Şu nuqtai nazardan, favqulodda vaziyatlarning oldini oliş, aholiga xavflar haqida öz vaqtida axborot beriş, qutqaruv xizmatlarining şayligini taʼminlaş va har bir oilada oddiy xavfsizlik könikmalarini şakllantiriş bugungi kunning dolzarb vazifalaridan.
Prezidentimizning 2025-yil 20-oktyabrdagi “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan işonçli muhofaza qiliş sohasini sifat jihatidan yangi bosqiçga kötariş töğrisida”gi farmoni va uning ijrosini taʼminlaşga qaratilgan “Favqulodda vaziyatlar organlari faoliyatini yanada takomillaştirişga doir taşkiliy çora-tadbirlar töğrisida”gi hamda “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qiliş sohasini raqamlaştiriş hamda ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantiriş çora-tadbirlari töğrisida”gi qarorlari aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan işonçli muhofaza qilişni sifat jihatidan yangi bosqiçga kötarişda muhim huquqiy asos vazifasini ötadi. Bu bizdan faqat tuzilmaviy özgarişlarni emas, xavfni oldindan köriş, hududlar kesimida baholaş va har bir qarorni inson manfaatiga boğlaşni talab etadi.
Fuqarolar xotirjamligi davlat siyosatining özagidir. Bu tuşunça faqat favqulodda vaziyat sodir bölgan paytda tezkor yordam körsatiş bilan çeklanmaydi. U xavfni oldindan aniqlaş, ehtimoliy oqibatlarini baholaş, profilaktik çoralarni köriş, aholi va hududlarni tayyorlaş, erta ogohlantiriş va favqulodda vaziyatdan keyin tiklaş jarayonini yagona tizim sifatida qamrab oladi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining 2026-yil 9 oyi yakunlari böyiça maʼlumotlari ham profilaktika va tizimli tayyorgarlikning ahamiyatini yaqqol körsatadi. Şu davrda respublika hududida 41 ta favqulodda vaziyat qayd etilgan. Bu 2025-yilning mos davridagi 61 ta holatga nisbatan 33 foiz kamdir. Biroq har bir raqam ortida inson taqdiri turgani sababli ijobiy dinamika xotirjamlikka emas, balki profilaktik işlarni yanada kuçaytirişga undaydi.
Aholi soni, şaharlar kengayişi, yangi turar joy massivlari va işlab çiqariş hududlarining paydo bölişi xavfsizlik tizimi oldiga yangi talablarni qöymoqda. 2026-yil 1-aprel holatiga köra, mamlakat aholisi 38 million 382 ming 685 kişiga yetgan. Şundan 19,6 millioni şaharlarda, 18,8 millioni qişloq joylarda istiqomat qiladi. Demak, xavfsizlik siyosati faqat yirik şaharlar bilan çeklanmay, har bir tuman, qişloq va mahallaning öziga xos xavflarini hisobga olişi zarur.
Favqulodda vaziyat sodir bölganda aholi, birinçi navbatda, tezkor va işonçli yordamni kutadi. Ammo haqiqiy natija hodisa sodir bölganidan keyin emas, undan ança oldin boşlanadi. Xavfli obyektlarni örganiş, profilaktik nazorat, binolar va kommunikatsiyalar holatini baholaş, aholini ogohlantiriş va qutqaruv kuçlarining tayyorgarligi — inson hayotini asraşga xizmat qiladigan yagona zanjir.
Şu maʼnoda, xavfsizlikni taʼminlaş bir taşkilotga xos vazifagina emas, balki davlat boşqaruvi, hududiy rivojlaniş va jamiyat hayotining ajralmas qismidir. Quriliş rejalari, transport infratuzilmasi, sanoat obyektlarining joylaşuvi, suv obyektlaridan foydalaniş, energetika tarmoqlari va aholi punktlarining rivojlanişi xavfsizlik mezonlari bilan uyğun bölişi lozim.
Profilaktika — eng samarali çora
Xavfsizlik sohasidagi natijani baholaşda raqamlar muhim. Biroq ular öz-öziça maqsad emas. Raqamlar qaysi yönalişda ijobiy özgariş borligini, qaysi hudud yoki sohada qöşimça çoralar talab etilişini körsatuvçi vositadir. Yuqorida qayd etganimizdek, 2026-yilning 9 oyida respublikada 41 ta favqulodda vaziyat qayd etilgan. Ularning 36,6 foizi yöl-transport hodisalari, 19,5 foizi yonğin, 12,2 foizi turar joy obyektlarida gazning çaqnaşi, 12,2 foizi suvdagi baxtsiz hodisalar hisobiga töğri kelgan. Şuningdek, toksik, oziq-ovqatdan va is gazidan zaharlaniş, sel-suv toşqini, kuçli şamol va katerdagi avariya holatlari ham qayd etilgan.
Uşbu tarkib xavfsizlik profilaktikasi bir vaqtning özida bir neçta yönalişda olib borilişi kerakligini körsatadi. Yonğinlar profilaktikasi, gazdan foydalaniş madaniyati, yöl harakati xavfsizligi, suv havzalarida ehtiyotkorlik, işlab çiqarişda xavfsizlik va aholining birinçi yordam böyiça bilimlari bir-biridan ajralgan holda emas, yagona xavfsizlik madaniyati doirasida şakllantirilişi kerak.
Joriy yilning 9 oyida 7615 ta yonğin sodir bölgan. 2025-yilning şu davriga nisbatan 6,5 foiz kamaygan. Biroq yonğinlarning kelib çiqiş sabablari profilaktika uçun muhim ogohlantiriş beradi: 46 foizi elektr uskunalari, 29 foizi olovdan ehtiyotsiz foydalaniş, 8,4 foizi isitiş peçlari, 5,1 foizi transport vositalaridan foydalaniş va tuziliş qoidalarini buziş bilan boğliq. Bolalarning şöxligi 3,9 foizni taşkil etgan.
Yonğinlarning 72,3 foizi aholi yaşaş joylarida sodir bölgani alohida eʼtiborga loyiq. Bu körsatkiç xavfsizlik madaniyatini oiladan boşlaş zarurligini anglatadi. Elektr jihozlaridan töğri foydalaniş, isitiş peçlarini soz holda saqlaş, bolalarni olov bilan boğliq xavflardan asraş, gaz qurilmalarini nazorat qiliş va evakuatsiya yölini oldindan biliş kabi oddiy könikmalar köplab xavflarning oldini olişi mumkin.
Favqulodda vaziyat yuz berganidan keyin uni bartaraf etiş muhim, ammo undan oldin körilgan profilaktik çoraning qiymati yanada yuqori. Joriy yilning 9 oyida yonğinlarning oldini oliş maqsadida 323 mingdan ortiq korxona va taşkilotdan qariyb 102,5 mingtasida batafsil va nazorat tartibidagi tekşiruvlar ötkazildi. Şuningdek, 30 ming 671 ta tadbirkorlik subyektida yonğin profilaktika tadbirlari va köriklar taşkil etildi, davlat tasarrufidagi 82 ming 205 ta obyektda tezkor tekşirişlar amalga oşirildi.
Tekşiruvlar davomida korxona va muassasalar rahbarlariga 1 million 846 ming 578 ta banddan iborat davlat yonğin nazoratining yozma körsatmalari berilgan va ularning 77,1 foizi bartaraf etilgan. Zudlik bilan çora körilmasa, yonğinga olib kelişi mumkin bölgan 36 ming 306 ta bino-inşootning faoliyati vaqtinça töxtatilgan, 134 ming 575 ta nosoz uskuna elektr manbasidan uzilgan. Bu raqamlar profilaktika işlarining faqat tuşuntiriş emas, aniq xavfni bartaraf etişga qaratilganini körsatadi.
Profilaktikaning yana bir muhim yönalişi — aholining bilimi va könikmalarini oşiriş. 2026-yilning 9 oyi mobaynida qariyb 10 million 164 ming fuqaroni qamrab olgan holda suhbat va yöl-yöriqlar ötkazilgan. Korxona va taşkilotlarda 125 mingdan ziyod uçraşuv ötkazilib, 3 million 910 mingga yaqin iştirokçi qamrab olingan, mahallalardagi 66 ming 602 ta uçraşuvda esa 2 milliondan ziyod fuqaro iştirok etgan.
Mustahkam muhofaza oiladan boşlanadi
Xavfsizlik madaniyati, eng avvalo, oilada şakllanadi. Elektr rozetkasiga tegmaslik, gaz qurilmasidan ehtiyotkorlik bilan foydalaniş, suv havzasida kattalar nazoratisiz suzmaslik, yonğin sodir bölganda sarosimaga tuşmasdan xavfsiz joyga çiqiş kabi oddiy qoidalarni örgatiş bolaning hayoti uçun muhim himoya vositasiga aylanadi.
Har bir oilada favqulodda xizmatlarga qanday murojaat qiliş, uydan xavfsiz çiqiş yöli qayerda ekani, elektr va gazni zarur holda qanday öçiriş, birinçi yordamning eng asosiy qoidalari nimadan iborat ekanini biliş muhim. Bu könikmalar professional qutqaruvçilar işini bosmasa-da, mutaxassislar yetib kelgunga qadar qimmatli vaqtni saqlab qolişi mumkin.
Ayniqsa, bolalar, yolğiz keksa fuqarolar, nogironligi bölgan şaxslar va harakatlanişi çeklangan insonlar uçun alohida yondaşuv talab etiladi. Favqulodda vaziyatda barça inson bir xil imkoniyatga ega bölmasligi mumkin. Şu sabab mahalla darajasida kimga qanday yordam kerakligi, kimni evakuatsiya qilişda birinçilardan kömaklaşiş zarurligi oldindan belgilangani maʼqul.
Sel-toşqinga qarşi tizimli tayyorgarlik
Tabiiy xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olişda hududning tabiiy şaroiti, suv obyektlari, toğoldi hududlari va aholi joylaşuvi hisobga olinişi kerak. 2026-yil davomida aholi va hududlarni xavfli gidrometeorologik hodisalar hamda geologik jarayonlar bilan boğliq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qiliş böyiça qator işlar bajarildi. Hukumat komissiyasining toşqinga qarşi 4 ta yiğiliş bayoni tasdiqlangan.
Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahri hokimliklarida toşqinga qarşi hududiy komissiyalar majlislari ötkazildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligida Suv xöjaligi va Raqamli texnologiyalar vazirliklari, Milliy gvardiya, Avtomobil yöllari qömitasi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi, Davlat geologik monitoring xizmati va boşqa tegişli taşkilotlar vakillaridan iborat respublika idoralararo ştabi faoliyat yuritmoqda. Şuningdek, Qoraqalpoğiston Respublikasi va viloyatlarda 14 ta ştab taşkil qilinib, kunlik axborot almaşinuvi yölga qöyilgan.
Sel-toşqin xavfi mavjud xavfli hududlardan vaqtinçalik köçirilişi lozim bölgan aholining doimiy yaşaş joylariga alohida körsatma bölgunga qadar qaytib keliş holatlarining oldini oliş va transport vositalarining xavfli hududlarga ötişiga yöl qöymaslik çoralarini köriş maqsadida 124 ta nazorat-kuzatuv posti taşkil etildi. Bu kabi çoralar favqulodda vaziyat vaqtida boşqaruv va intizom naqadar muhim ekanini körsatadi.
Xavfli hududlarda daryolar, soylar va kanallar özanlarini tozalaş, qirğoq va dambalarni mustahkamlaş böyiça respublikada 180 ta maxsus-taktik öquv maşqi ötkazildi. Ularga 5193 xodim va 1216 ta maxsus-muhandislik texnikasi jalb etildi. Maşğulotlar davomida qariyb 116,5 ming kub metr tuproq, 101 ming 853 pogon metr özan tozalaş işlari, 66 ming kub metrdan ziyod qum-şağal, 10 ming kub metrga yaqin xarsang va 3698 kub metr beton işlari bajarildi.
Uşbu tadbirlar natijasida 438 ta xonadon, 12 ta ijtimoiy soha obyekti, 101,5 kilometr daryo, soy va kanal özanlari, 12,3 kilometr içki yöllar hamda boşqa obyektlarni sel suvlaridan muhofaza qilişga erişildi.
Xavflar xaritasi özgarmoqda
Kuçli issiq va qurğoqçilik yonğin xavfini kuçaytirişi, jala va keskin yoğingarçilik sel hamda suv bosişiga olib kelişi, suv tanqisligi esa aholi turmuşi va iqtisodiyot barqarorligiga taʼsir qilişi mumkin. Şu sabab iqlim özgarişi favqulodda vaziyatlar sohasidagi yondaşuvlarni ham yangilaşni talab qilmoqda. Bir vaqtning özida bir neçta xavfning yuzaga kelişi ham ehtimoldan xoli emas.
Şu bois, xavf xaritalarini doimiy yangilab boriş, ularni yerdan foydalaniş, quriliş, kommunikatsiyalar va qutqaruv bölinmalarini joylaştiriş qarorlari bilan boğlaş zarur. Toğoldi hududlarida sel va köçki, daryo böylarida suv toşqini, ziç qurilgan şaharlarda yonğinning tez tarqalişi, sanoat zonalarida texnogen hodisalar ehtimoli yuqoriroq bölişi mumkin.
Iqlimga moslaşuvni faqat ekologik masala sifatida qaraş yetarli emas. Bu aholi salomatligi, uy-joy, transport, energetika, suv taʼminoti va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik bilan bevosita boğliq kompleks vazifadir. Şuning uçun xavflarni keçagi hodisalar asosida emas, ilmiy maʼlumotlar, kuzatuvlar va ehtimoliy ssenariylar asosida baholaş talab etiladi.
Xavf haqidagi axborot fuqaroga öz vaqtida, aniq va tuşunarli yetkazilsa, u töğri qaror qabul qiliş imkoniga ega böladi. Erta ogohlantiriş faqat xabar yuborişdan iborat emas. Fuqaro xabar nimani anglatişini, qayerga borişini, kimga murojaat qilişini va qanday harakatlardan tiyilişi kerakligini ham bilişi lozim.
Mobil aloqa, sirenalar, televideniye, radio va mahalla orqali xabardor qiliş kanallari bir-birini töldirişi kerak. Aloqa tarmoği işdan çiqsa ham aholiga xabar yetkazişning muqobil usuli mavjud bölişi lozim. Bu, ayniqsa, sel-toşqin, kuçli şamol, yonğin va boşqa tez rivojlanuvçi hodisalarda katta ahamiyatga ega.
Mahalla aholi bilan eng yaqin işlaydigan böğin sifatida erta ogohlantiriş tizimining muhim qismi bölişi mumkin. Xavfli joylar, evakuatsiya yönalişlari va xavfsiz yiğiliş nuqtalari oldindan belgilansa, favqulodda vaziyat vaqtida sarosima kamayadi. Köp qavatli uy, maktab, bozor va işlab çiqariş obyekti uçun harakat algoritmi tuşunarli bölişi, hujjatda emas, amaliy maşğulotlar orqali sinovdan ötkazilişi kerak.
Tezkor javob sifati
Aholi uçun eng muhim masalalardan biri — yordam qançalik tez yetib kelişi. Biroq tezkorlik faqat qutqaruv avtomobilining harakat tezligi bilan ölçanmaydi. Çaqiruvni qabul qiliş, manzilni aniqlaş, eng yaqin guruhni yönaltiriş, tirbandlik va yöl şaroitini hisobga oliş, obyekt haqidagi maʼlumotlarni oldindan biliş yagona jarayonni taşkil etadi.
Şaharlar kengayib, yangi turar joy massivlari va sanoat zonalari paydo bölayotgan hozirgi şaroitda qutqaruv bölinmalarining joylaşuvi muntazam qayta baholanişi zarur. Maʼmuriy çegaradan köra haqiqiy yetib boriş vaqti muhimroq. Aholi ziçligi, baland binolar, xavfli işlab çiqariş obyektlari, yöl tarmoği va mavsumiy xavflar birgalikda tahlil qilinişi lozim.
Zamonaviy geoaxborot tizimlari xavfli nuqtalarni körsatiş, transport monitoringi eng maqbul yönalişni tanlaş, maʼlumotlar tahlili esa profilaktika uçun ustuvor obyektlarni belgilaş imkonini beradi. Ammo texnologiyaning özi yetarli emas. Uni töğri qöllaydigan xodim, sifatli maʼlumot va aniq masʼuliyat taqsimoti ham zarur.
Favqulodda vaziyat vaqtida birgina idoraning saʼy-harakatlari bilan barqaror natijaga erişib bölmaydi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, hokimliklar, tibbiy xizmat, huquqni muhofaza qiluvçi organlar, kommunal va transport taşkilotlari muvofiqlaşgan holda harakat qilişi şart. Bir idoradagi keçikiş butun javob zanjiriga taʼsir qilişi mumkin.
Şuning uçun qöşma maşğulotlar, maʼlumot almaşiş tartibi va yagona vaziyat bahosi tinç davrning özida şakllantirilişi kerak. Amaliy maşqlar nafaqat texnik imkoniyatlarni, balki idoralar örtasidagi hamkorlikning qay darajada işlaşini ham sinab köradi.
Qutqaruvçilarning kasbiy mahorati ham tizim samaradorligining muhim omilidir. Yonğin, sel, balandlikdagi avariya yoki suvdagi hodisa turli könikma va asbob-uskunalarni talab qiladi. Amaliy öquvlar, rahbar kadrlarni tayyorlaş va har bir hodisadan keyin xolis tahlil ötkaziş xizmat sifatini oşirişning doimiy vositasi bölişi lozim.
Raqamlardan amaliy xulosalarga
Yonğinlar statistikasi profilaktikaning qaysi nuqtalarga qaratilişi kerakligini körsatadi. Yonğinlarning eng katta qismi aholi yaşaş joylarida sodir bölayotgani oilaviy xavfsizlikka alohida eʼtibor berişni talab qiladi. Elektr uskunalari bilan boğliq holatlarning yuqori uluşi elektr tarmoqlari va maişiy jihozlarni muntazam tekşiriş zarurligini anglatadi.
Isitiş peçlari bilan boğliq yonğinlar kuz-qiş mavsumi oldidan profilaktik köriklarni kuçaytiriş muhimligini körsatadi. Dudburonlarni tozalaş, peç va mörilarning texnik holatini tekşiriş, yonğin xavfi mavjud materiallarni isitiş qurilmalaridan uzoq saqlaş kabi çoralar oddiy körinsa-da, inson hayoti uçun katta ahamiyatga ega.
Gazdan foydalanişda ham masʼuliyatli munosabat talab etiladi. 2026-yilning 9 oyida 25 ta is gazidan zaharlaniş va 46 ta havo-gaz aralaşmasi çaqnaşi qayd etilgan. Bu körsatkiçlar ötgan yilning mos davriga nisbatan kamaygan bölsa-da, har bir holatning oldini oliş mumkin bölgan xavf sifatida baholanişi kerak.
Suvda xavfsizlik ham doimiy eʼtiborni talab qiladi. Körib çiqilayotgan davrda 91 ta suvda çökiş holati qayd etilgan, 2025-yilning şu davriga nisbatan 38 foizga kamaygan. Şunga qaramasdan, suv havzalarida xavfsizlik qoidalariga rioya qiliş, bolalarni nazoratsiz qoldirmaslik va belgilanmagan joylarda çömilmaslik böyiça tarğibot uzluksiz davom etişi lozim.
Umumiy masʼuliyat
Aholi va hududlar xavfsizligini taʼminlaşda davlat organlari bilan bir qatorda tadbirkorlar va fuqarolarning ham örni bor. Korxona rahbari yonğin xavfsizligi talablariga rioya etişi, bino egasi evakuatsiya yölini tösmasligi, ota-ona farzandiga suv havzasidagi xavfni tuşuntirişi — umumiy xavfsizlik tizimining ajralmas qismidir. Masʼuliyat faqat hodisadan keyin emas, har kuni namoyon böladi.
Bu yondaşuv xavfsizlik madaniyatini nazorat va jazo tizimidan kengroq tuşunişni talab qiladi. Har bir inson xavfsizlik qoidalariga rioya qilişni şaxsiy majburiyat sifatida qabul qilsa, profilaktikaning taʼsiri sezilarli oşadi. Tadbirkor uçun xavfsiz iş joyi, ota-ona uçun farzand xavfsizligi, mahalla uçun umumiy hudud xavfsizligi, davlat organlari uçun esa samarali boşqaruv va tezkor xizmat yagona maqsadga xizmat qiladi.
Bugungi şaroitda favqulodda vaziyatlar sohasidagi vazifalarni faqat sodir bölgan hodisalarga javob qaytariş bilan çeklab bölmaydi. Ustuvor vazifa — xavfni oldindan köriş va uning oqibatini minimallaştiriş. Buning uçun hududlar xavfini muntazam baholaş, profilaktikani xavf darajasiga qarab taşkil etiş, erta ogohlantirişni barça aholi qatlamlari uçun tuşunarli qiliş, qutqaruv bölinmalarining yetib boriş imkoniyatlarini yaxşilaş va mahallalarda amaliy tayyorgarlikni kuçaytiriş zarur.
Ayni paytda suv obyektlarida ham muhandislik-himoya işlari olib borilmoqda. Yiğma manzilli dastur asosida 79 ta suv obyektida işlar taşkil etilgan. Şuningdek, 9 ta suv obyektida qirğoq mustahkamlaş işlari rejalaştirilgan bölib, hisobot davriga qadar katta hajmda tuproq, toş, beton va temir işlari bajarilgan. Maqsad – 2526 ta xonadon, 30 ming 408 fuqaro, 5191 gektar ekin maydoni va köplab ijtimoiy hamda infratuzilma obyektlarini sel-toşqin xavfidan muhofaza qilişga qaratilgan.
Bu natijalar profilaktikaning iqtisodiy va ijtimoiy samarasini ham körsatadi. Xavfni oldindan kamaytiriş orqali nafaqat inson hayoti, balki uy-joylar, ekin maydonlari, yöllar, maktablar, boğçalar, tadbirkorlik obyektlari va boşqa infratuzilmalar ham asrab qolinadi.
Fuqarolar xotirjamligi — davlat siyosatining özagi, inson hayoti va qadr-qimmati esa uning eng oliy mezonidir. Favqulodda vaziyatlarning oldini oliş, aholi va hududlarni muhofaza qiliş, tezkor javob beriş va tiklaş işlari bir-biri bilan uzviy boğlangan yagona tizim sifatida işlaşi kerak.
2026-yilning 9 oyi davomida favqulodda vaziyatlar va yonğinlar sonining kamayişi, aholini keng qamrab olgan profilaktik tadbirlar, sel-toşqin xavfi mavjud hududlarda amalga oşirilgan maxsus-taktik öquv maşqlari, muhandislik-himoya işlari va idoralararo hamkorlik böyiça natijalar sohada amaliy işlar izçil olib borilayotganini körsatadi. Biroq xavflar özgarib borayotgan şaroitda erişilgan natijalar bilan çeklanib qoliş mumkin emas.
Iqlim özgarişi, şaharlarning kengayişi, yangi sanoat va infratuzilma obyektlarining paydo bölişi xavfsizlik tizimini doimiy ravişda takomillaştirişni talab etadi. Bunda ilmiy maʼlumotlar, raqamli texnologiyalar, xavf xaritalari, erta ogohlantiriş tizimlari, amaliy maşğulotlar va aholi bilan oçiq muloqot muhim örin tutadi.
Eng muhimi, xavfsizlik madaniyati har bir oiladan boşlanişi kerak. Har bir fuqaro xavfni oldindan anglasa, har bir oila oddiy xavfsizlik qoidalarini bilsa, har bir mahalla favqulodda vaziyatga tayyor bölsa va har bir taşkilot öz masʼuliyatini sidqidildan bajarsa, umumiy xavfsizlik darajasi yanada yuksaladi.
Bugun körilgan profilaktik çora ertangi talafotning oldini olişi mumkin. Şu maʼnoda, xavfsizlikka sarmoya kiritiş — kelajakka, oila farovonligi va mamlakat taraqqiyotiga sarmoya kiritişdir. Zero, fuqarolar xotirjamligi taʼminlangan jamiyatdagina barqaror taraqqiyot uçun mustahkam zamin yaratiladi.
Azizbek IKRAMOV,
favqulodda vaziyatlar vaziri,
general-mayor