Qonun loyihasiga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bolaga qarshi jinoyatlar haqida ma’lumot olganida jinoyat ishini qo‘zg‘atish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilsa, bu haqda Bolalar ombudsmanini xabardor qilishi shart bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, mazkur tartib sud jarayonlarida, jumladan, voyaga yetmaganlarga oid ishlar bo‘yicha bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini yanada to‘liq himoya qilishga xizmat qiladi.

Shuningdek, qonun loyihasida Bolalar ombudsmanining parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatlari ham belgilanyapti. Unga ko‘ra, bola manfaatlarini ko‘zlab fuqarolik va ma’muriy sudlarga ariza, shikoyat hamda da’volar bilan murojaat qilishda vakil davlat bojidan ozod etilishi taklif qilinmoqda.

Loyihada Bolalar ombudsmanining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash, uni saylash, daxlsizlik huquqidan mahrum etish hamda parlamentga taqdim etadigan ma’ruzasini eshitish tartibini belgilash masalalari ham nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Bolalar ombudsmani bilan majburiy kelishilishi belgilanyapti.

Majlis yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.