Mazkur musobaqa viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari rektorlari tashabbusi bilan tashkil etildi.
Taʼkidlanishicha, musobaqalar Prezident raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida oʻtkazilmoqda. Umumiy sovrin jamgʻarmasi 100 million soʻmni tashkil etadi.
Tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Tadbirda ishtirok etgan viloyat hokimi hamda oliy taʼlim muassasalari rahbarlari musobaqaning yoshlar hayotidagi ahamiyati, sportni ommalashtirishdagi oʻrni va kutilgan natijalar haqida fikr bildirdi.
Shundan soʻng OTM rektorlari va yoshlar yetakchilari ishtirokida mini futbol uchrashuvi oʻtkazilib, turnirning voleybol, futbol va 3x3 basketbol bahslariga rasman start berildi.
Musobaqalar har haftaning chorshanba kuni oliygohlarning sport inshootlarida tashkil etilishi belgilangan. Liga yoshlar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, jismoniy faollikni oshirish va sport madaniyatini rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.