XIV asrda, gʻoyat murakkab bir davrda yurtimiz hududida milliy davlatchilikni qayta tiklab, vatan ozodligi yoʻlida ulkan jasorat koʻrsatgan buyuk ajdodimiz asos solgan qudratli saltanat jahon sivilizatsiyasi tarixida oʻchmas iz qoldirgan.
Shuning uchun Amir
Temurning hayoti va faoliyati salkam yetti asrdan buyon dunyo olimlari
tomonidan katta qiziqish bilan oʻrganib kelinadi. Jahonning turli
mamlakatlarida Amir Temur va temuriylarga bagʻishlab minglab badiiy, ilmiy va
sanʼat asarlari yaratilgan va bu ishlar hozir ham davom etmoqda.
Keyingi yillarda Amir
Temur va temuriylar merosini chuqur oʻrganish, uni yurtimiz va chet ellarda
keng ommalashtirish borasidagi ishlar yangi bosqichga koʻtarildi. Joriy yilda
davlatimiz rahbari tomonidan Sohibqiron Amir Temurning 690-yilligi munosabati
bilan alohida qaror qabul qilinib, keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ijodkorlarimiz tomonidan yangi ilmiy va badiiy kitoblar, film va spektakllar,
tasviriy sanʼat asarlari yaratilmoqda. Xususan, buyuk ajdodimizning
mashhur “Temur tuzuklari” asari yangidan nashr etildi. Temuriylar tarixi davlat
muzeyi zamonaviy talablar asosida tubdan qayta taʼmirlanib, bu maskanda ilmu
maʼrifat, yangi gʻoyalar va tadqiqotlar uchun sharoitlar yanada kengaytirildi.
Poytaxtimizda
Amir Temur va temuriylar Renessansiga bagʻishlab oʻtkazilgan xalqaro
konferensiyada yurtimiz olimlari bilan birga dunyoning turli mamlakatlaridan
tashrif buyurgan atoqli tarixchilar, shoir va adiblar, madaniyat va jamoat
namoyandalari ham ishtirok etgani xalqimizning qadimiy tarixi va boy
madaniyatiga jahon miqyosida qiziqish va eʼtibor tobora kuchayib
borayotganidan dalolat beradi.
Ushbu
nufuzli anjuman qatnashchilari yangi Oʻzbekistonda Amir Temur va temuriylar
merosining umumbashariy sivilizatsiya tarixidagi oʻrni va ahamiyatini oʻrganish,
uni yurtimiz va chet ellarda keng ommalashtirish borasidagi ishlar natijasida
insoniyat tarixining buyuk sahifalaridan biri boʻlgan temuriylar davri merosi
bugun yana dunyo nigohida ekanini eʼtirof etdi.
Aprel
— Amir Temur oyligi davomida mamlakatimiz va chet ellarda yuqori darajada
tashkil etilgan koʻplab ilmiy konferensiyalar, maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy
tadbirlar buning yana bir amaliy ifodasi boʻldi.
Bu
haqda gapirganda, bugungi kunda dunyoning taraqqiyot markazlari hisoblangan
AQSH, Ispaniya va Buyuk Britaniya kabi mamlakatlarda mashhur ajdodimiz va u zot
qoldirgan boy merosga bagʻishlab oʻtkazilgan ilmiy va mediaanjumanlar, jonli
uchrashuv va davra suhbatlari, yangi film va kitoblar taqdimotlari Gʻarb olami
ziyolilari, umuman, keng jamoatchiligida ulkan eʼtibor va qiziqish
uygʻotayotganini alohida taʼkidlash lozim.
Kino
sanʼati tarix haqiqatini insonlar ongi va qalbiga yetkazishning eng taʼsirchan
vosita. Shu bois, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan
“Tirik tarix” dasturi doirasida “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida suratga olingan
“Ulugʻ Amir va donna Mariya” badiiy filmi premyeralari ushbu rang-barang
tadbirlarning asosiy madaniy voqeasiga aylangani bejiz emas.
Filmning
Vashington shtati AQSH Davlat departamenti xodimlari, siyosatshunos olimlar,
tarixchi va ekspertlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, Jorj Vashington
universiteti professor-oʻqituvchilari va talabalari, oʻzbek diasporasi
namoyandalari hamda vatandoshlarimiz ishtirokida boʻlib oʻtgan rasmiy
taqdimotida ham ayni shu jihat yaqqol sezilib turdi.
Marosimda
taʼkidlanganidek, oʻzbek sanʼat ustalari bilan birga, Buyuk Britaniya, AQSH,
Braziliya, Fransiya, Italiya, Turkiya, Yaponiya kabi mamlakatlarning taniqli
ijodkorlari, jumladan, Xuan Kasilyas, Oskar Foronda singari ispaniyalik
mahoratli aktyorlar ham qatnashgan mazkur filmda Amir Temur saltanatining
Yevropa davlatlari bilan diplomatik aloqalari, oʻsha davrdagi siyosiy
munosabatlar, madaniy hamkorlik va sivilizatsiyalarning oʻzaro muloqoti mahorat
bilan yoritilgan.
Kartina
namoyishidan avval Amir Temur va temuriylar davrining dunyo sivilizatsiyasi
taraqqiyotidagi oʻrni va ahamiyatiga bagʻishlangan davra suhbati tashkil
etilgani okeanorti muxlislariga oʻrta asrlarda Osiyo va Yevropa qitʼalarida
kechgan hamda dunyoning siyosiy va harbiy arxitekturasiga uzoq yillar davomida
taʼsir koʻrsatib turgan tarixiy voqealar ruhini yaqindan his qilish imkonini
berdi.
Muhokamalarda
soʻzga chiqqan taniqli olim, professor Sebastiyen Peyrous Amir Temur buyuk
sarkarda va uzoqni koʻra oladigan davlat rahbari sifatida jahon tarixida
alohida oʻrin tutishini, uning strategik va harbiy mahorati, samarali davlat
boshqaruvi, ilm-fan, meʼmorlik va shaharsozlik rivojiga qoʻshgan hissasi keng
mintaqa taraqqiyotiga taʼsir koʻrsatgan noyob madaniy-intellektual muhit
shakllanishiga zamin yaratganini qayd etdi.
Oʻzbekiston
Prezidenti maslahatchisi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov
boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari ishtirokida Ispaniyaning Madrid, Grenada,
Sevilya va Barselona shaharlarida boʻlib oʻtgan ilmiy-maʼrifiy tadbirlar ham
Markaziy Osiyo tarixiy merosini targʻib qilish va madaniyatlararo muloqotni
mustahkamlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.
Xususan,
Madriddagi “Sasa Arabe” arab madaniyat markazida mamlakatimizning Ispaniyadagi
elchixonasi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda
Kinematografiya agentligi hamkorligida “Buyuk temuriylar tarixi va madaniy
merosi” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etildi. Ilmiy-akademik
jamoatchilik vakillari, madaniyat va sanʼat namoyandalari, xalqaro ekspertlar,
xorijiy davlatlar elchilari ishtirok etgan anjumanda Amir Temurning jahon
tarixidagi oʻrni, temuriylar Renessansining ilm-fan va madaniyat rivojiga
qoʻshgan ulkan hissasi, yangi Oʻzbekistonning boy va qadimiy madaniy merosni
asrash va targʻib etishga qaratilgan saʼy-harakatlari haqida atroflicha
maʼlumotlar berildi.
—
Bunday loyihalar yosh avlodga oʻz tarixini chuqurroq anglash va temuriylar
madaniyatining asrlar davomidagi rivojlanishga koʻrsatgan taʼsirini kengroq
kontekstda koʻrish imkoniyatini beradi, — dedi Fransiyadagi Temuriylar
assotsiatsiyasi prezidenti Frederik Bressand anjuman chogʻida. — Bu ham
mamlakat fuqarolari, ham xalqaro auditoriya uchun muhim boʻlib, Oʻzbekiston va
butun Markaziy Osiyoning madaniy boyligini namoyish etadi.
Mamlakatimizning
Ispaniyadagi elchixonasida Amir Temur va temuriylar davriga bagʻishlangan yangi
kitoblar taqdimoti boʻlib oʻtdi. Ayniqsa, ispaniyalik taniqli adib Xesus
Sanches Adalidning “Amir Temurga atalgan uch lochin” romani tadbir
ishtirokchilarida yorqin taassurot qoldirdi. Anjumanda tarixchi olim va
tadqiqotchilar, diplomat va ijodkorlar soʻzga chiqib, mazkur nashrlar Amir
Temurning hayoti va faoliyati, uning davlat boshqaruvi, harbiy sanʼat hamda ilm-fan
va madaniyat rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasini zamonaviy ilmiy yondashuv
asosida yoritib berishi bilan xalqaro ilmiy hamjamiyat uchun qimmatli manba
boʻlishini qayd etdilar.
Mueller
& Schindler korporatsiyasida oʻtkazilgan uchrashuvda esa davlatimiz
rahbarining maxsus Soʻzboshisi bilan Toshkentda chop etilgan “Temur tuzuklari”
asarini ispan tiliga tarjima qilish va nashr etish boʻyicha kelishuvga
erishildi.
“Ulugʻ
Amir va donna Mariya” filmining Madrid shahridagi “Palacio de Hielo”
kinoteatrida tashkil etilgan taqdimoti mamlakatimizda tarixiy merosni tiklash,
milliy oʻzlikni anglash, Oʻzbekiston va Ispaniya madaniy aloqalarini
rivojlantirish masalalariga katta ahamiyat berilayotganiga eʼtibor qaratildi.
Ushbu film Barselona shahridagi mashhur “Cinemes Girona” kinoteatrida ham
taqdimot qilindi. Unda ispaniyalik tomoshabinlar bilan birga Barselona shahrida
istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz ham ishtirok etdi.
Taqdimotlarda
soʻzga chiqqanlar filmda Amir Temur siymosining yangi qirralarini ochishga alohida
eʼtibor qaratilganini taʼkidlab, kartina nafaqat tarixiy voqealarni qayta
jonlantirgani, balki oʻsha olis davr ruhini, xalqlar oʻrtasidagi munosabatlar
mohiyatini chuqur his etish imkonini ham berganini urgʻuladi.
Oʻzbekiston
va Ispaniya xalqlarini qadimdan tarixiy-madaniy aloqalar oʻzaro bogʻlab turadi.
Xususan, bundan 622-yil muqaddam Kastiliya va Leon elchisi Rui Gonsales de
Klavixo yurtimizga, Sohibqiron Amir Temur saroyiga tashrif buyurgan va bu haqda
mashhur “Kundaliklar”ida noyob maʼlumotlarni yozib qoldirgan.
Mamlakatimiz
delegatsiyasi aʼzolarining Ispaniyaga tashrifi davomida bu tarixiy fakt ham bir
necha bor tilga olindi. Jumladan, yozuvchi Xesus Sanches Adalid hamda ssenarist
va prodyusser Alexandro Olvera bilan uchrashuvda “Klavixo” badiiy-publitsistik
filmini hamkorlikda yaratish yuzasidan fikr almashildi.
Grenada
shahri yurtimiz vakillarining navbatdagi tashrif manzili boʻldi. Bu yerda
Yevro-Arab oliy tadqiqotlar jamgʻarmasi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Jamgʻarma Yevropa Ittifoqi va arab-musulmon dunyosi davlatlari oʻrtasida
madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga ixtisoslashgan xalqaro tashkilot
boʻlib, oʻz faoliyatida taʼlim dasturlarini qoʻllab-quvvatlashga, madaniy
xilma-xillik va diniy radikallashuvning oldini olishga doir qoʻshma loyihalarga
asosiy eʼtibor qaratadi. Uchrashuvda Jamgʻarma fondlarida saqlanayotgan,
yurtimizga daxldor manbalarni birgalikda oʻrganish va ilmiy isteʼmolga
kiritish, jumladan, Rui Gonsales de Klavixoning Amir Temur saltanatiga sayohati
tarixi bilan bogʻliq qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha fikr
almashildi.
Muloqot
chogʻida mamlakatimizda yoshlar taʼlim-tarbiyasi, ularni milliy va umumbashariy
qadriyatlar ruhida kamol toptirish masalalariga davlat siyosati darajasida
eʼtibor berilayotgani, dunyodagi hozirgi gʻoyat murakkab davrda aynan taʼlim,
maʼrifat va madaniyat yosh avlodni buzgʻunchi va zararli taʼsirlardan himoya
qilishning asosiy vositasiga aylanayotgani taʼkidlandi. Oʻzbekistondagi Islom
sivilizatsiyasi markazi faoliyati ham shu ezgu maqsadlarga qaratilgani eʼtirof
etildi. Shu bois, tomonlar oʻzaro tajriba almashish, ilgʻor xalqaro amaliyotni
oʻrganishdan manfaatdor ekani, yosh mutaxassislarni tayyorlash va taʼlim
dasturlarini amalga oshirish boʻyicha hamkorlikka tayyorliklarini bildirishdi.
Mamlakatimiz
delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga tashrifi madaniy voqealarga boy kechdi.
Kinematografiya agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Shuhrat Rizayev
boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi bilan
hamkorlikda oʻzbek madaniyati va sanʼatini targʻib qilish, ingliz
kinostudiyalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha muzokaralar
oʻtkazdi.
Britaniya
kolleksiyalarida saqlanayotgan, Oʻzbekistonga oid kitob va albomlar taqdimoti
tashkil etildi.
Londonning
“Regent Street Cinema” kinoteatrida “Ulugʻ Amir va donna Mariya” badiiy filmi
namoyishi boʻlib oʻtdi. Namoyishda 200 ga yaqin xorijiy mehmon, jumladan, Buyuk
Britaniya lordlari va parlament aʼzolari, Vestminster universiteti rahbariyati,
diplomatik korpus vakillari, xorijda mehnat qilayotgan va oʻqiyotgan
vatandoshlarimiz qatnashdi.
Vestminster
universiteti rektori, professor Peter Bonfiyeld ushbu tarixiy filmni tomosha
qilib, Amir Temur shaxsi va uning Yevropada tutgan oʻrni haqida juda koʻp yangi
maʼlumotlarga ega boʻlganini bildirdi. Murakkab syujetli ushbu tarixiy filmni
suratga olgan kinoijodkorlar mahoratiga yuqori baho berdi.
Buyuk
Britaniyada yashayotgan oʻzbek yoshlari va vatandoshlar bunday filmlarni chet
ellarda koʻproq namoyish etish kerakligini, ular xorijda istiqomat qilayotgan
yurtdoshlarimizda vatanga muhabbat va ajdodlarga ehtirom hissini yanada
oshishiga xizmat qilishini taʼkidladilar.
Tadbirlar
doirasida Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya oʻrtasida madaniy aloqalarni
mustahkamlash, milliy va umumbashariy qadriyatlar uygʻunligini targʻib etuvchi
kinomahsulotlar platformasini yaratish boʻyicha hamkorlik memorandumi
imzolandi.
Shuningdek,
Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi, Islom sivilizatsiyasi markazi,
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi hamkorligida Amir Temurga bagʻishlangan
mediaanjuman oʻtkazildi.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro
auksion uylari va artefaktlarni sotuvchi dilerlar bilan hamkorlik boʻyicha
maxsus komissiyasi aʼzolaridan iborat delegatsiya Buyuk Britaniyada boʻlib
oʻtgan Islom merosi haftaligi doirasida Sothebyʻs, Christieʻs auksionlaridagi
Oʻzbekistonning madaniy merosi bilan bogʻliq artefaktlar savdolarida ishtirok
etdi. Ushbu auksionlarda Oʻzbekiston madaniy merosiga aloqador boʻlgan 29 ta
lot uchun kurash olib borildi va ularni xarid qilish huquqi qoʻlga kiritildi.
Mazkur artefaktlarning 8 tasi turli davrlarga tegishli Qurʼon qoʻlyozmalari, 1
tasi nodir qoʻlyozma, 6 tasi boburiylar davriga mansub tasviriy sanʼat asari
hisoblanadi.
Oʻzbekistonning
Buyuk Britaniyadagi elchixonasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik
tashkilotining madaniy merosga qarshi jinoyatlarga qarshi kurash guruhi
tomonidan Londonda oʻtkazilgan maxsus operatsiya doirasida qoʻlga olingan 10 ta
noyob tarixiy artefaktni Oʻzbekistonga begʻaraz topshirish marosimi ham
oʻtkazildi.
Buyuk
Britaniyaning nufuzli siyosat va madaniyat namoyandalari, London politsiyasi va
bojxonasi vakillari, xalqaro ekspertlar ishtirok etgan ushbu tadbirda bu noyob
artefaktlarni mamlakatimizga qaytarish haqidagi qarorga yurtimizda
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida madaniy merosni oʻrganish va
saqlash boʻyicha yuritilayotgan davlat siyosati asos boʻlgani alohida eʼtirof
etildi.
Shuningdek,
artefaktlar orasida qora toshdan ishlangan qabrtosh ham boʻlib, ashtarxoniylar
davriga mansub, 1642-yilda vafot etgan saroy amaldorlaridan biriga tegishli
ekani aniqlandi. Ushbu artefaktlarning barchasi yurtimizga olib kelindi.
Tarixiy adolat qaror topdi.
Darvoqe,
Sohibqiron bobomiz oʻz saltanatini adolat va qonun ustuvorligi tamoyillari
asosida boshqargan edi. Ota yurti Shahrisabzda oʻzi bunyod ettirgan goʻzal
meʼmoriy obida — Oqsaroy peshtoqiga “Adolat davlatning asosi va hukmdorlar
shioridir”, degan soʻzlarni yozdirgan edi. Bu hikmatli soʻzlar bugungi
kunimiz uchun ham muhim va dolzarb ahamiyatga ega. Chunki tinchlik va adolat
hukm surgan joydagina ilm-maʼrifat, sanʼat, adabiyot va madaniyat taraqqiy
topadi. Xalqlar va davlatlar oʻrtasida doʻstlik va hamkorlik rivojlanadi.
Shu
maʼnoda, buyuk ajdodimiz va uning shonli sulolasi tomonidan yaratilgan
temuriylar Renessansi mamlakatimizda yangi Uygʻonish davri poydevorini
yaratishda biz uchun katta ishonch, ilhom va kuch-gʻayrat manbai boʻlib xizmat
qilayotgani ham, endilikda yana Sharq va Gʻarb olamida muhokamalar maydoniga
chiqqani ham tabiiy va qonuniy tarixiy jarayon hisoblanadi.
Olim TOʻRAQULOV