Insoniyat uzoq yillardan buyon koinot sirlarini tadqiq etishga intilib keladi. Yulduzlar, sayyoralar, asteroidlar va shunga oʻxshash samo jismlaridan iborat ulkan maydon hamisha odamlarni hayratga solgan.
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya institutida sayyoralar,
kometalar, yulduzlar, galaktikalar kabi osmon jismlarini oʻrganish bilan birga
xalq xoʻjaligining koʻplab tarmoqlari uchun amaliy tadqiqotlar ham oʻtkaziladi.
Aholini aniq vaqtdan xabardor qilish, geografik koordinatalarni aniqlash va
oʻzgarishini tekshirish, Yerning sunʼiy yoʻldoshlarini kuzatish va hatto
gravimetrik kuzatuvlar asosida qazilma boyliklarni topish shular jumlasidan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
akademigi, Astronomiya instituti rahbari Shuhrat Egamberdiyev bilan suhbatimiz mamlakatimizda
birinchi kosmonavtning uchirilishi, kosmik tadqiqotlar oʻtkazish jarayonidagi yangiliklar
hamda astronomiya sohasiga oid boshqa masalalar xususida boʻldi.
— Prezidentimizning
Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga navbatdagi Murojaatnomasida mustaqil Oʻzbekiston
tarixida ilk bor kosmik sohada sunʼiy yoʻldosh va mamlakatimiz fuqarosi boʻlgan
birinchi oʻzbek kosmonavtini fazoga uchirish boʻyicha saʼy-harakatlar boshlangani
maʼlum qilindi. Bu ishlarda siz rahbarlik qilayotgan ilmiy institutning hissasi
qanday boʻladi?
— Jahon kosmos agentliklari, NASA va Roskosmos kosmos texnologiyalarini rivojlantirish,
aloqa va Yerni kuzatish uchun sunʼiy yoʻldoshlarni uchirish hamda xalqaro kosmik
stansiyaga fazogirlarni yuborish vazifalarini bajaradi. “Oʻzbekkosmos” agentligi
kosmik faoliyatni rivojlantirish, kosmik tadqiqotlar va zamonaviy kosmik texnologiyalarni
joriy etish boʻyicha vakolatli davlat organidir. Kosmik tadqiqotlar, sunʼiy yoʻldosh
texnologiyalari, yerni masofadan zondlash, kosmik monitoring hamda geoaxborot texnologiyalarini
rivojlantirish agentlik faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan. Bu borada agentlik
tomonidan sezilarli ishlar bajarilyapti. Navbatdagi vazifa — oʻzbekistonlik fazogirning
kosmosga uchirilishi, kosmosda bajarib keladigan tajribalarning ilmiy ahamiyatidan
qatʼi nazar, yurtimiz nufuzining xalqaro miqyosda keskin oshishiga hissa qoʻshishi
shubhasiz. Sunʼiy yoʻldoshga kelsak, birinchi navbatda, mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlarini
rivojlantirish va yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilishi kerak. Aloqa, qishloq
xoʻjaligi, jumladan, paxta va bugʻdoy yetishtirish jarayoni, muhim inshootlarning
holatini monitoring qilib borish kabi yoʻnalishlarda qoʻl keladi.
Astronomiya institutining
Kosmik geodeziya va geodinamika laboratoriyasi olimlari geografik koordinatalar
oʻzgarishi, Yerning notekis aylanishi va unga taʼsir etuvchi omillar (zilzila, quruqlik
gidrologiyasi, Oy va Quyoshning gravitatsion taʼsiri, Yerning ichki dinamikasi,
muzliklar monitoringi va hokazo)ni ochiq maʼlumot bazalaridan olingan kosmotasvirlar
tahliliga asoslangan usullar yordamida oʻrganadi.
Milliy sunʼiy yoʻldoshni
uchirish bizga mustaqil va muntazam maʼlumot oqimini beradi. Bu deformatsiya va
xavfli zonalarni tez-tez kuzatish (qayta-qayta oʻlchash), maʼlumotlar tashqi manbalariga
kamroq bogʻliq boʻlish va eng muhimi, oʻz mutaxassislarimizni tayyorlash orqali
ilmiy tadqiqot salohiyatini oshirish imkonini yaratadi.
Koʻpincha biz — astronomlardan “Faoliyatingizning bugun nechogʻliq foydasi
yoki ahamiyati bor?” deb soʻrashadi. Avtomobilda yurganimizda navigatordan foydalanamiz.
“Navigator biz qaysi koʻchadan ketayotganimizni, qaysi chorrahani kesib oʻtayotganimizni
qayerdan biladi?” degan savollar bilan ham yuzma-yuz kelamiz. Koʻpchilik “Bu maʼlumot
kompyuterga kiritilgan!” deb javob beradi. Toʻgʻri, biz ketayotgan shaharning xaritasi
kompyuter (uyali telefonimiz u bilan bogʻlana oladi) xotirasida boʻladi. Lekin bizning
joyimizni bilish uchun sayyoramiz atrofida uchib yurgan sunʼiy yoʻldoshning orbitalari
bir necha santimetr aniqlikda oʻlchangan boʻlishi kerak. Buning uchun GPS, GLONASS
kabi kosmik navigatsiya tizimlarining Yer yuzasidagi tayanch stansiyalari boʻlishi
lozim. Oʻzbekiston hududida ana shunday tayanch stansiyalar Astronomiya institutining
Toshkent va Kitob shahridagi maskanlarida oʻrnatilgan va institut xodimlari tomonidan
uzluksiz ishlatiladi. Bordi-yu, ular ishlamay qolsa, taksi xizmati sizni aniq manzilingizga
yetkazolmay qoladi.
— Yaqinda ommaviy
axborot vositalarida Astronomiya instituti olimlari NASA mukofoti bilan
taqdirlangani haqida xabarlar keng tarqaldi. Shu haqda batafsil maʼlumot
bersangiz.
— Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya
instituti olimlari — Otabek Burhonov va Kamoliddin Ergashev NASAning “Group
Achievement Award” mukofoti bilan taqdirlangani haqida xushxabar oldik. Bu
mukofot biror muhim kosmik loyiha xalqaro astronomlar guruhi tomonidan
muvaffaqiyatli amalga oshirilgandan soʻng jamoa aʼzolariga beriladi va u
muvaffaqiyatga hissa qoʻshgan astronomlar faoliyatining yuksak eʼtirofidir.
Endi bu loyihaning tafsilotlari haqida toʻxtalsak.
Hozir Quyosh tizimida 40 mingga yaqin asteroid (oʻlchami bir necha kilometrdan
bir necha metrgacha boʻlgan tosh jismlar) sayyoramizga yaqin orbitalarda
harakatlanadi va Yerga yaqinlashuvchi asteroidlar guruhini tashkil etadi. Ular
orasida 2500 dan ortigʻining toʻqnashish ehtimoli katta va ular potensial
xavfli asteroidlar sifatida tasniflanadi.
Toʻqnashuv sodir
boʻlganda asteroidlarning taʼsiri regional talafotdan global falokatgacha olib
kelishi mumkinligi tufayli ularni monitoring qilish va xavf tugʻilganda
odamlarni koʻchirish kabi choralarni koʻrish dolzarb ahamiyatga ega. Shu
sababli ham dunyo boʻylab bir qancha mamlakatlar va markazlarda muayyan
tashkilot hamda maxsus tadqiqot guruhlari tashkil etilgan.
Bu jabhadagi
faoliyatda Yaponiya aerokosmik tadqiqotlar agentligi (JAXA)ning Hayabusa
missiyalari ham alohida eʼtirofga sazovor. Ushbu missiyalar Yerga yaqin
asteroidlarga kosmik apparatlar uchirish va asteroid moddasidan namuna olib
kelish kabi murakkab ilmiy texnologik loyihadir. Mazkur missiyalarning yerdagi
teleskoplar orqali optik kuzatish bilan bogʻliq tadqiqotlarida Oʻzbekiston
Astronomiya institutining ilmiy jamoasi Maydanak baland togʻ observatoriyasi
teleskoplari yordamida qatnashgan, jamoaning kosmik missiyadagi faoliyati
Yaponiya aerokosmik tadqiqotlar agentligi tomonidan alohida eʼtirof etilgan va
ikki marta maxsus tashakkurnoma berilgan. Bundan tashqari, Quyosh tizimida kashf
etilgan asteroidlardan biriga yaponiyalik astronom hamkorlar taklifi bilan
Garvarddagi kichik sayyoralar markazi tomonidan “Maydanak” nomining berilishi
ham bu eʼtirofning alohida tasdigʻidir.
Soʻnggi yillarda
jahondagi yetakchi kosmik agentliklari yerdagi global hayotga xavf soluvchi
asteroidlarning Yer bilan toʻqnashishini uzil-kesil hal qilishning eng samarali
yoʻli sifatida xavfli obyektlarning orbitasi va toʻqnashish trayektoriyasini
oʻzgartirish ustida izlanishlar olib bormoqda. Bugun xavfli asteroidlar
orbitasini oʻzgartirish yoki ularni portlatib sochib yuborish bilan bogʻliq
qator takliflar ishlab chiqilgan boʻlsa-da, texnologik jihatdan bu juda
murakkab masala. Shunday yoʻnalishdagi tadbirlardan biri zarba berish orqali
asteroidning orbitasini oʻzgartirishdir. Sayyoraviy mudofaa maqsadlarida
asteroidga zarba berish tajribasi ilk marta 2022-yil sentyabrda oʻtkazildi.
Bunda NASAning DART kosmik kemasi Didimos nomli asteroidning Dimorfos deb
ataladigan yoʻldoshi bilan toʻqnashtirildi. Tajribadan maqsad zarba berish
usuli orqali asteroid orbitasining oʻzgarishini aniqlash va kelajakda bunday
tajribani boshqa asteroidlar xavfini bartaraf etishda qoʻllash edi. Kosmik
kema asteroidning oʻzi bilan emas, balki uning yoʻldoshi bilan
toʻqnashtirilishidan maqsad esa asteroid yoʻldoshning kichik orbitasidagi
oʻzgarishlarni yerdan turib aniqlash osonligidir. Bundan tashqari, zarba
taʼsiri qanday boʻlishi oldindan nomaʼlumligi sababli buni toʻgʻridan toʻgʻri
xavfli asteroidning oʻzida qoʻllash nomaqbul boʻlar va bu hatto teskari effekt
berishi ham mumkin edi.
2022-yil 26-sentyabrda DART kosmik kemasi Dimorfos bilan toʻqnashtirildi.
Natijada uning orbital davri 33 daqiqaga qisqardi. Toʻqnashuvdan oldin
Dimorfosning Didimos atrofidagi aylanish davri 11 soat 55 daqiqaga teng edi. Bu
fazo eksperimenti sayyoraviy mudofaa maqsadlarida asteroidlarga zarba berish
usulining samaradorligini isbotladi. Toʻqnashuv natijalarini qayd etish va
oʻzgarishlarni aniqlash uchun butun dunyodagi observatoriyalar birlashgan holda
katta kuzatuv kompaniyasini tashkil qildi. Kuzatuv kompaniyasida Oʻzbekiston
Fanlar akademiyasi Astronomiya institutining ilmiy jamoasi Maydanak
observatoriyasi teleskoplari bilan ishtirok etdi va salmoqli kuzatuv
maʼlumotlarini taqdim qildi.
Bu insoniyat tarixida
birinchi marta sunʼiy ravishda asteroid orbitasini oʻzgartirish mumkinligining
isboti boʻldi. Ilk tajriba muvaffaqiyatli yakunlandi.
— Bugun oʻzbek
astronomiyasidagi eng muhim yangiliklar haqida toʻxtalsangiz. Ularning dunyo
ilm-fanidagi ahamiyati qay darajada?
— Astronomiya
institutining barcha astronomik kuzatuvlari Maydanak observatoriyasida
bajariladi. Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida — dengiz sathidan 2700 metr
balandlikda joylashgan Maydanak osmon jismlarini kuzatish sharoiti boʻyicha jahondagi
nufuzli observatoriyalardan. Ulkan Yevroosiyo mintaqasi joylashgan Yer
sharining sharqiy yarimsharida astroiqlimi boʻyicha unga teng keladigan joy
yoʻq!
Shuning uchun Maydanak observatoriyasi koʻplab nufuzli xalqaro astronomik
kuzatuvlarni talab etadigan dasturlar aʼzosidir. Buning yana bir sababi u juda
qulay geografik hududda joylashganidadir. Masalan, biz Maydanakda biror-bir
osmon jismini kuzatayotganimizda, Yerning qarama-qarshi tomonida — Amerika
qitʼasida kunduz, Xitoyda tong ota boshlagan, Yevropada esa hali kech kirmagan
boʻladi. Shuning uchun bu rasadxona eng qulay joy. Yaʼni Maydanak tunida
kuzatuv olib borilganda Yer sharining boshqa hududlarida buning imkoni
boʻlmaydi. Shuning uchun xalqaro dasturlarda Maydanakning boʻlishi muhim ahamiyat
kasb etadi.
Soʻnggi yillarda
olimlarimiz bir nechta katta kashfiyotlarga qoʻl urdi. Bular orasida
“Samarqand” va “Maydanak” kichik sayyora asteroidlarining ochilishi, Katta ayiq
yulduz turkumida oʻta yangi yulduz chaqnashining kashf etilishi, koinotda gamma
nurlarda chaqnagan va kosmik apparatlarda qayd etilgan yuzlab jarayonning
optikada Maydanakdan turib aniq kuzatilishi eʼtiborga molik. Osmonning Toshkent
va Kitob observatoriyalarida olingan fototasvirlarini raqamlashtirish
natijasida 13,5 million yulduzdan iborat katalog eʼlon qilindi.
Qadimda, hatto
astronomiya gurkirab rivojlangan oʻrta asrlarda ham koinot deganda quyosh va
sayyoralar tushunilar edi. Hozir biz osmonning bu qismini Quyosh tizimi deymiz.
Quyosh tizimida yorugʻlik sekundiga 300 ming kilometr tezlikda harakat qilib,
bir chekkasidan ikkinchisiga yuz yilda yetib boradi. Zamonaviy teleskoplar
yordamida astronomlar bir necha milliard yorugʻlik yili masofasida joylashgan
obyektlarni kuzatishga qodir. Maydanak observatoriyasining oʻta shaffof va
sokin atmosfera sharoitida biz ham oʻta olis osmon jismlarini kuzatish imkoniga
egamiz. Jumladan, koinotning eng olis obyektlari — kvazarlar. Ular endi
shakllangan yosh galaktikalarning yadrosidir. Bu obyektlarni astronomlar tilida
“yosh, endi shakllangan” obyektlar deyish bir qaraganda nooʻrin tuyulishi
mumkin. Chunki ularning nurlanishi biz tomon bir necha milliard yil avval yoʻl
olgan, yaʼni biz kvazarlarni bir necha milliard yil avvalgi holatini koʻrib
turibmiz! Bunday aql bovar qilmas masofalardagi obyektlarning koʻpini kuzatib
boʻlmaydi. Tasvirda kvazar oddiy yulduzga oʻxshab koʻrinadi (aynan shuning
uchun astronomlar ularni “kvazar” yaʼni “yulduzsimon“ deb nomlagan). Baʼzi
hollarda kvazar bilan bizning oramizga bironta galaktika tushib qolsa, u linza
singari kvazar nurlanishini kuchaytirib beradi. Odatda yoʻldagi galaktika
kvazar tasvirini kuchaytirib, bir nechta yorqinroq nuqtaga aylantiradi. Bu
hodisa gravitatsion linzalash deyiladi. Yaqinda astronomlar gʻayrioddiy
gravitatsion linzani kashf etdi. U J1721+8842 nomi bilan qayd etildi. Lekin u
bir emas, ikki guruh nuqtalardan iborat edi. Bu hodisa siri Maydanakda olingan
yuqori sifatli tasvirlarni tahlil qilish jarayonida aniqlandi. Maʼlum
boʻlishicha, J1721+8842 kvazarning yoʻlida bir emas, ikkita galaktika toʻgʻri
kelib qolgan ekan. Bu astronomiyada ilk bor kuzatilgan holat.
— Mart —
astronomik hodisalarga boy oy. Bu oyda bahorgi teng kunlik roʻy beradi.
Qolaversa, buyuk astronom Mirzo Ulugʻbekning tavallud kuni ham aynan 22-mart
kuniga toʻgʻri kelishida ham ramziy maʼno bordek...
— Koʻplab qadimgi madaniyatlarda bahorgi tengkunlik — Navroʻz tabiiy
ravishda yangi bahor boshlanishi sifatida qabul qilingan. Shu vaqtdan boshlab
quyosh osmonda tobora baland koʻtarila boshlaydi, kunlar tez uzayadi va tabiat
qishki sokinlikdan uygʻonadi. Shuning uchun ham tengkunlik qishloq xoʻjaligi
ishlarining boshlanishi bilan chambarchas bogʻliq va u ekish mavsumini boshlash
uchun qulay va aniq vaqt belgisi boʻlib xizmat qilgan. Agrar jamiyatlarda
quyosh harakatini kuzatish orqali taqvim tabiat ritmi bilan
muvofiqlashtirilgan. Shu tariqa tuproqni ekinga tayyorlash va urugʻ ekish
ishlarini oʻz vaqtida boshlash mumkin boʻlgan. Bu esa kelgusi hosil va jamoa
farovonligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega edi. Shuning uchun Navroʻz
qadimdan eng muhim bayramlardan biri sifatida keng nishonlangan.
Mirzo Ulugʻbek
1394-yili Navroʻzning birinchi kuni — 22-martda tugʻilgan. U XV asrning buyuk
olimi va davlat arbobi, astronom, matematik va dono hukmdor sifatlarini uygʻunlashtirgan
shaxs edi. Markaziy Osiyoning buyuk musulmon olimlari anʼanasini davom ettirib,
Samarqandda oʻsha davrning eng yirik observatoriyalaridan birini barpo etgan va
u yerda mashhur yulduzlar jadvali va “Ziji Koʻragoniy”ni tuzgan. Astronomiya sohasidagi
ishlari, xususan, yulduzlar va sayyoralarning aniq koordinatlarini oʻlchashi
jahon astronomiya fani taraqqiyotiga katta taʼsir koʻrsatgan. Uning merosi
Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida keng aksini topgan.
Shu oʻrinda Islom
sivilizatsiyasi markazi haqida ham qisqacha toʻxtalib oʻtish kerak. Bugun
dunyoda islomga nisbatan asossiz va adolatsiz tanqidlar kuchayib borayotgan bir
paytda uning haqiqiy insonparvar va gumanistik qadriyatlari, tinchlik,
mehr-shafqat va bilim izlashga undovchi mohiyatini yanada keng targʻib etish
juda muhim. Chunki islom insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyotida turli
davrlarda muhim va progressiv oʻrin tutgan. Ilk musulmon jamiyatida ilm-fan,
taʼlim, adolat va inson qadr-qimmatiga alohida eʼtibor berilgan. Ana shu
madaniy muhitda aniq fanlar, astronomiya, tibbiyot va falsafa jadal
rivojlangan. Shu maʼnoda, islomning zamonaviy dunyodagi oʻrnini chuqurroq va
adolatliroq tushunishda Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan Islom
sivilizatsiyasi markazining ahamiyatini alohida taʼkidlash zarur.
Markazning Ramazon
hayiti hamda Navroʻz bayrami arafasida ochilgani chuqur ramziy maʼnoga ega. Bu
yirik ilmiy-maʼrifiy majmua Markaziy Osiyo tarixiga bogʻliq boy islom
madaniyati va ilmiy merosini oʻrganish hamda ommalashtirishga qaratilgan.
Ekspozitsiya va ilmiy dasturlarda Ahmad Fargʻoniy, Muhammad Xorazmiy, Abu
Rayhon Beruniy va Mirzo Ulugʻbek kabi buyuk bobolarimizning faoliyatiga alohida
eʼtibor qaratilgan. Ularning tadqiqotlari, jahon sivilizatsiyasi rivojiga
qoʻshgan hissasi keng yoritilgan.
— Insoniyat koinot
sirlarini chuqurroq anglab borar ekan, oʻziga oʻzi doim “Biz koinotda
yolgʻizmizmi?” degan savolni bergan. Lekin bu savolga hali-hanuz javob
topilgani yoʻq, shunday emasmi?
— Quyosh
sistemasidagi sayyoralarni kosmik apparatlar yordamida oʻrganish natijalari ham
bu savolga joʻyali javobni taqdim eta olmadi. Marsda hayot izi topilmadi,
Venera va Merkuriy yuzasi esa hayot mavjud boʻlishi uchun juda ham issiqlik
qiladi. Yupiter kabi gigant sayyoralarda kimyoviy tarkibiga koʻra hayot
boʻlishi mumkin emas. Shuning uchun biz Quyosh sistemasida yakkayu yagonamiz
deyishimiz mumkin.
Astronomlar Quyoshning koinotda noyob yulduz emasligi, unga oʻxshash
yulduzlar son-sanoqsiz ekanini allaqachon aniqlagan. Shunday ekan, bu yulduzlar
atrofida ham Yerga oʻxshash sayyoralar harakatlanishi, ularda ongli hayot
rivojlanishi uchun bizdagidek shart-sharoit boʻlishi mumkin. Boshqa yulduzlar
atrofida harakatlanuvchi bunday sayyoralarga ekzosayyoralar deyiladi. Yaʼni
oddiy qilib aytganda, ekzosayyora Quyosh tizimidan tashqaridagi sayyora degani.
Birinchi
ekzosayyorani 1995-yili Jeneva observatoriyasi astronomlari Mishel Mayor va
Didye Kvelos kashf etgan. Bu kashfiyoti uchun ular 2019-yili Nobel mukofoti
bilan taqdirlandi. Hozir bunday sayyoralar takomillashtirilgan usullar
yordamida topilyapti. NASA axborotiga koʻra, 2025-yil dekabrga kelib,
galaktikamiz — Somon yoʻli atrofida 7500 ekzosayyora mavjudligi tasdiqlandi.
Ular safiga qoʻshilish uchun nomzodlar soni esa bundan ancha koʻp, taxminan 15
mingta.
Olimlarning
hisob-kitobiga koʻra, Somon yoʻli galaktikasidagi ekzosayyoralarning umumiy
soni kamida 100 milliard ekani taxmin qilinmoqda. Ularning 5 dan 20
milliardgachasi Yerga oʻxshash, shuningdek, galaktikamizda yashash uchun
yaroqli boʻlgan ekzosayyoralarning umumiy soni 300 millionga yaqin boʻlishi
mumkin.
Shunday ekan,
boshqa yulduzlar atrofidagi sayyoralarda ham ongli mavjudotlar yashash ehtimoli
bor. Bizga eng yaqin yulduz 4,24 yorugʻlik yili masofasida joylashgan. Demak,
hozirgi texnika yordamida ekzosayyoralarga parvoz qilishning hech ham iloji
yoʻq!
Endi nomaʼlum uchar obyektlar haqida ham ikki ogʻiz toʻxtalib oʻtmoqchiman. Nomaʼlum uchar obyektlar kuzatilgani aksariyat hollarda atmosferamizdagi hodisalar, harbiy amaliyotlar va kosmik apparatlarning texnik nosozliklari, meteorologik zondlarning uchirilishi bilan izohlanadi. Ammo Yerdan tashqarida ham hayot mavjudligini toʻliq istisno qilish kerak emas. Shu bilan birga, Yerga kelgan oʻzga sayyoradagi aqlli hayotning toʻgʻridan toʻgʻri dalillari hozircha yoʻq. Shu bois, ularning aqlli hayot koʻrinishi sifatida mavjudligi ehtimoli hozircha gipotetik, ammo ilmiy jihatdan asosli va keyingi tadqiqotlar uchun qiziqarli.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Risolat MADIYEVA suhbatlashdi.