«BMTning inson huquqlari mexanizmlarida parlament ishtirokini kengaytirish: individual murojaatlar taqdim etish tartib-taomillarini o‘z ichiga olgan fakultativ protokollarni ratifikatsiya qilish» mavzusida mazkur tadbir Oliy Majlis a'zolari uchun tashkil etildi.

Seminar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi va ushbu Boshqarmaning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi bilan hamkorlikda, Parlamentlararo Ittifoq hamda Xalqaro huquqshunoslar komissiyasi ishtirokida gibrid shaklda o‘tkazildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz vakillari, shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi, Parlamentlararo Ittifoq va Xalqaro huquqshunoslar komissiyasi ekspertlari qatnashdi.

Seminarda parlament a’zolarining BMT inson huquqlari tizimida qonun chiqaruvchi hokimiyatning o‘rni borasidagi tushunchalarini chuqurlashtirishga, ularni BMTning xalqaro shartnomalariga doir fakultativ protokollar doirasida individual murojaatlarni ko‘rib chiqish tartib-taomillari bilan tanishtirishga alohida e'tibor qaratildi. Shuningdek, ushbu xalqaro hujjatlarning ehtimoliy ratifikatsiyasi O‘zbekiston uchun qanday huquqiy va institutsional ahamiyat kasb etishi atroflicha muhokama qilindi.

O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatida inson huquqlari sohasidagi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalarini himoya qilishi va faol ilgari surishi alohida qayd etildi.

Muhokama etilgan masalalarning konstitutsiyaviy-huquqiy asosida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qoidalari mujassamdir. Konstitutsiyaning 55-moddasiga ko‘ra, har kim O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa,  insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli.

Seminar dasturi doirasida to‘rtta mavzudagi sessiyalarda ish olib borildi. Ya’ni, «BMTning inson huquqlari bo‘yicha tizimi va parlamentlar», «Fakultativ protokollar doirasida xabarnomalarni ko‘rib chiqish tartib-taomillari», «Shartnomaviy organlarning “fikr-mulohazalari”ni ro‘yobga chiqarish», «O‘zbekiston uchun ahamiyati va keyingi qadamlar» mavzularidagi sessiyalarda qizg‘in muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi xodimi Omer Fisher, ushbu Boshqarmaning Universal davriy sharh bo‘yicha mintaqaviy maslahatchisi Pavlo Byalik, Parlamentlararo Ittifoqning inson huquqlari bo‘yicha kichik maslahatchisi Ilya Novikov, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Petitsiyalar seksiyasi maslahatchisi Behzod Aliev, Xalqaro huquqshunoslar komissiyasining yevropa va Markaziy Osiyo dasturi direktori Temur Shokirov, Milliy markazning Xalqaro hamkorlik bo‘limi katta mutaxassisi Abbosbek Nabiev o‘z ma’ruzalari va ekspertlik fikrlari bilan ishtirok etdi.

Seminar ochiq muhokama va muhim xulosalar bilan yakunlandi.

Inson huquqlari bo‘yichaO‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi matbuot xizmati.