Maʼlumotlarga koʻra, muqaddam Jinoyat kodeksining 131-moddasi bilan sudlangan, 2007 yilda tugʻilgan fuqaro singlisi va uning tanishi oʻrtasidagi munosabatlar haqida xabar topgan. Biroq u bu maʼlumotlarni sir saqlash oʻrniga, yigitdan pul undirish maqsadida foydalanishga qaror qilgan.

Gumonlanuvchi jabrlanuvchini singlisi bilan boʻlgan munosabatlar aks etgan foto va videolarni oila aʼzolariga hamda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bilan qoʻrqitgan. Shuningdek, tegishli idoralarga murojaat qilib, uni javobgarlikka tortishini aytgan holda bosim oʻtkazgan.

Natijada u yigitdan 2000 AQSH dollari talab qilgan.

2024 yil 2 iyun kuni Buxoro shahridagi “Buxoro City” majmuasi hududida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi talab qilingan mablagʻni olayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.