Insoniyat uzoq yillardan buyon koinot sirlarini tadqiq etishga intilib keladi. Yulduzlar, sayyoralar, asteroidlar va shunga oʻxshash samo jismlaridan iborat ulkan maydon hamisha odamlarni hayratga solgan.

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya institutida sayyoralar, kometalar, yulduzlar, galaktikalar kabi osmon jismlarini oʻrganish bilan birga xalq xoʻjaligining koʻplab tarmoqlari uchun amaliy tadqiqotlar ham oʻtkaziladi. Aholini aniq vaqtdan xabardor qilish, geografik koordinatalarni aniqlash va oʻzgarishini tekshirish, Yerning sunʼiy yoʻldoshlarini kuzatish va hatto gravimetrik kuzatuvlar asosida qazilma boyliklarni topish shular jumlasidan.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, Astronomiya ins­tituti rahbari Shuhrat ­Egamberdiyev bilan suhbatimiz mamlakatimizda birinchi kosmonavtning uchirilishi, kosmik tadqiqotlar oʻtkazish jarayonidagi yangilik­lar hamda astronomiya sohasiga oid boshqa masalalar xususida boʻldi.

— Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga navbatdagi Murojaatnomasida mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bor kosmik sohada sunʼiy yoʻldosh va mamlakatimiz fuqarosi boʻlgan birinchi oʻzbek kosmonavtini fazoga uchirish boʻyicha saʼy-harakatlar boshlangani maʼlum qilindi. Bu ishlarda siz rahbarlik qilayotgan ilmiy institutning hissasi qanday boʻladi?

— Jahon kosmos agentliklari, NASA va Roskosmos kosmos texnologiyalarini rivojlantirish, aloqa va Yerni kuzatish uchun sunʼiy yoʻldoshlarni uchirish hamda xalqaro kosmik stansiyaga fazogirlarni yuborish vazifalarini bajaradi. “Oʻzbekkosmos” agentligi kosmik faoliyatni rivojlantirish, kosmik tadqiqotlar va zamonaviy kosmik texnologiya­larni joriy etish boʻyicha vakolatli davlat organidir. Kosmik tadqiqotlar, sunʼiy yoʻldosh texnologiyalari, yerni masofadan zondlash, kosmik monitoring hamda geoaxborot texnologiyalarini rivojlantirish agentlik faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan. Bu borada agentlik tomonidan sezilarli ishlar bajarilyapti. Navbatdagi vazifa — oʻzbekis­tonlik fazogirning kosmosga uchirilishi, kosmosda bajarib keladigan tajribalarning ilmiy ahamiyatidan qatʼi nazar, yurtimiz nufuzining xalqaro miqyosda keskin oshishiga hissa qoʻshishi shubhasiz. Sunʼiy yoʻldoshga kelsak, birinchi navbatda, mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlarini rivojlantirish va yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilishi kerak. Aloqa, qishloq xoʻjaligi, jumladan, paxta va bugʻdoy yetishtirish jarayoni, muhim inshootlarning holatini monitoring qilib borish kabi yoʻnalishlarda qoʻl keladi.

Astronomiya institutining Kosmik geo­deziya va geodinamika laboratoriyasi olimlari geografik koordinatalar oʻzgarishi, Yerning notekis aylanishi va unga taʼsir etuvchi omillar (zilzila, quruqlik gidrologiyasi, Oy va Quyoshning gravitatsion taʼsiri, Yerning ichki dinamikasi, muzliklar monitoringi va hokazo)ni ochiq maʼlumot bazalaridan olingan kosmotasvirlar tahliliga asoslangan usullar yordamida oʻrganadi.

Milliy sunʼiy yoʻldoshni uchirish bizga mustaqil va muntazam maʼlumot oqimini beradi. Bu deformatsiya va xavfli zonalarni tez-tez kuzatish (qayta-qayta oʻlchash), maʼlumotlar tashqi manbalariga kamroq bogʻliq boʻlish va eng muhimi, oʻz mutaxassislarimizni tayyorlash orqali ilmiy tadqiqot salohiyatini oshirish imkonini yaratadi.

Koʻpincha biz — astronomlardan “Faoliyatingizning bugun nechogʻliq foydasi yoki ahamiyati bor?” deb soʻrashadi. Avtomobilda yurganimizda navigatordan foydalanamiz. “Navigator biz qaysi koʻchadan ketayotganimizni, qaysi chorrahani kesib oʻtayotganimizni qayerdan biladi?” degan savollar bilan ham yuzma-yuz kelamiz. Koʻpchilik “Bu maʼlumot kompyuterga kiritilgan!” deb javob beradi. Toʻgʻri, biz ketayotgan shaharning xaritasi kompyuter (uyali telefonimiz u bilan bogʻlana oladi) xotirasida boʻladi. Lekin bizning joyimizni bilish uchun sayyoramiz atrofida uchib yurgan sunʼiy yoʻldoshning orbitalari bir necha santimetr aniqlikda oʻlchangan boʻlishi kerak. Buning uchun GPS, GLONASS kabi kosmik navigatsiya tizimlarining Yer yuzasidagi tayanch stansiyalari boʻlishi lozim. Oʻzbekis­ton hududida ana shunday tayanch stansiyalar Astronomiya institutining Toshkent va Kitob shahridagi maskanlarida oʻrnatilgan va ins­titut xodimlari tomonidan uzluksiz ishlatiladi. Bordi-yu, ular ishlamay qolsa, taksi xizmati sizni aniq manzilingizga yetkazolmay qoladi.

— Yaqinda ommaviy axborot vositalarida Astronomiya instituti olimlari NASA mukofoti bilan taqdirlangani haqida xabarlar keng tarqaldi. Shu haqda batafsil maʼlumot bersangiz.

— Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti olimlari — Otabek Burhonov va Kamoliddin Ergashev NASAning “Group Achievement Award” mukofoti bilan taqdirlangani haqida xushxabar oldik. Bu mukofot biror muhim kosmik loyi­ha xalqaro astronomlar guruhi tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirilgandan soʻng jamoa aʼzolariga beriladi va u muvaffa­qiyatga hissa qoʻshgan astronomlar faoliyatining yuksak eʼtirofidir.

Endi bu loyihaning tafsilotlari haqida toʻxtalsak. Hozir Quyosh tizimida 40 mingga yaqin asteroid (oʻlchami bir necha kilometrdan bir necha metrgacha boʻlgan tosh jismlar) sayyoramizga yaqin orbitalarda harakatlanadi va Yerga yaqinlashuvchi asteroid­lar guruhini tashkil etadi. Ular orasida 2500 dan ortigʻining toʻqnashish ehtimoli katta va ular potensial xavfli asteroidlar sifatida tasniflanadi.

Toʻqnashuv sodir boʻlganda asteroidlarning taʼsiri regional talafotdan global falokatgacha olib kelishi mumkinligi tufayli ularni monitoring qilish va xavf tugʻilganda odamlarni koʻchirish kabi choralarni koʻrish dolzarb ahamiyatga ega. Shu sababli ham dunyo boʻylab bir qancha mamlakatlar va markazlarda muayyan tashkilot hamda maxsus tadqiqot guruhlari tashkil etilgan.

Bu jabhadagi faoliyatda Yaponiya aero­kosmik tadqiqotlar agentligi (JAXA)ning Hayabusa missiyalari ham alohida ­eʼtirof­ga sazovor. Ushbu missiyalar Yerga yaqin asteroid­larga kosmik apparatlar uchirish va asteroid moddasidan namuna olib kelish kabi murakkab ilmiy texnologik loyihadir. Mazkur missiyalarning yerdagi teleskop­lar orqali optik kuzatish bilan bogʻliq tadqiqotlarida Oʻzbekiston Astronomiya institutining ilmiy jamoasi Maydanak baland togʻ observatoriyasi teleskoplari yordamida qatnashgan, jamoaning kosmik missiyadagi faoliyati Yaponiya aerokosmik tadqiqotlar agentligi tomonidan alohida eʼtirof etilgan va ikki marta maxsus tashakkurnoma berilgan. Bundan tashqari, Quyosh tizimida kashf etilgan asteroidlardan biriga yaponiyalik astronom hamkorlar taklifi bilan Garvarddagi kichik sayyoralar markazi tomonidan “Maydanak” nomining berilishi ham bu eʼtirofning alohida tasdigʻidir.

Soʻnggi yillarda jahondagi yetakchi kosmik agentliklari yerdagi global hayotga xavf soluvchi asteroidlarning Yer bilan toʻqnashishini uzil-kesil hal qilishning eng samarali yoʻli sifatida xavfli ­obyektlarning orbitasi va toʻqnashish trayektoriyasini oʻzgartirish ustida izlanishlar olib bormoqda. Bugun xavfli asteroidlar orbitasini oʻzgartirish yoki ularni portlatib sochib yuborish bilan bogʻliq qator takliflar ishlab chiqilgan boʻlsa-da, texnologik jihatdan bu juda murakkab masala. Shunday yoʻnalishdagi tadbirlardan biri zarba berish orqali asteroidning orbitasini oʻzgartirishdir. Sayyoraviy mudofaa maqsadlarida asteroidga zarba berish tajribasi ilk marta 2022-yil sentyabrda oʻtkazildi. Bunda NASAning DART kosmik kemasi Didimos nomli asteroidning Dimorfos deb ataladigan yoʻldoshi bilan toʻqnashtirildi. Tajribadan maqsad zarba berish usuli orqali asteroid orbitasining oʻzgarishini aniqlash va kelajakda bunday tajribani bosh­qa asteroidlar xavfini bartaraf etishda qoʻllash edi. Kosmik kema asteroidning oʻzi bilan emas, balki uning yoʻldoshi bilan toʻqnashtirilishidan maqsad esa asteroid yoʻldoshning kichik orbitasidagi oʻzgarishlarni yerdan turib aniqlash osonligidir. Bundan tashqari, zarba taʼsiri qanday boʻlishi oldindan nomaʼlumligi sababli buni toʻgʻridan toʻgʻri xavfli asteroidning oʻzida qoʻllash nomaqbul boʻlar va bu hatto teskari effekt berishi ham mumkin edi.

2022-yil 26-sentyabrda DART kosmik kemasi Dimorfos bilan toʻqnash­tirildi. Natijada uning orbital davri 33 daqiqaga qisqardi. Toʻqnashuvdan oldin Dimorfosning Didimos atrofidagi aylanish davri 11 soat 55 daqiqaga teng edi. Bu fazo eksperimenti sayyoraviy mudofaa maqsadlarida asteroidlarga zarba berish usulining samaradorligini isbotladi. Toʻqnashuv natijalarini qayd etish va oʻzgarishlarni aniqlash uchun butun dunyodagi observatoriyalar birlashgan holda katta kuzatuv kompaniyasini tashkil qildi. Kuzatuv kompaniyasida Oʻzbekis­ton Fanlar akademiyasi Astronomiya institutining ilmiy jamoasi Maydanak observatoriyasi teleskoplari bilan ishtirok etdi va salmoqli kuzatuv maʼlumotlarini taqdim qildi.

Bu insoniyat tarixida birinchi marta sunʼiy ravishda asteroid orbitasini oʻzgartirish mumkinligining isboti boʻldi. Ilk tajriba muvaffaqiyatli yakunlandi.

— Bugun oʻzbek astronomiyasidagi eng muhim yangiliklar haqida toʻxtalsangiz. Ularning dunyo ilm-fanidagi ahamiyati qay darajada?

— Astronomiya institutining barcha astronomik kuzatuvlari Maydanak observatoriyasida bajariladi. Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida — dengiz sathidan 2700 metr balandlikda joylashgan Maydanak osmon jismlarini kuzatish sharoiti boʻyicha jahondagi nufuzli observatoriyalardan. Ulkan Yevroosiyo mintaqasi joylashgan Yer sharining sharqiy yarimsharida astroiqlimi boʻyicha unga teng keladigan joy yoʻq!

Shuning uchun Maydanak observato­riyasi koʻplab nufuzli xalqaro astronomik kuzatuvlarni talab etadigan dasturlar ­aʼzosidir. Buning yana bir sababi u juda qulay geografik hududda joylashganidadir. Masalan, biz Maydanakda biror-bir osmon jismini kuzatayotganimizda, Yerning qarama-qarshi tomonida — Amerika qitʼa­sida kunduz, Xitoyda tong ota boshlagan, Yevropada esa hali kech kirmagan boʻladi. Shuning uchun bu rasadxona eng qulay joy. Yaʼni Maydanak tunida kuzatuv olib borilganda Yer sharining boshqa hududlarida buning imkoni boʻlmaydi. Shuning uchun xalqaro dasturlarda Maydanakning boʻlishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Soʻnggi yillarda olimlarimiz bir nechta katta kashfiyotlarga qoʻl urdi. Bular orasida “Samarqand” va “Maydanak” kichik sayyora asteroidlarining ochilishi, Katta ayiq yulduz turkumida oʻta yangi yulduz chaqnashining kashf etilishi, koinotda gamma nurlarda chaqnagan va kosmik apparatlarda qayd etilgan yuzlab jarayonning optikada Maydanakdan turib aniq kuzatilishi eʼtiborga molik. Osmonning Toshkent va Kitob observatoriyalarida olingan fototasvirlarini raqamlashtirish natijasida 13,5 million yulduzdan iborat katalog eʼlon qilindi.

Qadimda, hatto astronomiya gurkirab rivojlangan oʻrta asrlarda ham koinot deganda quyosh va sayyoralar tushunilar edi. Hozir biz osmonning bu qismini Quyosh tizimi deymiz. Quyosh tizimida yorugʻlik sekundiga 300 ming kilometr tezlikda ­harakat qilib, bir ­chekkasidan ikkinchisiga yuz yilda yetib boradi. Zamonaviy teleskoplar yordamida astronomlar bir necha milliard yorugʻlik yili masofasida joylashgan obyektlarni kuzatishga qodir. Maydanak observatoriyasining oʻta shaffof va sokin atmosfera sharoitida biz ham oʻta olis osmon jismlarini kuzatish imkoniga egamiz. Jumladan, koinotning eng olis obyektlari — kvazarlar. Ular endi shakllangan yosh galaktikalarning yadrosidir. Bu obyektlarni astronomlar tilida “yosh, endi shakllangan” obyektlar de­yish bir qaraganda nooʻrin tuyu­lishi mumkin. Chunki ularning nurlanishi biz tomon bir necha milliard yil avval yoʻl olgan, yaʼni biz kvazarlarni bir necha mil­liard yil avvalgi holatini koʻrib turibmiz! Bunday aql bovar qilmas masofalardagi obyekt­larning koʻpini kuzatib boʻlmaydi. Tasvirda kvazar oddiy yulduzga oʻxshab koʻrinadi (aynan shuning uchun astronomlar ularni “kvazar” yaʼni “yulduzsimon“ deb nomlagan). Baʼzi hollarda kvazar bilan bizning oramizga bironta galaktika tushib qolsa, u linza singari kvazar nurlanishini kuchaytirib beradi. Odatda yoʻldagi galaktika kvazar tasvirini kuchaytirib, bir nechta yorqinroq nuqtaga aylantiradi. Bu hodisa gravitatsion linzalash deyiladi. Yaqinda astronomlar gʻayrioddiy gravitatsion linzani kashf etdi. U J1721+8842 nomi bilan qayd etildi. Lekin u bir emas, ikki guruh nuqtalardan iborat edi. Bu hodisa siri Maydanakda olingan yuqori sifatli tasvirlarni tahlil qilish jarayonida aniqlandi. Maʼlum boʻlishicha, J1721+8842 kvazarning yoʻlida bir emas, ikkita galaktika toʻgʻri kelib qolgan ekan. Bu astronomiyada ilk bor kuzatilgan holat.

— Mart — astronomik hodisalarga boy oy. Bu oyda bahorgi teng kunlik roʻy beradi. Qolaversa, buyuk astronom Mirzo Ulugʻbekning tavallud kuni ham aynan 22-mart kuniga toʻgʻri kelishida ham ramziy maʼno bordek...

— Koʻplab qadimgi madaniyatlarda bahorgi tengkunlik — Navroʻz tabiiy ravishda yangi bahor boshlanishi sifatida qabul qilingan. Shu vaqtdan boshlab quyosh osmonda tobora baland koʻtarila boshlaydi, kunlar tez uzayadi va tabiat qishki sokinlikdan uygʻonadi. Shuning uchun ham tengkunlik qishloq xoʻjaligi ishlarining boshlanishi bilan chambarchas bogʻliq va u ekish mavsumini boshlash uchun qulay va aniq vaqt belgisi boʻlib xizmat qilgan. Agrar jamiyatlarda quyosh harakatini kuzatish orqali taqvim tabiat ritmi bilan muvofiqlashtirilgan. Shu tariqa tuproqni ekinga tayyorlash va urugʻ ekish ishlarini oʻz vaqtida boshlash mumkin boʻlgan. Bu esa kelgusi hosil va jamoa farovonligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega edi. Shuning uchun Navroʻz qadimdan eng muhim bayramlardan biri sifatida keng nishonlangan.

Mirzo Ulugʻbek 1394-yili Navroʻzning birinchi kuni — 22-martda tugʻilgan. U XV asrning buyuk olimi va davlat arbobi, astronom, matematik va dono hukmdor sifatlarini uygʻunlashtirgan shaxs edi. Markaziy Osiyoning buyuk musulmon olimlari anʼanasini davom ettirib, Samarqandda oʻsha davrning eng yirik observatoriyalaridan birini barpo etgan va u yerda mashhur yulduzlar jadvali va “Ziji Koʻragoniy”ni tuzgan. Astronomiya sohasidagi ishlari, xususan, yulduzlar va sayyoralarning aniq ­koordinatlarini oʻlchashi jahon astronomiya fani taraqqiyotiga katta taʼsir koʻrsatgan. Uning merosi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida keng aksini topgan.

Shu oʻrinda Islom sivilizatsiyasi markazi haqida ham qisqacha toʻxtalib oʻtish kerak. Bugun dunyoda islomga nisbatan asossiz va adolatsiz tanqidlar kuchayib borayotgan bir paytda uning haqiqiy insonparvar va gumanistik qadriyatlari, tinchlik, mehr-shafqat va bilim izlashga undovchi mohiyatini yanada keng targʻib etish juda muhim. Chunki islom insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyotida turli davrlarda muhim va progressiv oʻrin tutgan. Ilk musulmon jamiyatida ilm-fan, taʼlim, adolat va inson qadr-qimmatiga alohida eʼtibor berilgan. Ana shu madaniy muhitda aniq fanlar, astronomiya, tibbiyot va falsafa jadal rivojlangan. Shu maʼnoda, islomning zamonaviy dunyodagi oʻrnini chuqurroq va adolatliroq tushunishda Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyatini alohida taʼkidlash zarur.

Markazning Ramazon hayiti hamda Navroʻz bayrami arafasida ochilgani chuqur ramziy maʼnoga ega. Bu yirik ilmiy-maʼrifiy majmua Markaziy Osiyo tarixiga bogʻliq boy islom madaniyati va ilmiy merosini oʻrganish hamda ommalashtirishga qaratilgan. Ekspozitsiya va ilmiy dasturlarda Ahmad Fargʻoniy, Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy va Mirzo Ulugʻbek kabi buyuk bobolarimizning faoliyatiga alohida eʼtibor qaratilgan. Ularning tadqiqotlari, jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi keng yoritilgan.

— Insoniyat koinot sirlarini chuqurroq anglab borar ekan, oʻziga oʻzi doim “Biz koinotda yolgʻizmizmi?” degan savolni bergan. Lekin bu savolga hali-hanuz javob topilgani yoʻq, shunday emasmi?

— Quyosh sistemasidagi sayyoralarni kosmik apparatlar yordamida oʻrganish natijalari ham bu savolga joʻyali javobni taqdim eta olmadi. Marsda hayot izi topilmadi, Venera va Merkuriy yuzasi esa hayot mavjud boʻlishi uchun juda ham issiqlik qiladi. Yupiter kabi gigant sayyoralarda kimyoviy tarkibiga koʻra hayot boʻlishi mumkin emas. Shuning uchun biz Quyosh sistemasida yakkayu yagonamiz deyishimiz mumkin.

Astronomlar Quyoshning koinotda noyob yulduz emasligi, unga oʻxshash yulduzlar son-sanoqsiz ekanini allaqachon aniqlagan. Shunday ekan, bu yulduzlar atrofida ham Yerga oʻxshash sayyoralar harakatlanishi, ularda ongli hayot rivojlanishi uchun bizdagidek shart-sharoit boʻlishi mumkin. Boshqa yulduzlar atrofida harakatlanuvchi bunday sayyoralarga ekzosayyoralar deyiladi. Yaʼni oddiy qilib aytganda, ekzosayyora Quyosh tizimidan tashqaridagi sayyora degani.

Birinchi ekzosayyorani 1995-yili Jeneva observatoriyasi astronomlari Mishel Mayor va Didye Kvelos kashf etgan. Bu kashfiyoti uchun ular 2019-yili Nobel mukofoti bilan taqdirlandi. Hozir bunday sayyoralar takomillashtirilgan usullar yordamida topilyapti. NASA axborotiga koʻra, 2025-yil dekabrga kelib, galaktikamiz — Somon yoʻli atrofida 7500 ekzosayyora mavjudligi tasdiqlandi. Ular safiga qoʻshilish uchun nomzodlar soni esa bundan ancha koʻp, taxminan 15 mingta.

Olimlarning hisob-kitobiga koʻra, Somon yoʻli galaktikasidagi ekzosayyoralarning umumiy soni kamida 100 milliard ekani taxmin qilinmoqda. Ularning 5 dan 20 milliardgachasi Yerga oʻxshash, shuningdek, galaktikamizda yashash uchun yaroqli boʻlgan ekzosayyoralarning umumiy soni 300 millionga yaqin boʻlishi mumkin.

Shunday ekan, boshqa yulduzlar atrofidagi sayyoralarda ham ongli mavjudotlar yashash ehtimoli bor. Bizga eng yaqin yulduz 4,24 yorugʻlik yili masofasida joylashgan. Demak, hozirgi texnika yordamida ekzosayyoralarga parvoz qilishning hech ham iloji yoʻq!

Endi nomaʼlum uchar obyektlar ­haqida ham ikki ogʻiz toʻxtalib oʻtmoqchiman. ­Nomaʼlum uchar obyektlar kuzatilgani aksariyat hollarda atmosferamizdagi hodisalar, harbiy amaliyotlar va kosmik apparatlarning texnik nosozliklari, meteorologik zondlarning uchirilishi bilan izohlanadi. Ammo Yerdan tashqarida ham hayot mavjudligini toʻliq istisno qilish kerak emas. Shu bilan birga, Yerga kelgan oʻzga sayyoradagi aqlli hayotning toʻgʻridan toʻgʻri dalillari hozircha yoʻq. Shu bois, ularning aqlli hayot koʻrinishi sifatida mavjudligi ehtimoli hozircha gipotetik, ammo ilmiy jihatdan asosli va keyingi tadqiqotlar uchun qiziqarli.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Risolat MADIYEVA suhbatlashdi.