Qabul jarayonlari my.uzbmb.uz saytida 25 iyungacha (shu kuni ham) bo‘lib o‘tadi.

Test sinovida ishtirok etuvchilar fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini tanlaydi.

Alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshiruvchilar esa ta’lim tili, test hududi, tanlangan yo‘nalish hamda kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan oliygohni belgilaydi. Kirish imtihonlari iyul–avgust oylarida bo‘lib o‘tadi.

Ikkinchi bosqichda abituriyentlar imtihonlar to‘liq yakunlanganidan keyin 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat yo‘nalishi, ta’lim shakli va tanlov ustuvorligini tanlaydi.

Test natijalari imtihondan keyingi kuni ma’lum bo‘ladi. Talabalikka tavsiya etilganlar ro‘yxati esa qabulning ikkinchi bosqichi tugagach, bir hafta ichida e’lon qilinadi.

Texnikumlarga tahsil olish istagini bildirgan abituriyentlar oliygohlarga qabulning yakuniy natijalari chiqqach, 10 kun ichida texnikum, kasb yoki mutaxassislik hamda ta’lim shaklini tanlaydi. Ularning natijalari ham bir hafta ichida ma’lum qilinadi.

Qulaylik yaratish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda barcha oliy ta’lim tashkilotlarida «Qabul–2026» shtabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, fuqarolar 1006 va 1195 ishonch telefonlari yoki @EduuzUniversalBot orqali o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishlari mumkin.