Ammo aynan shu faslda ko‘pchilikda holsizlik, tez charchash, uyquchanlik, ishtahaning o‘zgarishi va immunitet pasayishi kabi holatlar kuzatiladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu organizmning tashqi muhit o‘zgarishlariga moslashish jarayoni bilan bog‘liq. Shu munosabat bilan biz Salomatlik va strategik rivojlanish instituti yetakchi ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari doktori, professor Xayrullo Mustafoyev bilan bahor faslida organizmni asrash, immunitetni mustahkamlash va sog‘lom turmush tarzi haqida suhbatlashdik. Bahor fasli inson salomatligiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Bahor fasli organizm uchun eng mas’uliyatli davrlardan biri hisoblanadi. Chunki inson tanasi qish davomida ma’lum darajada “sekin rejim”da ishlaydi. Havoning sovuqligi, quyosh nurlarining kamligi va jismoniy faollikning pasayishi sabab organizmda moddalar almashinuvi sekinlashadi. Bahor kelishi bilan esa havo harorati tez-tez o‘zgaradi, atmosfera bosimi va namlik almashadi. Bu holat organizmga qo‘shimcha yuklama beradi. Ayniqsa, yurak-qon tomir tizimi, nafas olish a’zolari va asab tizimi bunday o‘zgarishlarga sezgir bo‘ladi. Ko‘pchilikda bahor faslida tez charchash, kayfiyat tushishi, bosh og‘rig‘i yoki ish qobiliyati pasayishi kuzatilishi ham aynan shu bilan bog‘liq. Nega bahorda immunitet pasayishi ko‘proq kuzatiladi? Buning asosiy sababi qish mavsumida organizmda vitamin va mikroelementlar zaxirasi kamayib ketishidir. Qishda odamlar asosan og‘ir va bir xil taomlar iste’mol qiladi, yangi sabzavot va mevalar kamroq bo‘ladi. Bu esa organizmda vitamin tanqisligini keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, turmush tarzi davomida kamharakat bo‘lish, toza havoda kam yurish, stress va charchoq, quyosh nurlarining yetishmasligi ham immunitetga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, D vitamini yetishmovchiligi bahorda juda ko‘p uchraydi. Chunki bu vitamin asosan quyosh nurlari ta’sirida ishlab chiqariladi. Natijada organizm infeksiyalarga nisbatan himoyasizroq bo‘lib qoladi. Immunitetni tabiiy yo‘l bilan mustahkamlash uchun nimalarga e’tibor berish kerak? Avvalo, to‘g‘ri ovqatlanishga ahamiyat qaratish lozim. Ratsion yengil, ammo to‘yimli bo‘lishi kerak. Organizmga vitamin, mineral va oqsillar yetarli miqdorda kirib turishi juda muhim. Kundalik ratsionda, yangi sabzavot va ko‘katlar, turli mevalar, oqsilga boy mahsulotlar, sut va sut mahsulotlari, dukkaklilar yetarli bo‘lishi tavsiya etiladi. Shu bilan birga, organizmda suv muvozanatini saqlash ham muhim ahamiyatga ega. Ko‘pchilik qishdan keyin suv kam ichish odatini davom ettiradi. Aslida esa bahorda organizmni tozalash va moddalar almashinuvini yaxshilash uchun yetarli miqdorda suv ichish zarur. Bahorda qaysi mahsulotlar ayniqsa foydali hisoblanadi? Bahor faslida organizm uchun vitaminlarga boy mahsulotlar juda muhim. Masalan: ismaloq va ko‘katlar foliy kislota, temir va antioksidantlarga boy. Ular qon aylanishini yaxshilaydi va immunitetni kuchaytiradi. Sabzi beta-karotin manbai hisoblanadi. U organizmda A vitaminiga aylanib, ko‘rish qobiliyati va teri salomatligi uchun foyda beradi. Olma hazm tizimini yaxshilaydi, organizmni tozalashga yordam beradi va tabiiy antioksidant vazifasini bajaradi. Limon va sitrus mevalar S vitaminiga boy bo‘lib, shamollash va virusli kasalliklarga qarshi kurashishda yordam beradi. Shuningdek, yong‘oq, asal, quruq mevalar va tabiiy sharbatlar ham organizm uchun foydali hisoblanadi. Immunitet uchun qaysi vitaminlar muhim? Organizm himoya tizimining to‘g‘ri ishlashida bir nechta vitamin va mikroelementlar muhim o‘rin tutadi. Jumladan, S vitamini infeksiyalarga qarshi kurashishda yordam beradi; D vitamini immun tizimini faollashtiradi; Ye vitamini hujayralarni erkin radikallardan himoya qiladi; B guruh vitaminlari asab tizimi va energiya almashinuvi uchun muhim. Bu vitaminlarni dori shaklida emas, imkoni boricha tabiiy mahsulotlar orqali qabul qilish maqsadga muvofiq.

Jismoniy faollik immunitetga qanday ta’sir qiladi? Jismoniy faollik immunitetni kuchaytirishning eng samarali usullaridan biri. Kun davomida kamida 30–40 daqiqa sayr qilish, yengil mashqlar bajarish yoki sport bilan shug‘ullanish qon aylanishini yaxshilaydi. Toza havoda yurish nafaqat organizmni kislorod bilan ta’minlaydi, balki asab tizimini ham tinchlantiradi. Bu esa stressni kamaytirishga yordam beradi. Uyqu va ruhiy holatning immunitetga ta’siri qanday? Sifatli uyqu immunitet uchun juda muhim. Agar inson yetarli uxlamasa, organizmning tiklanish jarayoni buziladi. Bu esa immun tizimining zaiflashishiga olib keladi. Kattalar uchun kuniga o‘rtacha 7–8 soat uyqu tavsiya etiladi. Shuningdek, ruhiy xotirjamlik ham salomatlikka bevosita ta’sir qiladi. Doimiy stress va asabiylik immunitetni pasaytiradi. Shu sababli inson ko‘proq dam olishi, yoqimli mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishi va ijobiy kayfiyatni saqlashi kerak. Biologik faol qo‘shimchalar haqida qanday fikrdasiz? Bugungi kunda turli vitamin komplekslari va biologik faol qo‘shimchalar keng targ‘ib qilinmoqda. Ammo ularni nazoratsiz qabul qilish to‘g‘ri emas. Avvalo, organizmda qaysi vitamin yetishmayotganini aniqlash kerak. Shundan keyingina shifokor tavsiyasi asosida qo‘shimchalar qabul qilinishi mumkin. Tabiiy mahsulotlar esa har doim ustuvor hisoblanadi. Chunki ularda vitamin va minerallar tabiiy muvozanatda bo‘lib, organizm tomonidan oson o‘zlashtiriladi. Bahor inson organizmi uchun yangilanish va tiklanish faslidir. Bu davrda sog‘lom turmush tarziga amal qilish, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollikni oshirish va sifatli dam olish orqali immunitetni mustahkamlash mumkin. Salomatlikka bo‘lgan e’tibor nafaqat bugungi kun, balki kelajakdagi sifatli va bardavom hayotning ham muhim asosidir.

Zulxumor AKBAROVA