotinlashtirilgan alifbosini tasdiqlagan. Ammo turli ehtirosli mulohazalar bu ishni to‘laligicha amalga oshirishga imkon bermagan. Xitoyda hozirga qadar lotinlashtirilgan bu yozuvdan faqat yordamchi vosita sifatida foydalaniladi. Yoki Sharqning yuksak madaniyat markazlaridan biri — Yaponiyada ham lotin yozuvi o‘ziga xos o‘ringa ega, yapon yozuvi bilan bir qatorda yordamchi vosita sifatida lotin yozuvi ham qo‘llaniladi. 1885-yilda tuzilgan “Romadzikay” jamiyati (yapon tilini lotin — “roma” yozuviga o‘tkazish jamiyati) hozirga qadar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bu jamiyatning 3 ta hajman ixcham jurnal va xabarnomasi nashr qilinadi (“Lotincha Yaponiya”, “Lotin yozuvi olami” va “Lotin yozuvi tayanchi”).
Lotinlashtirishga bu kabi amalga oshmay qolgan harakatlar sobiq sho‘rolar yurtida ham bo‘y ko‘rsatgan. Xususan, o‘tgan asrning 30-yillarida kirill alifbosini lotin alifbosiga almashtirish bo‘yicha, buning foydalari haqida davlat arbobi A.V.Lunacharskiyning maqolalari e’lon qilingan, ammo keskin qarorlar tufayli bu harakatlar to‘xtatilgan.
O‘zbek tili 1989-yil 21-oktabrda davlat tili maqomi bilan qovushgach, uni rivojiga bog‘liq tadbirlar belgilandi. Ular orasida yangi alifboni joriy qilish masalasi favqulodda muhimlaridan biri edi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 1993-yil 2-sentabrda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. Uning muqaddimasida bunday deyilgan: “Ushbu qonun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga asoslanib va o‘zbek yozuvining lotin alifbosiga o‘tilgan 1929-1940-yillardagi ijobiy tajribasidan kelib chiqib, keng jamoatchilik vakillari bildirgan istak-xohishlarni inobatga olgan holda respublikaning har tomonlama kamol topishini va jahon kommunikatsiya tizimiga kirishini jadallashtiruvchi qulay sharoit yaratishga xizmat qiladi”.
Mazkur qonunga ko‘ra qabul qilingan o‘zbek alifbosida ayrim harflar ost va ust belgilar yordamida yasalgan bo‘lib, zamonaviy texnika vositalarida bo‘lmagani uchun ulardan qo‘shimcha sarf-xarajatlarsiz foydalanish imkoni yo‘q edi. Shuning uchun ustiga, ostiga turli ishoralar qo‘¬yilgan harflardan voz kechish maqsadga muvofiq deb topildi. Ana shu mulohazalarni inobatga olgan holda 1995-yil 6-mayda “O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi. O‘zgartirishlar kiritilgandan keyin yangi o‘zbek alifbosi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasidan tarkib topdi.
Shundan buyon o‘ttiz yildan ko‘proq vaqt o‘tdi, bu davr ichida undagi ayrim notamomliklar sezilib bordi. Juda ko‘p mulohazalar yuzaga keldi, muhokamalar bo‘ldi. So‘nggi yillarda o‘zbek tilini rivojlantirishga, davlat tili sifatida nufuzini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda va xalqaro maydonda o‘zbek tili faol qo‘llanmoqda. Xorijiy mamlakatlarda o‘zbek tiliga e’tibor va uni o‘rganishga qiziqish kuchaymoqda. Shunday sharoitda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini va imlo qoidalarini yanada takomillashtirish hayotiy zaruratga aylandi. Shuning uchun davlatimiz rahbari bu masalaning haqqoniy yechimiga erishishning favqulodda muhimligiga muntazam e’tiborni qaratib keldi. O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili -sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish ¬chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlarida “lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini, imlo qoidalarini yanada takomillashtirish va yangi yozuvga to‘liq o‘tishni ta’minlash” vazifasi qo‘yilgan.
Yangi O‘zbekistonni yaratish strategiyasiga muvofiq, mamlakatimizda o‘zbek-lotin alifbosini takomillashtirish bo‘yicha Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida respublikamizning ilg‘or ziyolilari va olimlar ishtirokida yig‘ilishlar, muhokamalar, seminarlar o‘tkazildi, fikrlari eshitildi. Ushbu muhokamalarda Oliy Majlis deputatlari, umumta’lim maktablari o‘qituvchilari, nashriyot xodimlari, axborot texnologiyalari mutaxassislari, blogerlar, umuman, keng jamoatchilik faol ishtirok etdi.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida, ijtimoiy tarmoqlarda yurtimizning ilg‘or ziyolilari va olimlari ishtirokida o‘tkazilgan muhokamalarda jamoatchilik fik¬ri o‘rganildi, 4 ta harfni qo‘llashda muammo borligi aytildi, jamoatchilik shu 4 harfni o‘zgartirishda yakdil fikr bildirdi. Harf-tovush tamoyiliga asoslangan yozuv tizimida, bunday tizimdagi alifbo hatto ideal hisoblanadi, bir harf faqat muayyan tovushni ifodalashi, bir tovush faqat muayyan harf bilan ifodalanishi lozim. Albatta, amaldagi alifboda ayni tamoyil buzilgan, shu holat savodxonlik masalasida ham mushkulotlarga yo‘l ochmoqda, alifbomizning rasoligiga putur yetkazmoqda. Ilmiy muhokamalarda 1995 yilda qabul qilingan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi ayrim harflarga xos bo‘lgan murakkablik va noqulayliklar ilmiy-amaliy jihatdan asoslab berildi. Jumladan, birgina O' (o‘) va G‘ (g‘) harflarini yozish uchun kompyuterda 6 ta amalni bajarish talab etilmoqda. Amaliyotda, masalan, O' harfining 10 dan ziyod shakllari (O‘, O‘, O‘, O‘, O´, O‘, Ö, Õ, Ō, Ó, Ò, Ǒ, Ô) ishlatilmoqda. Zamonaviy axborot texnologiyalari bu harflar qatnashgan so‘zlarni yaxlit so‘z sifatida qabul qilmayapti. Natijada turli dasturlar va lug‘atlar yaratishda, umuman, o‘zbek tilini raqamlashtirishda jiddiy muammolar yuzaga kelmoqda. Shuningdek, Ch (ch) va Sh (sh) harflari o‘zbek tilida faol tovushlarni ifodalash uchun tanlangan, ingliz tiliga nisbatan ona tilimizda 3-5 baravar ko‘p uchraydi. Shoshilinch, xushchaqchaq, achchiqtosh kabi so‘zlarda ketma-ket keladigan Ch, Sh harflarini yozish va o‘qishda qiyinchiliklar tug‘ilmoqda. Qo‘shharflilik muammosi imlo qoidalarida ham ayrim chalkashliklarga sabab bo‘lmoqda. Masalan, Is'hoq (Is'hoq), As'hobiddin (As'hobiddin), as'hob (as'hob) kabi so‘zlarni “Ishoq”, “Ashobiddin”, “ashob” tarzida noto‘g‘ri yozish va o‘qish holatlari kuzatilayotir. “Imlo qoidalari”ga ko‘ra esa mazkur so‘zlardagi s va h harflari orasiga tutuq belgisi (') qo‘yilishi lozim. Yoki Mo‘tabar, mo‘tadil, mo‘jaz, mo‘jiza kabi so‘zlarni tutuq belgisisiz yozishdek istisnolar yuzaga keldi. Bunday holatlar aholining savodxonlik darajasiga ham salbiy ta’sir qilmoqda. Shuning uchun 2016-yildan buyon davom etayotgan muhokamalar jarayonida aksariyat mutaxassislar alifbodagi qo‘sh belgili harflarni yaxlit shaklga keltirish (o‘ — ö, g‘ — ğ, sh — ş, ch — ç) bilan cheklanish lozim degan xulosaga kelgan.
Ana shunday, ya’ni asosan, to‘rtta harfni o‘zgartirishni o‘z ichiga olgan va 28 ta harf hamda tutuq belgisidan iborat yangi alifbomiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullanib, Senatga taqdim qilinishi va Senatning yalpi majlisida ma’qullangani tilimiz va yozuvimizning rivoji yo‘lidagi yana bir muhim voqea bo‘ldi. Zotan, bu islohot alifbomiz takomilining tabiiy taqozosidan boshqa narsa emas, u tilimizning rost va raso taraqqiyoti yo‘llari yanada ravon bo‘lishi uchun xizmat qiladi. Endi amaliyotda turli muammolarga sabab bo‘layotgan apostrofli O‘ va G‘ harflari diakritik belgili Ö va Ğ shaklini oladi. Harf birikmasi shaklidagi Sh va Ch o‘rnini diakritik belgili Ş va Ç egallaydi.
Yangi tahrirdagi alifboga o‘tish jarayonida fuqarolar va tashkilotlar huquq va manfaatlarini inobatga olish maqsadida yangi qonun kuchga kirgunga qadar amaldagi alifbo asosida rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlarning muomalada bo‘lishiga to‘sqinlik qilinmasligi belgilangan. Davlat organlari va tashkilotlarining ayrim ramziy belgilari, peshlavha va ko‘rsatkichlardan esa ular yaroqsiz holatga kelguniga qadar yoki belgilangan muddatgacha foydalanishga ruxsat beriladi.
Shubhasiz, mazkur qonunning qabul qilinishi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va imlo qoidalarini takomillashtirish, davlat tilidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, o‘zbek tilini raqamlashtirish jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Tabiiyki, ko‘pdan buyon kutilgan mazkur qonun ijrosini ta’minlash maqsadida qator tashkiliy-tadbiriy amallar talab etiladi. Bu boradagi ishlarning ayrimlari haqida, xususan, maktab darsliklari nashrlari to‘g‘risida maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari A.Turdiyev Senat majlisida quyidagilarni ma’lum qildi: yangi darsliklarga dastlab birinchi sinf o‘quvchilari o‘tadi, barcha sinflarda esa ushbu jarayonni 2031-yilgacha yakunlash rejalashtirilgan. Hozirgi vaqtda 1-sinf darsliklari har yili,
2-4-sinflar uchun uch yilda bir marta, 5-11-sinflar uchun esa besh yilda bir marta qayta nashr etilmoqda, shu bois, maktab darsliklarini 2027-2031-yillar davomida to‘liq yangilash rejalashtirilgan. Bunday tartib darsliklarni qayta nashr etish uchun qo‘shimcha xarajatlarni talab qilmaydi, chunki ularning yangilanishi belgilangan tartib va muddatda amalga oshiriladi. Shu bilan birga, vazirlik o‘qituvchi va o‘quvchilarni yangi alifboga moslashtirish uchun zarur chora-tadbirlarni tayyorlamoqda. Pedagoglarni yangi yozuv tizimidan foydalanishga tayyorlash maqsadida ular uchun o‘quv seminarlari va tushuntirishlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tilshunoslari yangi imlo qoidalarini yaratish borasida jadal ishlamoqda.
Muhtaram ona tilimizning muntazam taraqqiyotiga musallam alifbomiz takomili davrimizning tabiiy taqozosidir.
Nizomiddin MAHMUDOV,
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili,
adabiyoti va folklori instituti yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari doktori, professor