Bugungi marosimda ishtirok etayotgan xalqaro tashkilotlar rahbarlari, xorijiy davlatlarning elchilari, turkiy dunyoning atoqli madaniyat, adabiyot va sanʼat namoyandalarini qizgʻin qutlab, barchangizga yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Fursatdan foydalanib, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY rahbariyati va Tashkilotga aʼzo davlatlarga Andijon shahrini “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb eʼlon qilganliklari uchun chuqur minnatdorlik bildiraman.
Hech shubhasiz, Andijon shahrining bunday yuksak sharafga munosib koʻrilganini Oʻzbekistonning boy tarixi, madaniy-maʼnaviy merosi, yurtimizning turkiy madaniyat rivojiga qoʻshgan bebaho hissasi, mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning xalqaro miqyosdagi yana bir eʼtirofi sifatida qabul qilamiz.
Aziz doʻstlar!
Vatanimizning sharqiy darvozasi boʻlmish Andijon asrlar davomida madaniyat, adabiyot, sanʼat va hunarmandlik sohalaridagi markazlardan biri boʻlib kelgan. Bu tabarruk zamindan ulugʻ sarkarda va davlat arboblari, benazir allomalar, shoir va adiblar, mahoratli sanʼatkorlar yetishib chiqqanini butun turkiy olam doimo minnatdorlik bilan eʼtirof etadi.
Bu haqda gapirganda, ushbu dilbar diyorning faxr-u iftixori boʻlgan Bobur Mirzoning ulkan ilmiy va adabiy merosi, harbiy sanʼati, mumtoz shoirimiz Abdulhamid Choʻlponning ozodlik va erkinlik qadri yuksak pardalarda tarannum etilgan oʻlmas asarlarining oʻzi koʻp narsadan dalolat berishini taʼkidlash zarur. Milliy raqs sanʼatimizning yorqin namunasi boʻlmish “Andijon polkasi”, odamlarimizning begʻubor qalbi va zakovatini oʻzida mujassam etgan askiya sanʼati nafaqat bizning, balki butun sanʼatsevar xalqlarning umumiy madaniy mulkiga aylangan, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Bu kabi bebaho qadriyat va sanʼat durdonalarini asrab-avaylash va boyitish, ulardan yosh avlodimiz va jahon madaniy jamoatchiligini keng bahramand etish borasida TURKSOY bilan yaqin hamkorlikni yuksak qadrlaymiz. Bu borada eng sara adabiy asarlarni oʻz ichiga olgan 100 jildlik “Turkiy adabiyot durdonalari” toʻplami nashr etilib, oʻquvchilar qoʻliga yetib borgani, mamlakatlarimizda birgalikda koʻplab ilmiy anjuman va konferensiyalar, turli madaniy tadbir va taqdimotlar oʻtkazilayotgani, shu yilning aprel oyida Islom sivilizatsiyasi markazida TURKSOY ofisi ochilganini alohida taʼkidlash lozim.
Oʻzbekistonlik sanʼat va madaniyat namoyandalari bugungi kunda xalqaro sahnalarda, xususan, TURKSOY tomonidan oʻtkazilayotgan nufuzli anjumanlar, festival va tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Xususan, joriy yilning fevral oyida bolalar raqs va sozandalik jamoalarimiz xalqaro festivalda Gran-prini qoʻlga kiritgani barchamizni mamnun qildi.
Bularning barchasi xalqlarimizning teran ildizga ega qardoshlik rishtalari bugun ham tobora mustahkamlanib borayotganini yaqqol namoyon etadi.
Qadrli anjuman ishtirokchilari!
“Andijon – Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” loyihasi doirasida bir yil davomida mamlakatimiz va qardosh yurtlarda oʻtkaziladigan festival va ilmiy anjumanlar, badiiy kecha va ijodiy uchrashuvlar madaniy hayotimizda chuqur iz qoldiradigan, doʻstlik va hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamlaydigan, yosh avlod uchun keng imkoniyatlar ochadigan unutilmas voqea boʻlib qoladi deb ishonaman.
Sizlarni yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, kelgusi faoliyatingizga ulkan zafarlar tilayman.
Oʻzbekiston durdonasi, oltin vodiy gavhari – soʻlim va fayzli Andijon shahriga xush kelibsiz, azizlar!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti