Dunyoning qaysi bir chetidagi adolatsizlik ularga xuddi oʻzining uyida roʻy berayotgandek tuyuladi. Qaydadir adolatning barqarorligi yoki gʻalabasi ularning ruhiyatini koʻtaradi. Ular har bir yaxshi odamning muvaffaqiyatidan quvonadi, odamlarning muammolari esa ularning ham dardiga aylanadi.
Ular — vatanparvar. Har holda Oʻzbekistonda xuddi shunday. Vatanning gullab-yashnashi, ijobiy oʻzgarishlar har bir fuqaroning hayotini yuksaltirish sari qoʻyilgan qadam ekanini teran his qiladilar, kayfiyatlari koʻtariladi. Xudoga ming shukrki, bu oʻzgarishlar har soatda, har kuni roʻy berib turibdi. Butun mamlakat harakatda. Eng muhimi, bu islohotlar jaydari tusda emas, balki jahonning eng ilgʻor texnologiyalari asosida olib borilmoqda. Sharoitlar yaratilgani tufayli investitsiyalar bemalol kirib kelyapti. Rivojlanish shiddati butun mamlakatni qamrab olgan.
Qalam ahli bu va koʻplab boshqa yutuqlardan boxabar. Muammolarni bartaraf etish yoʻlidagi saʼy-harakatlarni ham mudom sezib turadi.
Yaqinda bir guruh ijodkorlar bilan qoʻshni doʻst mamlakatda safarda boʻldik. Bir kech oʻz-oʻzidan badiha davra tuzilib, suhbat gurillab ketdi. Avval mezbon mamlakatni Oʻzbekiston bilan taqqos qila boshladik. Baravariga “Biz oldinga ketibmiz” degan xulosaga keldik! Bugungi Oʻzbekiston haqida gaplashdik. Men yetmish olti yil umr koʻrganimni, ammo xalqimiz hech qachon bunday yayrab yashamaganini aytib qoldim. Davradagilar bu gapimni ham bir ogʻizdan tasdiqladi. Ha, shunday! Hech qachon bunday yashamaganmiz!
Yuraklarni faxr bilan toʻldirgan bu eʼtiroflar qachon koʻnglimizni toʻldirdi?
Axir biz eʼtirof etgan yutuqlar oʻz-oʻzidan paydo boʻlgani yoʻq-ku!
Uning ortida kimning mehnati-yu zahmati, betinim harakati yotibdi?
Mamlakatimizning barcha hududida yoyilgan bunyodkorlikka kim gʻayrat-shijoat bagʻishlayapti?
Savollarga javob bitta: bu olamshumul zafarlarning ortida bir kishining, ha, bir kishining — Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning fidokorligi turibdi.
Oz emas, koʻp emas, Yangi Oʻzbekistonni qurmoqchi boʻlgan shu azamat insonning misli koʻrilmagan fidokorligi!
Men bu inson haqida koʻp oʻyladim. Oxiri, bu odam haqida yozmasam, adolatdan boʻlmas ekan degan qarorga keldim.
Yoʻq, xushomad qilish niyatim yoʻq. Nimaga xushomad qilaman? Yoshim bir joyga borgan boʻlsa, mukofot-u unvonlarni ham hech kimga likillamay olgan boʻlsam...
1
Bu islohotlar boshlanganda mamlakat qay ahvolda edi?
Odamlar qanday yashayotgan edi?
Oʻzimning boshimdan oʻtkazganlarimni bir eslay.
Men koʻp qavatli uyda yashayman. Uyimiz necha-necha qishlar boʻyi isimasdi. Bir farzandim keyinchalik “Shu uyda bir umr sovuq qotib ulgʻaydik”, deb esladi.
Nafaqaga chiqdim. “Ishlasang, nafaqangning yarmi toʻlanadi”, deyishdi. Nima deyman? Xoʻp-da... Koʻpga kelgan toʻy.
Maosh hemiri. Yarim pensiyaga qoʻshib, oydan oyga arang yetkazamiz.
Toʻlov plastik kartasi bilan bogʻliq mashmashalarni-ku, aytmay. Doʻkonga borasan. Kerakli molning narxini soʻraysan. “Naqd olsangiz, sakson soʻm, plastik karta bilan toʻlasangiz, yuz...”.
Denovda — bozorning naq oʻrtasida “plastik kartadagi pulni naqdga almashtirish punkti” ochildi. Oʻsha bezbet shaklda — yuz soʻm yechib olishsa, sakson soʻm qoʻlingga berishadi. Eng dahshati, bu “punkt”ni bunday hollar yuz bermasligini nazorat etuvchi tashkilotlarning odamlari yuritdi. Dodingni kimga aytishni bilmaysan...
Bu loʻttibozliklar butun xalq koʻz oʻngida roʻy berdi. Hech kim miq etolmadi. Qoʻrquv. Bu qoʻrquvdan yaralgan taqdirsizlik — ertani oʻylashdan choʻchish — mudom yelkadan toshday bosib turdi.
Qarz koʻtardim. Dollarda qarz berganlarga dollarda qaytarib berish kerak. Bank kassalarining yoniga ham borolmaysan. Banklar dollarni sotuvga chiqarib, oʻzi sotib olib yotibdi. Odamlarini qoʻyib qoʻygan — allaqanday shangʻi xotinlar...
Bozorga borasan. Har qadamda “dollarchi”lar shaykasi... Dollarning narxi rasmiy kursdan ikki barobar baland. Koʻr boʻlib olasan.
Surxondaryoda gʻalla yetishtirgan bir tadbirkor menga uchrashib, gʻallasini topshirganini, ammo haqini yeb ketishganini aytdi. Men bir-ikki amaldorga aytgan boʻldim. Biror natija chiqmadi. Tadbirkor shu xoʻrlikning jabridan oʻlib ketdi...
U-bu joylardagi oʻzgarishlar odamlarning dasturxoniga yetib kelmadi. Mamlakatni firibgarlar bosdi.
Bu ishga qarshi kurashishi zarur boʻlgan tashkilotlar davlat ichida davlat tuzdilar. Odamlar ustidan zoʻravonlik joriy etildi.
Masalan, Surxondaryoda xavfsizlik xizmati allaqanday fashistik (boshqa soʻz ularning qilmishini ifodalab berolmaydi) tizim oʻrnatdi. Odamlarni pashsha oʻrnida koʻrmadilar. Xoʻrladilar, mulklarini tortib oldilar, misli koʻrilmagan qiynoqlarga soldilar, oʻldirib ham yubordilar. Qiynoqlarning Stalin zamonida kechgan usullarini qoʻlladilar. Ularni yanada yangi “pogʻona”larga koʻtardilar.
— Tirnoqlarimni sugʻurib oldilar, — deb zorillab eslaydi ularning qoʻliga tushgan bir begunoh. — Hammasini baravar sugʻursalar ham mayli edi, har kuni bittasini sugʻuradilar...
Hatto hokimlarga ham tazyiq oʻtkazildi. Bu yurtda ular ham ishlashdan bezib qoldi. Noiloj ishdan ketish haqida ariza yozdilar.
Mustaqillikdan odamlarning koʻngli qoldi.
Bitta-yarim tanishlar menga ham taʼna qila boshladi: “Ana siz orzu qilgan istiqlol...”.
Rosti, men ham bebaxt yashadim. Gazeta-jurnallarda yozganlarimni nashr etish nari tursin, ism-familiyamni ham oʻchirib tashlaydigan boʻlishdi. Men nima qilgan edim? Bir koʻrsatuvda “Birovlar harom-xarish yoʻl bilan pul toʻplayapti. Payti kelgach, pulini koʻtarib, xorijga joʻnab ketadi” degan rost gapni aytgan edim, xolos. Bu koʻrsatuv tufayli televideniyedagi necha-necha ijodkorlar jazolandi, ishdan ketdi...
Tan olaylik, mustaqillikning ilk davrida yangi tizimli mamlakatni bunyod etish, nochorlikdan qutulish uchun bir qadar qattiqqoʻllik ham zarur edi. Ammo mamlakat rivojlanib borgani sari bu qattiqqoʻllik oʻrnini adolat oʻlchamlariga mos yoʻriqlar asta-asta egallab borishi kerakligi ham barchaga ayon edi. Biroq bunday boʻlmadi. Chunki eng tepadagi odam ham nayrangbozlarning qoʻlida asirday yashadi. Joylarda roʻy berayotgan, hatto oʻz oilasida roʻy berayotgan voqealardan ham gʻaflatda qoldi. Barcha adolatsizliklar sir tutildi.
Yuqorida yozganlarimni hech kim rad etolmaydi. Ularni bor boʻyicha koʻrsatish uchun esa necha jildlab kitoblar yozilsa boʻladi. Men faqat boshimdan oʻtkazganlarimning va tugʻilgan yurtim Surxondaryoda roʻy bergan mashʼum voqealarning bir qisminigina eslayapman.
Avj olgan muammolarni bartaraf etish yoʻllarini hech kim bilmasdi.
Biroq Parvardigor bilguvchidir! U mamlakatni rivojlanish sari yoʻnaltirish uchun nima qilish kerakligini aniq bildi.
Mamlakat Prezidentligiga Shavkat Miromonovich Mirziyoyev saylandi va… birdan moʻjizalarga oʻxshash hodisalar roʻy bera boshladi.
Aytib oʻtganim — koʻrgiliklar bitta-bitta yechimini topib ketaverdi. Toʻlov plastik kartalari risoladagiday ishlay boshladi. Pensiyalar toʻliq beriladigan boʻldi. Banklar yangicha ishlash tizimiga oʻtdi: xohlasalaring, mana soʻm, istasalaring dollar, marhamat... Surxondaryodagi odam qiyofasidagi hayvonlar ham jazosini oldi. Ammo bu yechimlarni topish uchun qanchalar sabot va jasorat kerak boʻlgani faqat va faqat Shavkat Miromonovichning bir oʻziga ayon. Axir qalamga olganim hodisalardan tashqari, uning zimmasida yana qancha-qancha tashvishlar bor edi.
Birgina Surxon xalqini zor qaqshatgan mustaqillikning zararkunandalari shaykasini tugatish naqadar qiyin boʻlganini tasavvur qilaman. Axir ular osmondan tushmagan — bu gumrohlarni Toshkentdagi martabasi baland, beli baquvvat, birovni nazar-pisand qilmaydigan homiylari qoʻllab-quvvatlab turardi. Bu jinoyatchilar toʻdasining koʻlami juda katta — bir-biri bilan zich bogʻlanib ketgan, xalqning manfaati degan muqaddas tushunchani tushida ham koʻrmagan, odamlar hayotini xasdan ham arzon bilgan bedavolardan iborat edi. Avval mana shu toʻdaning boshi kesildi. Bu ish oson boʻlmadi. Boʻshangroq bir odam boʻlganda ular bilan murosai madora etib ketaverardi. Ammo Shavkat Miromonovich bunday qilishni oʻziga ep bilmadi. Chunki oʻrtada Vatan, xalq taqdiri bor edi. Boʻlajak Vatanni bunday toʻdalarga panja orasidan qarab emas, balki bu toifa noqislardan tozalab, pokiza niyat va ezgu harakatlar bilan yaratish lozimligini Shavkat Miromonovich mudom his etib turardi.
Vatanni halol odamlar yaratishini bu inson juda teran tushunadi.
Qotillik illati yuqqan bu kaslardan el-yurt ozod qilindi. Avval “tepa”dagi, keyin pastdagi qatlam ildizi bilan sugʻurib tashlandi. Bu gaplar aytishga oson...
Mamlakatimiz tarixida ushbu voqealar kimgadir juda kichik epizod boʻlib tuyular, ammo Vatanni xalqning boshiga chiqib olgan bunday jirkanch toʻdalardan ozod etish uchun rahbarimizga qanchalar matonat va qatʼiyat kerak boʻlganini bir tasavvur qilib koʻring!
Esimda: bu voqealar nihoyasiga yetkazilgach, Prezidentimiz Surxonga tashrif buyurib, “Surxondaryo xalqi, endi ozodsan!” deb elga murojaat etgan edi.
Haqiqatan, Surxondaryo erkin nafas oldi.
Men faqat yaxshi bilganim — Surxondaryo haqida yozyapman. Oʻzbekistonda esa oʻn toʻrtta maʼmuriy-hududiy birlik bor. Prezidentimizning ulardagi muammolarni hal etishdagi mardonavor saʼy-harakatini qalamga olish uchun esa bu maqola kichiklik qilishini sezib turibman.
2
Odamlar yaxshilikka tez koʻnikadi. Bir-ikki “Yaxshi boʻldi-ye!” deb quvonadi-yu, keyin xuddi hamisha shunday boʻlganday oʻtib ketaveradi. Nazarimda, shunday boʻlgani ham durust! Odamlar odamga oʻxshab yashashni oʻrganyapti! Munosib yashash moʻjiza emas, shunchaki har kuni biz yuzma-yuz duch keladigan voqelik ekaniga koʻnikib boryapmiz-da!..
Ammo men rivojlanish jarayoni shu qadar jadal borayotganidan baribir quvonaman.
Avliyolar, olimlar maskani boʻlgan Termiz esimni bilganimdan buyon koʻrimsiz, chang-toʻzonga qorishgan, soya-salqindan yiroq — yopiq harbiy shaharcha edi. Unga kirishning oʻzi ham bir mashaqqat — harbiylarning posti oʻrnatilgan, har bir yoʻlovchining pasporti sinchiklab tekshirilar, agar Surxondaryo hisobida boʻlmasangiz, oʻtib koʻring-chi!
Mustaqillikdan keyin esa, xabaringiz bor, bunday tekshiruvlar yanada avj oldi. Endi har bir viloyat oʻrtasida sunʼiy toʻsiqlar — postlar oʻrnatildi. Bu holat xalqimizning mamlakatimiz boʻylab erkin harakatlanishiga xalal beradigan ortiqcha mashmasha edi. Pasportni unutgan boʻlsangiz, bu postlardan oʻtishning yagona yoʻli — imkonini topib, “posbon”larga pora berish edi... Boshqa ilojingiz yoʻq. Nazarimda, bu postlar xuddi shunday vaziyat yaratish uchun qoʻyilgan tuzoq edi...
Surxondaryoda esa bu holat yoʻlovchini jiddiy tahlikaga soladigan darajada murakkab edi. Viloyatga kirishda — Darband postida xuddi xorijga ketayotganingiz kabi bor-yoʻgʻingiz tintilar, yuklaringiz esa lentaga solinib, lazerli uskunalar yordamida koʻzdan kechirilardi. Bu ham yetmagandek, jomadon-u sumkalar ham ochdirilib, tekshirilardi... Tintuv. Xullas, pora bermasangiz, qutulib boʻpsiz. Termizga va Sariosiyoga kiraverishda yana shu holga duch kelinar edi.
Bu toʻsiqlarning hammasi Shavkat Miromonovichning bir shashti bilan yoʻq boʻldi.
Chang-u gʻuborga qorishgan Termiz ham birdan oʻzgara boshladi.
Hozir bu shahar koʻchalarining ikki chetida manzarali daraxtlar soya tashlab turibdi. Ketgunicha yam-yashil chimzor. Gullar ajib did bilan ekilgan. Yaqinda mehmonxonadan mashinada chiqib, mana shunday goʻzal — bir qarich ham uzilmagan manzarani oralab, aeroportgacha bordim. Xorijiy kurort shaharchalarni eslatadi. Yangi qurilgan shinam, koʻrkam imoratlar ham yarashiqli. Menga oʻqituvchilardan biri “Odamlarning uy-joyga ehtiyoji toʻliq taʼminlangan, bir xonadonda ikki-uch oila tiqilib yashashdan qutulgan”, deb qoldi. Amaldor emas, oʻqituvchi aytdi!
Termiz esa oʻsyapti. Baland-baland binolar qad koʻtaryapti. Hatto shahar erkin nafas rostlab, tiqilmay kengayishi uchun qoʻshimcha yerlar kerakligi koʻzga tashlanib qoldi. Shavkat Miromonovich bu masalani ham hal qilib
berdi — shaharga qoʻshimcha joylar ajratildi.
Oʻquvchida “Surxondaryoda faqat Termiz gullab-yashnayotgan ekan” degan taassurot qolmasligi uchun aytib qoʻyay, viloyatlardagi barcha tumanlar oʻzgacha qiyofa kasb etgan. Chamasi, besh-olti yil avval bir guruh sanʼatkorlar bilan Surxonning shimoliy hududlari sari ketayotgan edik. Yoʻlda bir zum chalgʻibman. Oʻzimga kelib qarasam, bir notanish shaharning yonidan oʻtyapmiz. Koʻp qavatli uylar, orasida orasta yoʻlaklar, daraxtlar, bolalar oʻynaydigan maydonchalar lip-lip oʻtadi. Qayerga kelib qoldik? Surxondaryoning har bir qarich yerini bilaman. Nahotki, tush koʻrayotgan boʻlsam? Bir oz yurgach, angladim: bu — Denov. Ha, oʻzim boshdan-adoq kezib-bilib yurganim Denov! Ey Xudo! Bu shahar ichidagi shahar — moʻjiza qachon, qanday barpo boʻldi? Shuncha tezmi? Angladim — bu moʻjiza Prezidentimizning shijoati tufayli bunyod boʻlgan! Soʻng tasavvur qildim: mamlakatda qancha tuman bor, qancha shahar bor, boringki, mahallalar bor.... Barchasida mana shunday bunyodkorlik ketayotgan boʻlsa kerak-da! Ketyapti!
Butun mamlakatda bunday yoppa bunyodkorlikni qaysi qudrat harakatga keltiryapti? Bu savolga javob aniq: Shavkat Miromonovich Mirziyoyev!
3
Men majlislarda kam qatnashaman. Maqsad majlis oʻtkazishdangina iborat boʻlgan yigʻinlardan oʻzimni tortaman.
Ammo yaqin kunlarda ikki majlisda qatnashib, vaqt qanday oʻtganini sezmadim. Zavqlanib oʻtirdim. Oʻzbekistonni sevadigan bir vatanparvar sifatida faxru quvonchga toʻldim. Gap Vatanimizning bir boʻlagi boʻlgan Surxondaryoning ertasi haqida ketdi. Prezidentimiz viloyatda 2030-yilga qadar amalga oshiriladigan rejalar haqida soʻzladi.
Majlisda rejalar haqida shunchaki gapirilmadi, balki uni amalga oshirish uchun puxta, koʻlamli va aniq tayyorgarlik koʻrilgani maʼlum boʻldi. Masalan, mana bu tarzda: reja loyihasi tayyor, mablagʻ bor (bank boshligʻi tasdiqlaydi yoxud jahondagi qaysi investor bilan kelishilgani aytiladi), bu rejani amalga oshiradigan tashkilot ham shay turibdi. Ishni qachon boshlash sanasi ham avvaldan aniqlangan. Mutasaddilar yana bir bor majlis ahli oldida axborot berdi. Har bir loyihada qancha ish joyi ochilishi ham ochiqlab borildi. Yuzlab, minglab...
Har bir reja haqida soʻz ketganda, shu tartib amalga oshirildi. Biror-bir ishni bajarish orzu sifatida aytilmadi. Aksincha, qatʼiy ishonch bilan axborot berildi.
Bu rejalarning bir uchi xorijga borib qadalganda esa onlayn tarzda majlisda qatnashayotgan elchilarimiz chet ellik hamkorlar hozir turganini, Oʻzbekistondan imo boʻlgach, shu zahotiyoq uchib borishini maʼlum qildi. Xorijlik hamkorlar ham unday-bunday mamlakatlardan emas — Xitoydan tortib, Janubiy Afrika Respublikasigacha!
Shavkat Miromonovich hech narsani unutmadi. Prezidentimiz bugun nima ishlarni bajarish lozimligini, ertaga nimani amalga oshirish kerakligini ichki — ongosti tuygʻu bilan his qilishini shundoq sezib turdim.
Kattayu kichik muammolarning yechimini topishda bir xil masʼuliyat bilan yondashishiga, baʼzan badihalariga ham guvoh boʻldim.
Majlisdan avval boysunlik — kurash boʻyicha birinchi jahon chempioni Toshtemir polvon Muhammadiyev bilan yosh kurashchilar uchun ochilgan internat haqida suhbatlashgan edik. Majlis soʻngrogʻida Prezidentimiz ana shu polvonga murojaat qilib qoldi:
— Sening internatingning maktabi yoʻgʻ-a?
— Yoʻq, — dedi polvon.
— Bolalar qayerga oʻqishga boradi?
— Shu atrofdagi qishloqlardagi maktablarga.
Shavkat Miromonovich koʻzi bilan zaldan kerakli odamni izlab topdi:
— Puling bor-a?
— Ha, — deb oʻrnidan qoʻzgʻaldi “kerakli odam”.
— Shu polvonning internatiga maktab qurib berolasanmi?
“Kerakli odam” jon deb rozi boʻldi.
— Birinchi sentabrgacha tayyor boʻlsin! — dedi Prezidentimiz.
Zavqlanganimdan sekingina boʻlsa-da “Voya”, deb yubordim. Axir Shavkat Miromonovichning yelkasida qariyb oʻttiz toʻqqiz million nufusli xalqning tashvishi turibdi! Mamlakatda eh-he qancha maktab bor! Endi kelib-kelib, Prezidentimiz Toshtemir polvonning maktab-internati muammosini eslab oʻtirsa!..
Yigʻinda menga ham soʻz berildi va men bu majlisni surxondaryoliklar uchun bayram deb atadim. Chunki tushunishimcha, Vatan degan muhtasham imorat rivoji uchun qoʻyilgan har bir gʻisht — bayram. Bugun esa qanchadan qancha gʻishtlar qoʻyildi!
Bu majlisda aytilgan va kelgusida amalga oshiriladigan har bir reja yurt xazinasi qanchalar boyishi, odamlar xonadoniga qanchalar fayz-u baraka olib kirishi haqidagi raqamlarni eslab oʻtirmayman. Chunki ular matbuotda yetarlicha yoritildi.
Ammo bir qutlugʻ xabarni aytmasam boʻlmaydi.
Yigirma oltinchi aprelda Boysunga boradigan boʻldim.
Termizdan keladigan yoʻl manzilga olti-yetti kilometr qolganda yuqoridagi majlisda tilga olingan — bir necha yillardan buyon qurilishi davom etayotgan Darband — Denov trassasiga qoʻshiladi. Biz boʻlajak trassaga tushdik. Pishiq qilib ishlangan beton yoʻl. Gʻizillab ketyapmiz. Faqat ikki joyda gavarasi koʻtarilib, qurilishi nihoyasiga yetmagan koʻpriklarni aylanib oʻtdik, xolos. Ichimda “Bir-ikki oyda bitib qolar”, deb oʻyladim.
Toʻrt kundan keyin “Boysun bahori” festivalida qatnashish uchun shu yoʻldan yana oʻtishga toʻgʻri keldi. Bu safar mashinamiz tayyor boʻlgan koʻpriklar ustidan gʻizillab oʻtib ketdi! Ha, tayyor boʻlgan koʻpriklar ustidan! Oradan faqat toʻrt kun oʻtib!.. Yana ruhimni quvonch seli bosdi! Qoyil! Va Termizdagi majlisda aytilgan barcha rejalar oʻz muddatida bajarilishiga ishonchim komil boʻldi.
Prezidentimiz yigʻin soʻngida shu taxlit rejalar bilan barcha viloyatga va Qoraqalpogʻistonga borilishini taʼkidlab oʻtdi! Yana mamlakat kelajagini barpo etish yoʻlida ommaviy jadal harakat! Bir zum boʻshashmaydigan, el dasturxoniga baraka beradigan rejalar. Bu rejalarning asoschisi Shavkat Miromonovich ham bir zum tinim bilmaydigan, mudom xalq manfaati uchun kuyib-yonadigan inson! Ezgu niyatlariga farishtalar omin deydi! Parvardigor rahmat eshigini ochadi!
Men yaqin kelajakda yurtimizning eng ilgʻor mamlakatlar qatoridan oʻrin olishiga ishonaman. Bu ishonchimga qoʻshilmaydiganlar boʻlsa, Jahon bankining Oʻzbekistonning rivojlanish surʼati haqidagi raqamlariga murojaat etsin. Bank 2026-yilda mamlakatimiz yalpi ishlab chiqarishi surʼatini 7,7 foiz etib, prognoz beryapti. Xorijlik mutaxassislarning fikricha, oʻn-oʻn ikki yildan keyin Oʻzbekistonning yalpi ishlab chiqarishi trillion dollardan oshar ekan! Trillion! Bular osmondan olingan emas, aniq faktlar tahlili asosida yuzaga kelgan raqamlar! Koʻz tegmasin!
Uzr, xorijlik mutaxassislarni ham xijolat etib qoʻyyapmiz! Yuqoridagi raqamlarni yozgandan keyin hozirgina oʻqib qoldim: oʻsishimiz surʼati ularning taxminidan juda yuqori — 8,7 foizdan ziyod ekan!
4
Dunyoning ulugʻ donishmandlari insoniyatni tutib turgan qadriyatlar haqida oxir-oqibat yagona xulosaga kelgan. Insonlar, xalqlar, davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarga oʻzi ham aralashib, ne-ne gʻavgʻolarni boshdan oʻtkazgan Alisher Navoiy bir kuni mana bunday satrlarni bitgan:
Olam ahli, bilingizkim,
ish emas dushmanligʻ,
Yor oʻlung bir-biringizgaki,
erur yorligʻ ish.
Bu bayt maʼnosini barcha anglab turgan boʻlsa ham mayli, sharhlab qoʻyay: “Dunyo odamlari, — deyapti shoir, — bilib qoʻying: dushmanlik yaxshi ish emas. Bir-biringiz bilan doʻst boʻling, insonga faqat doʻstlik yarashadi”.
Shavkat Miromonovich, nazarimda, hali Prezidentlik lavozimiga saylanmasdan oldin ham “dushmanligʻ ish emas” ekanini chuqur tushungan. Markaziy Osiyodagi qondosh-jondosh mamlakatlar oʻrtasida avj olgan noxushliklarni yuragi achishib kuzatgan. U boshqargan Vazirlar Mahkamasining vazifasi xoʻjalik yuritish boʻlgani uchun qoʻshnilar bilan munosabatimiz yomonligi tufayli rivojlanish imillayotganini teran his qilgan. Eng muhimi, bu gʻalvalardan odamlar ham azoblanayotganini oʻz koʻzi bilan koʻrgan.
Albatta, shunday boʻlgan! Shu bois, Shavkat Miromonovich mamlakat boshqaruvi jilovini oʻz qoʻliga olgach, bir zum tin olmay, avvalo, qoʻshnilar bilan qardoshlik-qarindoshlik rishtalarini tiklay boshladi. Bu ish qancha ogʻir-yengil kechgani faqat shu ezgu niyatli odamning oʻziga maʼlum. Ammo natija qutlugʻ — qoʻshni mamlakatlarga yoʻlimiz tushsa, Oʻzbekistonning bir fuqarosi sifatida biz ham izzat-hurmat koʻryapmiz.
Surxondaryo viloyati uchta mamlakat bilan chegaradosh. Shoʻrolar davrida, masalan, Tojikiston bilan Oʻzbekiston oʻrtasida chegara bor-yoʻqligi esimizga ham tushmasdi. Termiz yopiq shahar boʻlgani uchun Dushanbega ham uchib borib, Surxonga oʻtib ketaverardik. Baʼzilar kattaroq bozor-oʻcharini Dushanbega borib qilardi... Ammo mustaqillikdan keyin bir muddat oʻtgach, hamma oʻziga xon, oʻziga bek boʻlib oldi. Chegaradan oʻtish ushalmas orzuga aylandi!
Hozir tarixga aylangan boshogʻriq bu kunlardan bir shingil voqeani kuni kecha hikoya qilib berishdi. Sariosiyoda yashaydigan bir keksa ayolning Regardagi singlisi vafot etganda jigarining qabrini ziyorat etish uchun sakkiz yil urinib, chegaradan oʻtolmagan ekan. Regar bilan Sariosiyoning orasi, ha boringki, yarim soatlik yoʻl!
Ikki mamlakat oʻrtasida doʻstlik-birodarlik munosabatlari oʻrnatilgach, qarindoshlar bu uzoq ayriliqdan soʻng yigʻlab-siqtab yuz koʻrishdi. Dushanbedan shuvillab mashinalar Surxondaryoga keladigan, uch-toʻrt sariosiyolik doʻstlar “Dushanbeni bir aylanib kelaylik”, deb yoʻlga chiqadigan boʻldi. Bir qadam yoʻl! Ertalab borib, kechqurun qaytib kelasiz!
Tojikistonni boshqa hududlar, qoʻyingki, jahon bilan bogʻlovchi asosiy yoʻllar yurtimiz orqali oʻtadi! Endi bunday imkoniyatlarga ega tojik xalqining xurramligi nechogʻliq boʻlganini tasavvur eting!
Shu sababdan Shavkat Miromonovich bu qoʻshnilarimiz yurtiga tashrif buyurganda, Emomali Rahmon sahnadan turib, hazil aralash juda zoʻr lutf etgan edi: “Bular, — dedi u zalni toʻldirib oʻtirgan tojik xalqi vakillariga ishora etib, — sizni mendan ham ortiq yaxshi koʻradi!”. Mana hurmat! Mana qardoshlik!
Prezidentimizning bu tashrifidan soʻng bir muddat oʻtgach, besh-olti yozuvchi jam boʻlib, Dushanbega bordik. Maqsadimiz Boysunda tugʻilgan doʻstimiz, Tojikiston xalq yozuvchisi Sattor Tursun vafoti munosabati bilan yaqinlariga hamdardlik bildirish edi. Yoz kunlari. Egnimizda yozlik engil-bosh... Aeroportda esa bizni oʻn-oʻn besh chogʻli kishi — oppoq koʻylak, qora kostyum-shim kiygan tojik doʻstlarimiz kutib oldi. Ertasi kuni kutilmaganda Tojikiston Yozuvchilar uyushmasida qardosh adabiyotlarimiz aloqalari haqida konferensiya oʻtkazildi. Yana hamma oʻsha rasmiy kiyimda. Koʻchada esa yoz... Birodarlar, bu tarzda majlisning nomini izzat-ikrom deydilar! Oʻzbeklarga izzat-ikrom!
Bizni Surxondaryoga olib ketgani yurtimizdan ogʻaynilar keldi. Men yoʻlda qanday ketsak boʻladi, avtomobillarni haydovchilar qaysi tezlikda haydasa maʼqul, milisalar toʻxtatsa, qanday muomala qilish kerak deb soʻrab qoldim. Har holda mashinalarimiz raqami Oʻzbekistonniki-da! Tojik doʻstlarning javobi meni hayron qoldirdi:
— Har qanday tezlikda haydayveringlar! Milisalar toʻxtatmaydi! Prezidentimiz “Oʻzbeklar mening mehmonim — ularga hech kim teginmasin”, deb yuqori minbarda aytgan!
Qalay?
Bu gaplar oʻzbek xalqiga hurmatning eng choʻqqisi edi.
Ikki xalq oʻrtasidagi bu izzat-hurmatning qaytishi, yanada yuqori darajaga koʻtarilishi Shavkat Miromonovichning jonkuyarligi, samimiy — diplomatik mahorati va insoniy fazilatlari bilan bogʻliq edi.
Yaqinda atoqli oʻzbek shoiri Shavkat Rahmon tavalludining 75 yilligini nishonlash uchun Oʻsh shahriga bir guruh ijodkorlar bilan yoʻlga chiqdik. Ilgari ham Oʻsh safarida boʻlganman. Chegara mashmashalarini oʻylab, koʻnglim xijil boʻlib borayotgandim. Ammo bezovtalikka oʻrin yoʻq ekan. Oʻzbekiston fuqaroligiga oid hujjatlarimizni koʻrsatib, bemalol oʻtib ketaverdik. Qirgʻizlar ham yurtimizga shunday kirib kelyapti.
Bu bemalollikni yaratgan, ikki xalq oʻrtasida ishonch va haqiqiy doʻstlikni qayta barpo etgan insonlarni alqadik. Axir, bu ikki qoʻshni xalq oʻrtasidan nimalar oʻtmagan edi!
Shavkat Rahmonning yubileyiga bagʻishlangan ijodiy kecha nihoyatda baland saviyada oʻtdi. Majlisda Qirgʻiziston hukumatining bosh kotibi, nufuzli TURKSOY tashkiloti rahbari, Oʻsh shahri hokimi qatnashdi va nutq soʻzladi. Shavkat Rahmon oʻqigan maktabga va shaharning katta koʻchalaridan biriga shoir nomi berildi.
Albatta, bu katta shoir shunday ehtiromga arziydi. Shubha yoʻq. Ammo baribir bu samimiy ehtiromning sababchisi Shavkat Miromonovich ekanini ham har daqiqada his qilib turdik.
Kamina Qozogʻiston safarida boʻlganimda doʻstlarning xuddi shunday mehriga duch keldim. Bir emas, bir necha mukofot bilan taqdirlandim. Hatto xorijiy bir mamlakatning adabiy mukofoti ham qozoq doʻstlarimizning tavsiyasi bilan menga topshirildi. Agar munosabatlarimiz avvaldagiday gʻarazli kechganda, shunday hol roʻy berarmidi?!
Markaziy Osiyo xalqlari oʻrtasidagi bu ittifoqchilikning, bagʻrikenglikning va mehru muhabbatning bosh meʼmori Shavkat Miromonovich ekanini hozir barcha koʻrib turibdi. Xorijliklar ham bu mintaqani rivojlanish sari boshlab boradigan kuch sifatida Oʻzbekistonga qaramoqda.
Men, asosan, azaliy yaqin qoʻshnilarimiz bilan munosabatlar haqida yozdim. Har kuni oʻzgarayotgan bu chigal dunyodagi boshqa mamlakatlar bilan munosabatlarimiz ham aytishga arzigulik ekanini taʼkidlab oʻtmoqchiman. Masalan, Afgʻoniston bilan yetarli darajada aloqalar oʻrnatganmiz. Axir bu mamlakat orqali okeanlarga chiqish orzumiz bor!.. Hozir shundoq Amudaryodagi koʻprikdan oʻtib, oʻzbek tuprogʻiga qadam qoʻyilgan joyda “Oʻzbekiston — Afgʻoniston chegara oldi savdo hududi” bunyod etilgan. Qator-qator doʻkonlar, mehmonxonalar, oshxonalar... Savdo-sotiq avjida. Hudud toʻlib-toshib ketyapti. Prezidentimiz bu hududga yana qoʻshimcha yer ajratish haqida topshiriq berdi.
Albatta, bu yon qoʻshnilarimiz ham Oʻzbekiston rahbari shaʼniga iliq soʻzlar aytgani-aytgan...
Dunyoda haqiqiy obroʻga ega boʻlish oson ish emas. Bu rutbaga isteʼdodli, oʻzini ayamay mehnat qiladigan, farosatli, boshqalarning ham manfaatini hurmat etadigan, oʻz mamlakatini ham jonidan yaxshi koʻradigan siyosiy arboblargina sazovor boʻladi.
Mana shunday obroʻga ega boʻlganlardan biri esa bizning Prezidentimiz — Shavkat Miromonovich! Ha, oʻzimizning Prezidentimiz!
5
Mamlakatimizdagi oʻzgarishlarning oqimi juda katta. Ularning hammasi “Men — oʻzbekman!” deganlarni quvontiradi.
Masalan, keyingi oylardagina roʻy bergan qator yangiliklar hali-hanuz meni hayratga solib kelyapti.
Agar ikki-uch yil avval birov “Barchamizning jonimizga tekkan shu paxtadan sakson-toʻqson sentnerdan hosil olinadi”, desa, kamina “Qoʻysang-chi”, deb kulishi aniq edi. Ammo xuddi shunday boʻldi! Yana qayerda deng? Sirdaryoda! Bu viloyatda talabaligimda paxta terganman. Oʻrtacha yigirma sentnerdan hosil olinsa, doʻppi osmonga otilardi! Endi esa... Odam ishonmaydi. Hatto dehqonlarning oʻzi ham chanoqlar boshdan-adoq ochilgan paxtazorga qarab, hayrat bilan gapirganiga guvoh boʻlganman. Xorijdan urugʻlik keltirildimi? Keltirildi. Ammo oʻzimiz ham qarab turganimiz yoʻq. “Porloq” navli gʻoʻzamiz xorijiy navlardan ortiq boʻlsa ortiq, lekin kam emas!
Bir jumla bilan bilan aytilganda, paxtachilikda inqilob roʻy berdi!
Hayratlanarli yana bir voqea.
Olmaliqda 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushirildi. Bunday fabrikalar qurilib, ishga tushirilish jarayoni butun jahonda oʻn yilga choʻzilar ekan. Bizda esa toʻrt yilda (ha, toʻrt yilda!) amalga oshirildi. Bu muddatga hatto oʻzimizning eng katta mutaxassislar ham, amerikalik hamkor ham ishonqiramagan ekan. Mana shu amerikalik endi butun jahonni Oʻzbekistonning bu tezkor tajribasini oʻrganishga chaqirdi.
Yana bir hayrat. Faqat men emas, hali oʻzbeklarning necha-necha avlodi gʻururlanadigan moʻjiza — Islom sivilizatsiyasi markazining bunyod etilishi. Bu markaz ajib did bilan qurilgan koshona. Devorlarida qoʻl bilan ishlangan naqshlar, butun dunyodan yigʻib kelingan — ilgari oʻzimizdan olib chiqib ketilgan noyob eksponatlar, Usmon Qurʼoni, qadimiy qoʻlyozmalar... Ularni namoyish etish uchun eng zamonaviy texnologiyalarning qoʻllanishi...
Shavkat Miromonovich markazning qurilishi haqida qiziq tushuntirish berdi: “Bu markazning qurilishida shoshmadik. Sakkiz yilda oxiriga yetkazdik...”.
Bu izoh menga juda yoqdi. Chunki navbatdagi bir imorat emas, balki sanʼat asari qurilayotgan edi! Sanʼat asari yaratilishiga xuddi shunday sabr-toqat bilan yondashiladi! Prezidentimiz mana shu noziklikni anglagan!
Xullas, asrlarga tatigulik inshoot dunyoga kelgan.
Men internetda bu moʻjizani tomosha qilish uchun borayotgan ikki kishining suhbatini eshitdim.
— Sen, — dedi ularning biri imorat bor boʻyicha koʻringach, — Tojmahalni ham koʻrgansan. Qaysi zoʻr?..
— Bu zoʻr-ov, — dedi hamrohi binoga nazar tashlab. Soʻng ishonch bilan bir qarorga keldi. — Bu zoʻr!
Tamom, vassalom! Bu zoʻr!
Bunday bunyodkorliklar haqida yozaversam, ado boʻlmaydi shekilli.
Bugun internetni ochdim. Mana, tilga olingan yangiliklar: Toshkentdan Xorazmga yoʻl olgan “Jaloliddin Manguberdi” tezyurar poyezdi, Toshkent viloyati markazidan Bekoboddan aylantirilib, Yangiyerga boradigan yangi 111 kilometrli yangi temir yoʻl qurilishi, Samarqandga boradigan yangi tezkor yoʻl, Toshkentdagi yangi aeroportdagi asosiy ishlarning boshlanishi...
Nazarimda, hayratlarimning endi cheki boʻlmaydi.
Soʻngsoʻz oʻrnida
Sport ishqiboziman. Ishqibozligimni biladigan Xayrulla degan jurnalist ukam — toʻqsoninchi yillarning oxirida boʻlsa kerak, futbol gazetalaridan biriga intervyu olib qoldi.
— Mana, Yaponiya futbol jamoasi jahon chempionati finaliga yoʻllanma oldi, — dedi u. — Biz qachon jahon chempionatiga chiqamiz?
— Endi, — dedim men atrofimdagi voqeliklarni bir zum koʻz oldimga keltirib, — mamlakatimizning Yaponiyaga mengzab rivojlanishini kutamiz-da, ukam.
Orzumizga erishdik. Futbolchilarimiz final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Demak... Yaponiyaga mengzab ketyapmizmi? Shunga juda oʻxshaydi. Har holda rivojlanishimiz surʼati kunchiqar yurtnikidan ancha baland.
Ishonchim komil, shunday boʻladi!
Chunki Vatanimizning bugunini va ertasini yaratishga vatanparvar, xalqparvar, ishbilarmon va adolatli inson bel bogʻlagan!
Usmon AZIM,
Oʻzbekiston xalq shoiri