Aniq fanlar yurtning ilmiy taraqqiyotida moʻjizalar yaratadi, adabiyot esa haqiqiy vatanparvarlarni tarbiyalaydi, voyaga yetkazadi. Kitob barcha yaxshi xulq hamda mukammal bilimlar asosi.

Har qanday millatning buyukligi, avvalo, uning ilmga munosabati va kitobxonlik madaniyatida yaqqol namoyon boʻladi. Ulugʻ mutafakkirlarimiz — Imom Buxoriyning “Al-jome as-sahih”, Imom Termiziyning “Sunani Termiziy”, Muhammad Xorazmiyning “Al-jabr val muqobala”, Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari”, Abu Rayhon Beruniyning “Sayohatnoma”, Alisher Navoiy­ning “Xamsa”, Mirzo Ulugʻbekning “Ziji jadidi Koʻragoniy” kabi asarlari qadimiy turkiy maʼrifatning shoh asarlari boʻlgan.

Inson tafakkurini va dunyoqarashini oʻzgartirib yuboradigan, ezgu maqsadlar sari yoʻllaydigan adabiyotlarni oʻqish, tahlil va targʻib qilish masalasining davlat siyosati darajasiga koʻtarilishi esa yangi Oʻzbekis­ton kelajagi uchun strategik investitsiya boʻlib, bilimdon yoshlarning oltin fondini yaratishga keng yoʻl ochmoqda.

Yaqindagina Xalqaro kongress markazida Oʻzbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish boʻyicha umummilliy harakatga start berish marosimida ishtirok etdim.

Maʼlumotlar yashin tezligida yangilanib, globallashib borayotgan, turli gadjetlar va sunʼiy intellekt raqamlashgan dunyoga keskin taʼsir qilayotgan hozirgi davrda kitobga, mutolaaga bunday eʼtibor ertaga, albatta, katta natijalarini beradi.

Kitob oʻqimagan odam fikrlashdan toʻxtaydi. Fikrlamagan, tafakkur qilmagan odamning esa jamiyatga foydasi kam. Shuning uchun ham barcha bun­yodkorlikning va ilmu donishning asosi kitobdir, deymiz.

Davlatimiz rahbari mazkur harakat mamlakatimizning barcha hududini qamrab olishi, umumtaʼlim maktablarining 1-sinf­dan 11-sinf­gacha boʻl­gan oʻquvchilari mutolaa tanlovlarida ishtirok etishini eʼlon qilganida ayni loyihaning koʻlami va ertaga qanday samara berishi haqidagi tasavvur barcha ziyolilarga qanot bagʻishladi.

Tanlov oʻtgan 9 yilda 5 millionga yaqin yoshni qamrab oldi. 2022-yilda ushbu tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan yoshlar soni 640 ming, 2023-yilda 805 ming, 2024-yilda 913 mingni tashkil etdi. Bu yil esa rekord darajada — 950 ming oʻgʻil-qiz qatnashdi.

Yurtimizda yoshlarning qalbini ulgʻaytiradigan, dunyoqarashini kengaytiradigan va ziyoli insonlar boʻlib yetishishiga kuch beradigan imkoniyatlar juda koʻp. Mazkur tanlov ana shunday imkoniyatlardan. Unda kitob bor, demak, unda maʼrifat, tafakkur va ­ezgulik mujassam. Ana shu uch tushunchaga oshno inson hayotda, albatta, oʻz oʻrnini topadi. ­Prezidentimizning beshta muhim tashab­busi doirasida yuzaga kelgan mazkur tanlov tufayli kitob oʻqigan inson hayotda bemalol oʻz oʻrnini topa olishi hamda boshqalardan kam boʻlmasligi oʻz isbotini topmoqda.

Ulugʻlar aytganidek, “Bir insonning saboti butun millatni isloh qilishga qodir” ekani va bu qutlugʻ harakat yangi nomlarni kashf etishi tayindir.

* * *

Yoshlar ishlari agentligi ­mutasaddilari bilan birga mamlakatning barcha hududidan toʻplangan uch yosh toifasidagi jami 42 nafar hududiy gʻolib hamrohligida biz, hakamlar hayʼati aʼzolari Bekobod sari yoʻl oldik. Bekoboddagi kitobxonlik tanloviga koʻrilgan tayyorgarlikni koʻrib, koʻzimiz quvnadi. Bekobodliklarning aytishicha, tuman ahli bu tanlovga bir yil davomida tayyorgarlik koʻrgan. Ixtisoslashtirilgan maktab eng zamonaviy qulayliklar asosida hozirlangan boʻlib, ota-onalar hamda ishtirokchilar uchun tayyorgarlik xonalari, yotoqxona va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar uchun sharoitlar poytaxtdagidek yuqori saviyada yaratilgan.

Deputat Yoqutxon Moʻminovaning taʼkidlashicha, “Har maktabga 100 kitob” tashabbusi doirasida yil davomida tumandagi 60 ta umumtaʼlim va 3 ta xususiy maktabga jami 20 mingga yaqin adabiyot sovgʻa qilingan. Ushbu adabiyotlar har bir maktabga 500 dan ziyod akademik, olim, shoir, yozuvchi va jurnalistlarning dastxati bilan topshirildi. Shuningdek, 51 mahallada kutubxonalar ochilib, aholining mutolaa qilishi uchun zarur sharoit yaratilmoqda. Biz mahallalardagi kitob fondlari va qulayliklarni koʻzimiz bilan koʻrdik, kitobxon onaxonlar bilan qizgʻin suhbatlar qurdik.

Tumandagi 42-maktabning 7-sinf oʻquvchisi Odinaxon Suvonqulova “Yosh kitobxon — Kids” respublika tanlovida 1-oʻrinni egallab, tuman yoshlarining eng faol kitobxoniga aylanibdi. Kitobxon qizning xonadonida 5000 ta kitobdan iborat kutubxona tashkil etishga esa tuman faollari bevosita bosh-qosh boʻlibdi.

Bekobod markaziy kutubxonasi qurib bitkazildi va yaqin kunlarda — yurtimiz mustaqilligining 35 yilligi bayrami arafasida kitobxonlarga foydalanish uchun topshiriladi. Shuning uchun ham “Yosh kitobxon” respublika tanlovining final bosqichiga aynan Bekobodda start berildi!

“Afsona” yoshlar bogʻida milliy libosda, nonu tuz bilan kutib olgan tumanning barcha yoshlar yetakchilari tanlov oxirigacha — bellashuv jarayonlarida biz bilan birga boʻldi.

Ilm — insoniyat gavhari

Shunday qilib, bellashuv boshlandi. Nizomga asosan, tanlov besh bosqichda tashkil etildi: birinchisi — arizalar qabul qilish va mahalla bosqichi, ikkinchisi — sektor bosqichi, uchinchisi — tuman (shahar) bosqichi, toʻrtinchisi — hududiy (Qoraqalpogʻis­ton Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) bosqich, beshinchisi esa respub­lika bosqichi. Finalda “Badiiy asarlar bilimdoni”, “Tezkor savol-javob”, “Buyuk mutafakkir va adiblar asarlari bayoni”, “Sheʼriyat” hamda “Kvest” shartlari asosida murosasiz bellashuvlar boʻlib oʻtdi.

Tanlov ishtirokchilari Imom Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Mirzo Ulugʻbek singari ulugʻ mutafakkirlarimizning hayoti va ijodidan, shuningdek, Jek London, Gabriel Garsia Markes, Mark Tven, Lev Tolstoy, Toʻlepbergen Qaipberganov, Ibroyim Yusupov, Kengesboy Karimov kabi xorij va qardosh adabiyot vakillari, qolaversa, Choʻlpon, Gʻafur Gʻulom, Odil Yoqubov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Shukur Xolmirzayev, Halima Xudoyberdiyeva, Usmon Azim, Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf, Tursunboy Adashboyev, Dilshod Rajab singari oʻzbek adabiyoti dargʻalarining asarlarini tahlil qildi hamda asar qahramonlarining ibratli ishlari haqida toʻlib-toshib gapirib berdi.

Yoshlarning dostonlardagi afsonaviy qahramonlar kechinmalarini, mumtoz adabiyot vakillari asarlaridagi inson shijoati va sabru toqatini, qardosh xalqlar adabiyoti dargʻalari tasvirlagan taqdir zarbalariga mardonavor yuz tutgan zamondoshlar hayotini, jadid bobolarimizning el savodxonligi yoʻlidagi yorqin amallarini, atoqli shoirlarimizning oʻtli sheʼriy misralarini hamda bolalar adabiyotining sara asarlaridagi satrlarni kattalardek hayotiy misollar orqali bugungi islohotlarga bogʻlab soʻzlab berishi juda maroqli kechdi.

Ishtirokchilarning eng kichigi 10, eng kattasi esa 29 yoshda. Oʻn yoshli bolalar 40-50 tagacha kitob oʻqib, mushohada va tahlil qilib berdi. Bular oddiy kitoblar emas, balki jahon adabiyoti durdonalari hamda oʻzbek adabiyotining sara asarlaridir. Shuningdek, ular murakkab insholar yozdi, turli tezkor savollarga javob berdi. Koʻrinib turibdiki, bu tanlov bolalar, oʻsmirlar va balogʻat yoshidagi kitobxonlarni katta sahnalarda oʻz mustaqil fikrini dadil himoya qilishga oʻrgatgani, kitob ularning ongu shuurida oʻziga ishonch, dadillik va mahorat olib kirganini koʻrsatib bergani bilan gʻoyat ahamiyatlidir.

Tanlov ishtirokchilarining dil soʻzlari samimiy va hayajonli. “Kitob oʻqish orqali insonning ongi oʻsadi, madaniyati yuksaladi. Yoshlar kitobga muhabbatini mana shu tanlovdan topishi mumkin”, deydi tanlov ishtirokchisi Rayhona Abdualimova. Yana bir ishtirokchi Charos Kamolova esa “Tanlov menga vaqtimni tejashni oʻrgatdi. Vaqtimni toʻgʻri boshqarishni oʻrgandim. Har bir insonning oʻz dunyosi boʻladi. Ushbu tanlov tufayli dunyoqarashim kengaydi, nutqim ravonlashdi va eng muhimi, mustaqil fikrlashni oʻrgandim”, deb fikrini bildirdi.

Onalari bilimdon mamlakatning bolalari ham bilimdon boʻladi. “Bizga yaxshi onalarni bering, shunda biz yaxshi insonlar boʻlib yetishamiz. Chunki onalar millatning birinchi tarbiyachilaridir” degan mashhur soʻzlar bejiz aytilmagan. Namanganlik ishtirokchi Abdulazizning onasi Naima Yigitaliyeva farzandi bilan birga 40 ta ­badiiy asarni oʻqib, tahlil qilib chiqqan.

— Bunday tanlovlar bolalarga juda katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Prezidentimizning ushbu tashabbusi xalqimizni kitobxon millatga aylantirmoqda. Kitob oʻqish orqali oʻgʻlim Abdulaziz res­publika miqyosidagi katta tanlovlarda gʻolib boʻlib, yuqori natijalarga erishyapti. Ushbu tanlovda 5 yil qatnashib, beshinchi yili res­publika bosqichiga yetib keldi, — deydi u. — Oilada katta farzand kitob oʻqiy boshladimi, unga ota-ona hamkorlik qildimi, ke­yingi farzandlar ham unga ergashadi hamda oilada kitobxonlik muhiti shakllanadi. Bola kitob oʻqishi uchun, avvalo, onaning oʻzi kitob oʻqishi kerak. Men oʻgʻlim bilan 40 ta kitobni tengma-teng, yelkama-yelka oʻqib chiqdim. Ular boʻyicha savol-javob, muhokama qildik hamda bugungi hayotga bogʻladik. “Mana shu asar senga nima beryapti?ʻ deb avval uning fikrini soʻrayman. Keyin birgalashib xulosani umumlashtiramiz. Bu odat farzandimda katta ijobiy oʻzgarishlarga sabab boʻldi. Chunki u endi oʻz soʻzini dadil ayta oladi, nooʻrin fikrlarga koʻr-koʻrona qoʻshilmaydi. Eng asosiysi, jamiyatda oʻz oʻrnini topa olishiga mustahkam ishonchi bor.

Bu yerda eng bilimdon, eng zoʻrlar tanlanadi. Chunki Prezident sovgʻasi boʻlmish avtomobilni qoʻlga kiritish oson emas. Badiiy va mantiqiy fikrlash, insho yozish shartlari mavjud. Inshoni kim yaxshi yoza oladi? Albatta, koʻp asar oʻqigan bola! Bu tanlov ishtirokchilarning barcha qobiliyatini sinovdan oʻtkazmoqda. Ota-onasi kitob oʻqigan bolagina kitob oʻqiydi. 10-14 yoshlilar toifasi ishtirokchisi Navbahorning ustozi, Qiziltepa tumanidagi 14-maktabning ona tili va adabiyot oʻqituvchisi Ustazoda Ostonovaning mulohazalari buyuk mutafakkir Yusuf Xos Hojibning “Dunyoda ikki turli inson haqiqiy inson sanaladi: biri oʻrgatuvchi, yana biri oʻrganuvchi” degan hikmatidagi bir olam maʼnoni eslatgandek boʻldi.

Adolat mezonlari

Tanlov jarayonida adolat mezonlari asosiy oʻrinni egallaydi. Bunday tanlovning qiyosi, muqobili boshqa mamlakatlarda yoʻq. Bu tanlov mamlakatimiz rahbarining bevosita nazarida turar ekan, biz uni har jihatdan taraqqiy ettirishimiz, ishtirokchilarni har doim toʻgʻri va adolatli baholab, chin maʼnodagi haqiqiy kitobxonni topib, unga Prezident sovgʻasini taqdim etmogʻimiz lozim.

— Muhim bir jihati borki, biz kitob oʻqiyotgan bu yoshlarni tanlov mutlaqo adolatli, xolis, ochiq-oydin va shaffof holatda oʻtkazilayotganiga ishontira oldik. Biz uchun eng katta mukofot shudir, — deydi hakamlar hayʼati raisi, professor Bahodir Karimov. — Qayerda kitobxon yigʻiladigan boʻlsa, qayerda kitob haqida fikr aytilsa va qaysi hududda kitob borasida tadbir tashkil etilib, oʻsha yerda yosh kitobxonlar jamlanib, ularning yonida hakamlar paydo boʻlsa, oʻsha joy mamlakatning maʼnaviy markazi sanaladi. Men bugun Bekobodni ana shunday markaz deb bilaman. Chunki biz tanlovni poytaxtimizda qanday oʻtkazgan boʻlsak, bu yerda ham xuddi shu darajada — yuqori saviya­da tashkil qilingan. Mamlakatimizning 14 hududidan kelgan bolalar Bekobodda tashkil etilgan ushbu tanlov haqidagi yorqin taassurotlarini oʻzlari bilan birga olib ketadi va buni umrbod faxr bilan gapirib yuradi.

Shundan soʻng Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Eshqobil Shukurga yuzlandik.

— 10-14 yosh toifasidagi bolalar birinchi sinov sharti — “Badiiy asar bilim­doni” shartini bajarishdi, — deydi u. — Bu shartda 300 betli kitobdan 5-6 satrli matn oʻqib eshittiriladi. Bola esa bu matn qaysi asardan olingani va uning muallifi kim ekanini aniq topishi kerak. 14 ishtirokchidan 11 nafari toʻgʻri javobni topdi! Men bu tanlovda har yili qatnashaman, lekin hali bunaqa yuqori natijani koʻrmagan edim. Bu katta koʻrsatkich. 11 bola asarning va muallifning aniq nomini aytib, kitobni toʻliq sharhlab beryapti. Eng muhimi, biz bolalarimizning dunyoqarashi va tafakkuri tobora oʻsib borayotganini koʻryapmiz.

Tanlov eksperti, “Maʼrifat” gazetasi bosh muharriri Husan Nishonov esa jarayonni bunday sharhlaydi: “Hozirgi yoshlarga qarab, taraqqiyot naqadar tezlashib ketganiga guvoh boʻlyapmiz. Oʻgʻil-qizlarimiz bolaligidanoq oʻz oldiga aniq maqsad qoʻyishni oʻrganmoqda. Shu maʼnoda, “Yosh kitobxon” tanlovi ularga oʻzlari tanlagan toʻgʻri yoʻl sari oʻziga xos yoʻllanma bermoqda. Bu tanlov yoshlarga vaqtini toʻgʻri taqsimlashni, faqatgina kerakli va foydali mashgʻulotlar bilan shugʻullanishni hamda oʻz kelajagini bolaligidanoq qurishni oʻrgatmoqda. Ishtirokchilar soni koʻpayibgina qolmay, sifat darajasi ham oshib bormoqda”.

Yurt iftixorlari

2017-yildan beri oʻtkazib kelinayotgan mazkur tanlov koʻplab yangi nomlarni kashf etdi va kitob oʻqish orqali qanday katta natijalarga erishish mumkinligini butun elga koʻrsatdi. Oʻtgan 9 yilda yuksak bilim va qobiliyatga ega yoshlardan 26 nafari ­Prezident sovgʻasi boʻlmish bosh mukofot — avtomashinalarni qoʻlga kiritdi.

Eng iftixorlisi shundaki, mana shu gʻoliblarning oʻndan ortigʻi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali jahonning ilgʻor OTMlari 100 taligiga kirgan nufuzli oliygohlarda taʼlim olmoqda.

Masalan, qoraqalpogʻistonlik yosh kitobxon Shahzoda Karimboyeva va samarqandlik gʻolib Mohiniso Shomurodova Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan boʻlsa, bilimdon yoshlardan Mahliyo Oʻroqova va Shohsanam Xolboyeva “Kelajak bunyodkori” medali, andijonlik gʻoliba Fotimaxon Mamataliyeva esa “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi. Bu kitobxon yoshlarning isteʼdodi va zukkoligi davlatimiz tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlanayotganidan darak beradi.

Joriy yilgi respublika tanlovida 10-14 yosh toifasi gʻolibasi — buxorolik Farzona Nosirova, 15-19 yosh toifasi gʻolibi — jizzaxlik Jasurbek Abdugʻafforov, 20-30 yoshlilar toifasi gʻolibasi — surxondaryolik Fazilat Diyorova Prezident sovgʻasi — “BYD Chazor” elektromobiliga munosib koʻrildi. Ikkinchi oʻrin sohiblariga
75 million soʻmdan, uchinchi oʻrin sohiblariga 50 million soʻmdan, qolgan barcha ishtirokchiga esa 10 million soʻmdan pul mukofoti topshirildi.

10-14 yoshli ishtirokchilar orasida gʻolib deb topilgan Farzona Nosirova bunday ­deydi:

— Oʻzbek va qardosh xalqlarning ogʻzaki ijodini oʻrganishga ahd qilganman. Dostonlarni, ertak va maqollarni yodlab yurardim. Onam hamda ona tili va adabiyot oʻqituvchim bilan “Kuntugʻmish”, “Goʻroʻgʻli”, “Alpomish” kabi dostonlar borasida koʻp savol-javob qilganmiz. Bu mukofot zimmamga katta masʼuliyat yuklaydi. Demak, hali yanada koʻp oʻqishim kerak.

15-19 yoshlilar toifasida gʻolib boʻlgan jizzaxlik ishtirokchi Jasurbek Abdugʻafforov Prezident sovgʻasi — “BYD Chazor” elektromobilini qabul qilib olar ekan, quvonchi ichiga sigʻmay, faxr bilan bunday deydi: “Ushbu avtomobil ota-onamga va shoir bobomga mening sovgʻam boʻldi. Mutolaa bilan shugʻullanib, kitobga mehr qoʻygan yoshlarni shunday yuksak mukofotlayotgan davlatimiz rahbariga ming rahmat!”.

20-30 yoshlilar orasida gʻolib deb topilgan surxondaryolik Fazilat Diyorova esa: “Kitobga chin muhabbat, mehnatdan qochmaslik va doimo olgʻa intilish oddiy bir oʻqituvchining hayotiga mana shunday katta eʼtiroflarni olib kirishi haqiqat ekan. Men bunga oʻz hayotim misolida toʻliq amin boʻldim. Prezidentimizning tabrigidan oʻzim, butun oilam, ota-onam, qaynona-qaynotam hamda oʻquvchilarim behad xursand boʻldik. Men kitobxonlikni va mutolaani bundan keyin ham keng targʻib qilaman. Chunki ­dunyoda kitobdek beminnat doʻst yoʻq”, deydi.

Gʻoliblarning samimiy soʻzlaridagi mehr va ishonchni koʻrib, xayolimdan bunday fikr oʻtdi: qaysi yurtda isteʼdod va iqtidorga, yoshlarni tarbiyalash ishlariga davlat siyosati darajasida yuksak eʼtibor qaratilar ekan, oʻsha yurtning ertasi, albatta, oydin va porloq boʻlgay!

Zotan, buyuk alloma Jaloliddin Rumiy taʼbiri bilan aytganda, “Hayotda muvaffaqiyat qozonish uchun uch narsa kerak: diqqat, intizom va harakat”. Mana shu uch mezonni oʻzi uchun shior qilib olgan gʻolib kitobxonlarimizni bugun butun yurt olqishlamoqda.

Fikr chigʻirigʻidan oʻtgan har bir satrning xalq koʻngliga yetib borishini taʼminlash va yurakdan chiqqan soʻzning yurakka yetib borishiga erishish bu yoʻlda fidokorona xizmat koʻrsatgan shoiru adiblarimizga cheksiz hurmat ifodasidir.

Insonning maʼnaviy olamini kashf etadigan qudratli vosita boʻlmish soʻz sanʼati — badiiy adabiyotning aslida insonshunoslik ekani, oʻsib kelayotgan barkamol avlodimizning bu ilmga oshufta boʻlib, Vatan va yurt tuygʻusi yuragiga oʻyib yozilgan hikmatli asarlarni mutolaa qilayotgani, qolaversa, butun mamlakatimizning ulkan kutubxonaga aylanib borayotgani biz, ziyolilarning koʻngliga havas va cheksiz faxr ­bagʻishlaydi!

Sayyora TOʻYCHIYEVA,

hakamlar hayʼati aʼzosi, professor