Namangan viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi Axborot xizmatining maʼlum qilishicha, 2026-yil 28-mart kuni Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumanida yashovchi fuqaro tuman ichki ishlar organlariga murojaat bilan chiqqan.

Qayd etilishicha, 8-umumtaʼlim maktabida tahsil oluvchi 2013-yilda tugʻilgan qiz farzandiga nisbatan oʻqituvchi tomonidan noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilganini maʼlum qilgan.

Holat yuzasidan Yangiqoʻrgʻon tumani IIB Tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlanib, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan har tomonlama, toʻliq va xolis tergov harakatlari olib borilmoqda. Qoʻshimcha maʼlumotlar belgilangan tartibda eʼlon qilinadi.

Bolalar ombudsmanining xabar berishicha, mazkur holatni oʻz nazoratga olingan boʻlib, jinoyat ishi yuritilishi hamda jabrlanuvchi bolaning huquqlari taʼminlanishi ustidan kuzatuvni davom ettirmoqda.