Shu bilan birga, viloyatimizda ish oʻrinlariga talab yuqori, suv resurslaridan oqilona foydalanish masalasi dolzarb. Mahallalarda ijtimoiy muammolarni joyida hal qilish talab etiladi.
Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan keyingi 8 yilda chiqarilgan qariyb 1700 hujjat (farmon, qaror, farmoyish va bayon) doirasida Qashqadaryo viloyati boʻyicha 16 mingga yaqin topshiriq berilgan. “Ijro.gov.uz” tizimi orqali har bir topshiriq ijrosi nazoratga olingan.
Ushbu tizimning joriy etilishi topshiriqning ijrosini muddati tugamay, jarayonda taʼminlash, muammo boʻyicha amaliy yordam koʻrsatish imkonini berish barobarida aholi farovonligi va turmush darajasini oshirishga xizmat qilmoqda.
Oʻtgan yili 776 mahallada “mahalla yettiligi” aʼzolari 120,5 mingga yaqin muammo va murojaatni koʻrib chiqdi. Ularning 91 foizi mahallaning oʻzida hal etildi.
Aholi farovonligi. Prezidentimizning Oliy Majlis va yurtdoshlarimizga Murojaatnomasida qayd etilganidek, mahalla tinch va ahil boʻlsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat boʻladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi. Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yilida mahallalarni mehr-oqibat, hamjihatlik, tarbiya va eng muhimi, adolat maskaniga aylantirish yoʻnalishidagi faoliyatimiz koʻlami yanada kengayadi.
Birgina aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish yoʻnalishi boʻyicha vohamizda tizimli ishlar qilinmoqda. Asosiy maqsadimiz — odamlarni doimiy daromadli qilish.
2025-yilda 518 ming kishini daromadli mehnat bilan band qilish rejalashtirilgan edi. Amalda 578 ming fuqaroning bandligi taʼminlandi va bu jihat soliq bazasida oʻz aksini topdi. Shu orqali ishsizlik darajasi 4,9 foizga tushirildi. Ishsiz va ish qidirayotgan 30 mingga yaqin fuqaro kasb-hunar va tadbirkorlik yoʻnalishida oʻqitildi. Bu borada belgilangan reja 128 foiz bajarildi.
Oʻtgan yili “Bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida 1061 gektarda yuqori daromadli va eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish boʻyicha 93 ta loyiha amalga oshirildi.
Viloyatda joriy yil 507 ming kishini doimiy ishga joylashtirish, daromadini oshirish va yashirin ish oʻrinlarini soyadan chiqarish boʻyicha sohalar, yoʻnalishlar kesimida rejalar ishlab chiqilgan.
2025-yilda viloyatda 32 ming 880 oilani kambagʻallikdan chiqarish belgilangan edi. 167 mingta oilaning turmush sharoiti oʻrganilib, ularning 87 mingtasi kambagʻal oilalar reestriga kiritildi. Shuningdek, 61 ming 800 oilaga barqaror bandlik yoʻnalishida qariyb 111,5 mingta xizmat koʻrsatildi.
Reestrda turgan 53,5 mingdan ortiq oila aʼzolari kambagʻallikdan chiqarildi. Kambagʻallik darajasi 9,6 foizdan 6,5 foizga tushirildi. Viloyatdagi 60 ta mahalla kambagʻallikdan xoli hududga aylantirildi.
“Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida viloyatdagi 1414 rahbarga 7070 ta kambagʻal oila biriktirildi. Mazkur oilalarga 10 ming 600 boshga yaqin chorva, parranda, oziq-ovqat mahsulotlari, daraxt koʻchatlari, kiyim-kechak yetkazib berildi hamda uy-joyini taʼmirlashi uchun homiylik yordami koʻrsatildi.
Davlatimiz rahbarining oʻtgan yili 19-20-iyun kunlari viloyatimizga tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha Qamashi tajribasi ishlab chiqildi. Natijada 28 mingga yaqin kambagʻal oila, mahalla raisi va bank oʻrtasida uch tomonlama shartnomalar tuzildi va xizmatlar biriktirildi. 90 ta ogʻir mahallaning infratuzilmasini yaxshilash uchun 300 milliard soʻm mablagʻ ajratildi.
2026-yilda mahallalarda loyihaviy yondashuv asosida “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida yuqori daromadli eksportbop mahsulotlar yetishtiruvchi mahallalar soni 195 taga yetkaziladi. Shundan 36 ta mahallada qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda aholi koʻnikmalarini oshirish uchun usta-dehqonlar yollanadi. Ixtisoslashuvidan kelib chiqib 12 ta mahallada namunali tomorqalar tashkil etiladi. 18 ta mahallada aholi tomorqasidagi eng namunali va innovatsion loyihalar uchun grant ajratiladi.
Kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan xizmatlar bilan 21 ming 628 oila qamrab olinadi. Yil yakunigacha kambagʻallik darajasi 3,3 foiz qisqartiriladi.
Bu vazifalarni bajarish uchun imkoniyat ham, mablagʻ ham, qarorlar ham va ularni nazorat qiladigan mukammal ijro tizimi ham mavjud. Faqat qatʼiy intizom, masʼuliyat va shaxsiy javobgarlikni yoʻlga qoʻyib, vijdonan ishlash zarur.
Bunyodkorlik. Yangilanayotgan Oʻzbekistonimiz tobora yuksalib borayotgan ulkan imoratga oʻxshaydi. Bu binoga bittagina boʻlsa ham gʻisht qoʻya olishning oʻzi juda katta baxt!
Bugungi Qashqadaryo ulkan bunyodkorlik maydoniga aylangan. Quruvchilarimiz azmu shijoati bilan shaharu qishloqlarimiz qiyofasi kun sayin chiroy ochmoqda, yangi bino va inshootlar, yoʻllar, koʻpriklar, infratuzilma obyektlari bunyod etilmoqda.
Oʻtgan yili viloyatimizda 7700 xonadonli 176 ta koʻp qavatli uy-joy qurish belgilangan edi. Amalda 8062 xonadonli 208 ta uy-joy foydalanishga topshirildi. Joriy yilgi uy-joy dasturi boʻyicha 7510 xonadonli koʻp qavatli uy-joylar qurilishi moʻljallanmoqda.
Ijtimoiy va ishlab chiqarish dasturi doirasida 931 milliard soʻm mablagʻ oʻzlashtirish hisobiga 133 ta obyektda qurilish ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirildi. Joriy yilda mazkur dastur doirasida 1 trillion 200 milliard soʻm mablagʻ oʻzlashtirish, 163 ta obyektda qurilish-taʼmirlash ishlarini bajarish koʻzda tutilmoqda.
Transport sohasida aholiga koʻplab qulayliklar yaratilmoqda. Jumladan, 2025-yilda zamonaviy 26 ta shahar yoʻlovchi avtobusi va 39 ta mikroavtobus xarid qilinib, yoʻnalishlarga qoʻyildi. Qarshi avtoshohbekati qurib bitkazildi, 65 ta oraliq bekat oʻrnatildi va rekonstruksiya qilindi. Qarshi va Shahrisabz shaharlarida 75 ta oraliq bekat qurish va rekonstruksiya qilish koʻzda tutilgan.
Joriy yilda yana 43 ta avtobus xarid qilinib, yoʻnalishlarga qoʻyildi. Yana 100 dan ortiq zamonaviy avtobus va 50 ta mikroavtobus keltirish rejalashtirilgan.
2025-yilda viloyatimizda jami 1 trillion 674 milliard soʻmlik yoʻlsozlik ishlari bajarildi. 1391 kilometr avtomobil yoʻli va 9 ta koʻprik rekonstruksiya qilindi hamda taʼmirlandi. Joriy yilda tegishli davlat dasturlari asosida 573,1 milliard soʻm hisobidan 435,5 kilometr yoʻl taʼmirlanadi hamda 27 ta koʻprik qayta quriladi.
Vohamizda “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar hududlarimiz koʻrkiga koʻrk qoʻshmoqda. Oʻtgan yili bahor mavsumida 11 million 222 ming, kuzda 10 million 364 ming tup mevali va manzarali daraxt koʻchati ekildi hamda “Yashil makon” platformasiga kiritildi. “Mening bogʻim” loyihasi doirasida 15 ta yashil bogʻ va 7 ta “yashil” jamoat parki barpo etildi.
Viloyatda oʻtgan yili ichimlik suv taʼminotini yaxshilash uchun 39,8 milliard soʻm oʻzlashtirildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Qarshiga Hisorak suvini keltirish boʻyicha ulkan loyihaga asos solinmoqda.
Turizm. Bugun mehnatkash xalqimizning dunyoqarashi, ongu shuuri, hayotga munosabati, yashashga ishtiyoqi oʻzgarmoqda. Yurtdoshlarimiz yaxshi ishlagan yaxshi dam olishi zarurligini tobora koʻp anglab, soʻlim tabiat qoʻynida maroqli hordiq chiqarish va sayohatni jamoaviy hamda oilaviy anʼanaga aylantirib borayotgani bizni juda quvontiradi.
Shuni inobatga olib, “Miraki” MFYdagi 240 gektarli “Shahrisabz” turistik markazida umumiy 1050 oʻringa moʻljallangan 2 ta 3 yulduzli mehmonxona, xostel va savdo-koʻngilochar markazi hamda dor yoʻli, avtoturargoh va restoran ishga tushirildi.
Oʻtgan yili viloyatda 47 ta joylashtirish vositasi tashkil etilib, ularning umumiy soni 406 taga yetkazildi. Bu koʻrsatkich 2017-yildagiga nisbatan 25 karra oshgan. 2026-yili 450 taga yetkaziladi.
Shu bilan birga, Qamashi va Kitobda 3 ta kemping, Shahrisabz va Kitob tumanlarida 40 ta kapsula uyi tadbirkorlar tomonidan bunyod etildi. Yana 15 ta turoperatorlik faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ular soni 66 taga yetkazildi. Joriy yilda yana 16 tasi ochiladi.
Natijada viloyatga 3,6 million mahalliy, 604 ming xorijiy turist jalb etildi. Turizm xizmatlari eksporti 121 million dollarga yetdi. Bu boradagi reja 118 foiz bajarildi. 2026-yilda 3,7 million mahalliy, 620 ming xorijiy turist safari tashkil etilib, turizm eksporti qiymati 124 million dollarga yetkaziladi.
2024-yilda Shahrisabzdagi “Miraki” MFYga “Turizm mahalla”si, oʻtgan yili Kitobdagi Bashir, Qaynar va Shahrisabzdagi Gʻelon qishloqlariga “Turizm qishlogʻi” maqomi berildi. Joriy yilda Kitob tumanidagi Jayraxona va Yakkabogʻ tumanidagi Tatar qishloqlari “Turizm qishlogʻi”ga aylantiriladi.
Qarshi shahridagi Nasaf koʻchasi va “Vatanparvar” bogʻi hududida 24/7 rejimda faoliyat yurituvchi 2 ta koʻcha tashkil etildi. Joriy yilda bunday koʻchalar sonini 12 taga yetkazish reja qilingan. Turistlar soni oshishi natijasida Shahrisabz — Toshkent yoʻnalishidagi samolyotlar oʻtgan yildan haftasiga 6-marta qatnamoqda.
Oʻtgan yili sohada umumiy qiymati 80 million dollarlik 27 ta investitsiya loyihasi ishga tushirildi. Natijada turizm va unga yondosh sohalarda jami 2320 ta ish oʻrni ochildi.
Joriy yil “Shahrisabz” turistik markazida qiymati 500 milliard soʻmlik 13 ta loyihani amalga oshirish, bu orqali 300 ta yangi ish oʻrni ochish koʻzda tutilgan. Shahrisabz tumanining “Gʻelon” va “Sarchashma” MFYlarida 2919 gektarli “Gʻelon” turistik-rekreatsion zonasi tashkil etildi.
Qiymati 300 million dollarlik xalqaro umummavsumiy kurortiga start berilib, 4,2 million dollar investitsiya jalb qilindi. Kelgusi yilda shale shaklidagi uylar majmuasini tashkil etish va dor yoʻllarini qisman ishga tushirish orqali bu koʻrsatkich 50 million dollarga yetkaziladi.
“Maydanak baland togʻ” turistik markazida umumiy qiymati 49,3 milliard soʻmlik loyiha amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, Qamashida 65,7 gektar, Gʻuzorda 42 gektar hamda Shahrisabz tumani Hisorak-Gʻelon yoʻli boʻylarida 16,3 gektar maydonda turizm infratuzilmasi rivojlantiriladi. Chimqoʻrgʻon va Pachkamar suv omborlari asosiy faoliyatiga taʼsir etmaydigan hududlarda suv turizmi yoʻlga qoʻyiladi.
Yoshlar masalasi. Biz uchun yoshlar bilan ishlash — tadbir oʻtkazish emas, balki ularning salohiyatini roʻyobga chiqarish demakdir. Yoshlarni kasbga yoʻnaltirish, ularga zamonaviy bilim va texnologiyalarni oʻrgatish, iqtidorlilarni qoʻllab-quvvatlash endi ikkinchi darajali masala emas, balki har bir rahbarning shaxsiy javobgarligidir.
Viloyatimizda keyingi yillarda iqtidori, qiziqishidan kelib chiqib, maktab oʻquvchilari uchun turli loyihalarni yoʻlga qoʻydik. Jumladan, 3 yildan buyon oʻquvchilar oʻrtasida viloyat hokimi olimpiadasi oʻtkazilmoqda. Viloyat hokimi stipendiyasi taʼsis etildi. Sport yoʻnalishida “Maktablar ligasi” musobaqalari, sanʼat, madaniyat yoʻnalishida “Ijodkor yoshlar” koʻrik-tanlovi oʻtkazilmoqda. Oʻquvchilarda AT, robototexnika koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida AQSH kompaniyasining 180 ming dollarlik grant mablagʻi jalb etildi. Maktablarda xorijiy tillarni oʻqitish sifatini oshirish maqsadida AQSH, Rossiya, Filippindan malakali oʻqituvchilar olib kelindi.
Bitiruvchilarimizning oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichi 2025-yilda 50,4 foizni tashkil etdi. Milliy va xalqaro sertifikatga ega oʻqituvchilar soni 3368 ga yetdi. Yangi yil arafasida 134 xotin-qizning oliy taʼlim olishi uchun shartnoma puli toʻlab berildi.
Hisob-kitoblarga koʻra, 2026-yil yakuniga qadar 3-7 yoshli bolalarning maktabgacha taʼlimga qamrovi 78, bitiruvchi sinf oʻquvchilarining oliy taʼlim muassasalari kirish koʻrsatkichi 55 foizga yetkaziladi.
Viloyatda kasbiy taʼlimni takomillashtirish borasida ham qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Texnikum masʼullari 1062 ta korxona va tashkilot bilan dual taʼlimni tashkil etish boʻyicha shartnomalar imzoladi. Oʻquvchilarning 20 foizi dual taʼlimga qamrab olindi. Shuningdek, 6 ta texnikumda nemis standarti asosida kasbga oʻqitish yoʻlga qoʻyildi. Loyiha doirasida 32 oʻqituvchimiz Germaniyada malaka oshirdi, 256 oʻquvchi maxsus test sinovlari orqali qabul qilindi.
Joriy yilda Qashqadaryo ilgʻor kasbiy mahorat texnikumi ochiladi. Uning bazasida Germaniya bilan hamkorlikda “Taʼlim va texnologiyalar markazi” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Bitiruvchilarni Germaniyaning turli ishlab chiqarish korxonalariga ishga joylashtirish choralari koʻriladi. Bundan tashqari, 2 ta texnikumda “Xitoy — Oʻzbekiston ustaxonasi” tashkil etiladi. Dual taʼlim asosida oʻqishga qamrov 40 foizga yetkaziladi. Umumtaʼlim maktablarining 21 ming nafar 9-sinf bitiruvchisi texnikumlarga qabul qilinadi.
Tibbiyot. Keyingi yillarda sogʻliqni saqlash tizimida tub oʻzgarishlar yuz bermoqda. Xalqimiz islohotlar samaradorligiga, eng avvalo, tibbiyotdagi oʻzgarishlarga qarab baho beradi degan yondashuv soha xodimlarini yanada masʼuliyat bilan ishlashga undamoqda.
2025-yili yuqori texnologik 7416 ta jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Kitob va Kasbi tumanlarida respublikada ilk bor buyrak transplantatsiyasi muvaffaqiyatli bajarildi. Kadrlar salohiyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. 29 shifokor xorijiy davlatlarda malaka oshirdi.
Xususiy tibbiyot ham jadal rivojlanmoqda. Viloyatda bunday muassasalar soni 748 taga yetdi. Tibbiy turizm salohiyati oshmoqda. Boshqa viloyatlar, qoʻshni davlatlardan bemorlar davolanish uchun viloyatimizdagi nufuzli klinikalarga murojaat qilmoqda. Raqamlashtirishga 18 milliard soʻm ajratilib, barcha tibbiyot muassasalarida yagona axborot tizimi joriy etildi.
Yangi tizim yoʻlga qoʻyilgan Kitob tumanida tibbiyot brigadalari va aholi oʻrtasida ikki tomonlama shartnoma tuzildi. Natijada aholining birlamchi boʻgʻinga murojaati 30 foizdan 70 foizga oshdi, tuman yoki viloyat shifoxonalariga murojaat 35 foiz kamaydi.
Qashqadaryo tajribasi asosida tibbiyot brigadalarini ragʻbatlantirish yoʻlga qoʻyilgani sababli 250 fuqaroda onkologik kasalliklar erta bosqichda aniqlanib, 40 milliard soʻm tejaldi.
Keyingi yillarda ham birlamchi boʻgʻinni rivojlantirish, yuqori texnologik tibbiy yordam turlarini kengaytirish, raqamlashtirish, xizmatlar shaffofligini oshirish, tibbiy sugʻurtani takomillashtirish ustuvor masalamiz boʻlib qoladi. Onalar va bolalar salomatligini saqlash, kasalliklarni erta aniqlash orqali nogironlikni kamaytirish, tibbiyotni yanada xalqchil sohaga aylantirish, odamlarni ushbu tizimdan rozi qilish masalasi doimiy eʼtiborimizda boʻladi.
Aholining tibbiy madaniyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Mahalladan boshlab toʻgʻri ovqatlanish, jismoniy faollikni oshirish boʻyicha amaliy ishlar yanada kuchaytiriladi.
Investitsiya. Aslida, chetdan kiritiladigan sarmoya qaqroq yerga hayot bagʻishlaydigan daryoga oʻxshaydi. Daryo zaminga obodlik ulashgani singari xorijiy investitsiya mamlakatimiz taraqqiyotiga, pirovardida odamlarimiz roʻzgʻorining obodligiga, farovonligiga xizmat qiladi. Iqtisodiyotimiz daryosiga qoʻshiladigan har bir dollar sarmoya tadbirkorlik rivojiga, yangi ish oʻrinlari ochish, yurtdoshlarimiz daromadini oshirish, koʻchalarimiz, mahallalarimiz qiyofasining oʻzgarishiga sabab boʻladi.
200 dan ortiq xorijiy hamkorlarning viloyatga safari uyushtirildi. Elchixonalar va diplomatik korpus vakillari bilan yaqin hamkorlikda oʻndan ortiq yirik xalqaro biznes-forum hamda xorijiy kompaniyalar ishtirokida 80 dan ziyod uchrashuv oʻtkazildi. Malayziya va Fransiyada viloyatning “Savdo uylari” ochildi.
Investitsiya dasturlari doirasida qiymati 2,2 milliard dollarlik 618 ta loyiha ishga tushirildi. Natijada 18 mingta barqaror ish oʻrni ochildi. Eksport geografiyasi 54 davlatga kengaytirildi.
Viloyatda 58 ta sanoat zonasi tashkil etilgan. 2025-yilda qiymati 228 milliard soʻmlik 40 ta loyiha ishga tushirilib, minglab ish oʻrni ochildi. Masalan, “Alp texno servis” MCHJ jamoasi xalqaro brendlar ostida televizor va monitor ishlab chiqarib, eksport qilmoqda. Ushbu mahsulotlarni mahalliylashtirish darajasi 45 foizga yetdi. Jamoa eksport geografiyasini Ozarbayjon, Qozogʻiston, Rossiya, Qirgʻizistonga kengaytirib, 12 million dollarlik mahsulot eksport qildi.
Shuningdek, Qarshi shahrida “Langar vater” MCHJ tomonidan qiymati 10 million dollarlik maʼdanli ichimlik suvni qadoqlash loyihasi amalga oshirildi va 40 ta ish oʻrni ochildi.
Joriy yilda 2 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish va 1,5 barobar iqtisodiy oʻsishni taʼminlash rejalashtirilgan.
Qishloq xoʻjaligi. Bugun oʻziga xos anʼanalarga ega Qashqadaryo dehqonchilik maktabi tobora rivojlanmoqda. Agrar soha taraqqiyoti yangi bosqichga koʻtarilmoqda.
Buning tasdigʻini oʻtgan yili viloyatimizda 1 million tonnaga yaqin gʻalla, 552 ming tonna paxta, 950 ming tonnadan ortiq sabzavot va poliz ekini, 347 ming tonna meva va uzum, 230 ming tonna kartoshka, 2,9 ming tonna pilla yetishtirilgani misolida yaqqol koʻrish mumkin. Chorvachilikda 522 milliard soʻmlik 251 ta loyiha amalga oshirilib, chetdan 15 ming bosh qoramol, 50 ming bosh qoʻy olib kelindi.
Bundan tashqari, 27 milliard soʻmlik 18 ta parrandachilik, 6,1 milliard soʻmlik 6 ta baliqchilik loyihasi ishga tushirildi, 2,6 ming tonna asal yetishtirildi. Soha xodimlari vohamizda agroturizmni rivojlantirishga ham katta hissa qoʻshmoqda.
Davlatimiz rahbari Qashqadaryoga tashrifi chogʻida Shahrisabzdagi agroturizm majmuasi bilan tanishib, uning faoliyatiga yuksak baho bergani barchamizni behad quvontirdi.
Qashqadaryo — agrar viloyat, lekin endi eski usullar bilan yuqori natijaga erishib boʻlmaydi. Prezidentimiz koʻrsatmalaridan kelib chiqib, agrar sohada islohotlarni jadallashtirish yoʻlida eng muhim vazifalarimizni belgilab olganmiz.
Avvalo, mintaqamizda yildan yilga kuchayib borayotgan suv tanqisligi sharoitida mavjud zaxiralarning tilloga teng har qatrasini qadrlashimiz shart. Suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish, kanal, ariqlarni betonlashtirish, suv olish nuqtalarini oʻlchash vositalari va toʻsiqlar bilan ommaviy jihozlash lozim.
Paxtachilikda 27 ming gektar yerda xorijiy navdagi chigit ekilgani va “Shinjon” texnologiyasi qoʻllangani natijasida yuqori hosil olishga erishildi. 2026-yilda mazkur texnologiyani 55 ming gektarda joriy qilamiz.
Goʻsht va sutni yetishtirish hajmini oshirish, chorvachilikda naslchilikni yaxshilash, xorijdan zotdor mollarni olib kelib, koʻpaytirish boʻyicha boshlagan ishimizni izchil davom ettiramiz. Yangi bogʻ va tokzorlar tashkil qilish, meva-sabzavotni qayta ishlash, eksportini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha yirik loyihalar ishga tushiriladi.
Joylarda murojaatlar bilan ishlash tizimi ham mutlaqo yangi bosqichga chiqdi. Oʻtgan yili virtual va Xalq qabulxonalari orqali fuqarolardan tushgan murojaatlar 26 foiz kamaydi.
Rahbarlar qabulini tashkil etish, takroriy va jamoaviy murojaatlar ham sezilarli darajada qisqardi. Joylarda 9000 ga yaqin sayyor qabul oʻtkazib, 77,5 ming fuqaroning murojaati oʻrganildi. Murojaatlarning 72 foizi joyida ijobiy hal qilindi. Qolganlariga huquqiy tushuntirish berildi. Bu saʼy-harakatlarimizdan toʻxtab qolmagan holda murojaatlar bilan ishlashda raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt imkoniyatlarini keng joriy etishni boshlab yubordik.
Ijtimoiy himoya tizimidagi islohotlar ham oʻz natijasini bermoqda. Ilgari viloyatda har uch oiladan biri ijtimoiy nafaqa olgan boʻlsa, aholi bandligini taʼminlash natijasida bugun nafaqa oluvchi oilalar ulushi 7 foizga tushdi.
Joriy yil 13-mart kuni Prezidentimiz raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida barcha hududlar rahbarlariga har bir ariza va shikoyatni chuqur tahlil qilib, masʼullar kesimida taqsimlash boʻyicha Qarshi shahri misolida koʻrsatilgan tizimni samarali yoʻlga qoʻyib, odamlarning ogʻirini yengil qilish vazifasi qoʻyildi. Bu boradagi ish rejalari har oy mahalliy kengashlarda tasdiqlanib, aholiga yetkazib boriladigan boʻldi.
Bir soʻz bilan aytganda, barcha sohada islohotlar samaradorligini taʼminlash, inson qadrini ulugʻlash, Prezidentimizning farmon va qarorlari ijrosi ortidan aholining farovon hayot kechirishi uchun zarur sharoit yaratish doimo eng asosiy vazifalarimizdan biri boʻlib qoladi.
Murotjon AZIMOV,
Qashqadaryo viloyati hokimi, senator