Ushbu fuqaro Niderlandiyada qurilish sohasida mehnat faoliyatini olib borayotgan vaqtida, o‘tkir tish infeksiyasi paytida malakali tibbiy yordam so‘rab o‘z vaqtida murojaat qilmagani oqibatida kelib chiqqan og‘ir yallig‘lanish jarayoni tufayli sog‘lig‘ida jiddiy asoratlar paydo bo‘lgan.
Bryussel shahri orqali O‘zbekistonga ketayotgan vaqtda V.A.ning ahvoli to‘satdan keskin yomonlashgan. U zudlik bilan Bryusseldagi Sent-Lyuk universitet klinikasiga yotqizilgan va u yerda shifokorlar bemorning ahvolini kritik deb tashxislashgan.
Klinika mutaxassislari tomonidan ikkita murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Uzoq vaqt davomida bemor o‘pkaci sun’iy shamollatish apparatiga ulangan va hushsiz holatda, jonlantirish bo‘limida o‘ta og‘ir ahvolda bo‘lgan.
Bemor shifoxonaga yotqizilgan lahzadan boshlab O‘zbekiston elchixonasi xodimlari kasalxona ma’muriyati, davolovchi shifokorlar va fuqaroning qarindoshlari bilan doimiy aloqani yo‘lga qo‘yganlar. Elchixona tomonidan zarur konsullik va tashkiliy chora-tadbirlar tashkil etilib, davolanish jarayoni va undan keyin fuqaroning O‘zbekistonga qaytishi har tomonlama kuzatib borilgan.
Sent-Lyuk klinikasi tibbiy xodimlarining yuqori professionalligi, o‘z vaqtida ko‘rsatilgan yordam hamda Belgiya shifokorlari va o‘zbek diplomatlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli fuqaroning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lindi. Uzoq davom etgan davolanish va reabilitatsiya kursidan so‘ng uning ahvoli barqarorlashdi, bu esa O‘zbekistonga xavfsiz qaytishini tashkil etish imkonini berdi.
Hozirgi vaqtda V.A. O‘zbekistonda bo‘lib, o‘z oilasi davrasida sog‘lig‘ini tiklash va davolanishni davom ettirmoqda.