Universitet ma’lumotiga ko‘ra, mazkur tajriba maydonlarida oq jo‘xori (sorgo), kunjut, kungaboqar, jut, tariq, soya, makkajo‘xori, amarant va loviyaning istiqbolli navlari bo‘yicha ilmiy tajribalar o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, yer maydonlarining meliorativ holati yaxshilanib, suv va elektr ta’minoti infratuzilmasi yaratilgan. Bu esa qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish va ilmiy tadqiqotlarni olib borish uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlagan.

Hozirgi kunda ushbu maydonlarda universitetning 8 ta kafedrasi professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, bakalavr va magistratura talabalari, shuningdek, doktorantlar hamda mustaqil izlanayotganlar ilmiy-amaliy faoliyat yuritmoqda.

Kelgusida tajriba xo‘jaligi hududida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash yo‘lga qo‘yilib, «daladan – dasturxongacha» tamoyili asosida spin-off korxonalar tashkil etish rejalashtirilgan. Loyiha orqali dual ta’limni rivojlantirish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish ko‘zda tutilgan.