Tadbirlar orasida “Oʻzbekiston neft va gazi – OGU 2026” 28-xalqaro koʻrgazma va konferensiyasi, “Power Uzbekistan 2026” 19-xalqaro koʻrgazmasi hamda “Markaziy Osiyoning yashil va energiya tejovchi texnologiyalari – GETCA” 6-xalqaro energetika konferensiyasi oʻrin olgan.

Shuningdek, xalqaro hamkorlar ishtirokida G2B va B2B formatdagi muzokaralar ham boʻlib oʻtmoqda.

Haftalikning ochilish marosimida soʻzga chiqqan Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev soʻnggi yillarda Oʻzbekiston energetika sohasiga qariyb 35 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb qilinganini maʼlum qildi.

Uning taʼkidlashicha, mamlakatda 9 gigavatt yangi generatsiya quvvatlari ishga tushirilgan boʻlib, umumiy generatsiya quvvati 25,8 gigavattga yetgan. Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi esa 60 milliard kilovatt-soatdan 85 milliard kilovatt-soatgacha oshgan.

Qayd etilishicha, hozirda Oʻzbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari quvvati 5,5 gigavattdan oshgan. Gidroenergetika bilan birga toza energiyaning umumiy energetika balansdagi ulushi 30 foizga yetgan.

Shuningdek, aholi, ijtimoiy obyektlar va biznes subyektlari binolarida 2 gigavattdan ortiq quvvatga ega quyosh panellari oʻrnatilgani maʼlum qilindi.

Energetika haftaligi doirasida “Mintaqada barqaror energetika arxitekturasi uchun saʼy-harakatlarni birlashtirish” mavzusida yalpi majlis ham oʻtkazilmoqda.

Unda mintaqaviy energetik hamkorlik, energetika xavfsizligi, “yashil” iqtisodiyot, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va “aqlli” tarmoqlarni joriy etish masalalari muhokama qilinmoqda.

Tadbirda Oʻzbekiston Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov, Belarus Energetika vaziri Denis Moroz, Ozarbayjon va Qozogʻiston energetika vazirlari oʻrinbosarlari, SHHT Bosh kotibi oʻrinbosari hamda Gaz eksport qiluvchi davlatlar forumi Bosh kotibi ishtirok etmoqda.