“Andijon suv ta’minoti” AJning viloyat tumanlaridan biridagi filiali boshlig‘i o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, mansabdor tanishlari orqali 1983 y.t. fuqaroning yangi qurilgan xonadoniga oqava suv tarmog‘i tortish uchun ruxsat olish va kanalizatsiya nasosi o‘rnatishda yordam berish evaziga 8,5 ming AQSh dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu mansabdor so‘ralgan pul mablag‘ini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi. 

Qashqadaryo viloyati OITSga qarshi kurashish markazining tumanlardan biridagi OIV diagnostika laboratoriyasi laboranti 1996 y.t. fuqaroga nisbatan tayinlangan ekspertiza xulosasini mansabdor tanishlari orqali uning foydasiga ijobiy hal qilib berish evaziga 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, laborantdan 2,5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining tuman bo‘limi boshlig‘i ham qo‘lga olindi.