Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, tezkor qidiruv departamentiga kelib tushgan murojaatda 2008 yilda tug‘ilgan qiz ijtimoiy tarmoq orqali bir yigit bilan tanishgani ma’lum qilingan.

Tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, yigit turli bahonalar bilan qizning shaxsiy xususiyatga ega foto va videomateriallarini qo‘lga kiritgan. Keyinchalik u mazkur materiallarni internetda tarqatib yuborish bilan tahdid qilib, 300 AQSh dollari talab qilgan.

Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan Sergeli tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi talab qilingan mablag‘ning 200 AQSh dollarini olayotgan vaqtda ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qonunchilikda belgilangan tartibda protsessual choralar ko‘rilgan.

Ichki ishlar vazirligi «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli profilaktik tadbirlari davom etayotganini ma’lum qildi. Idora ota-onalarni farzandlarining internetdagi muloqoti, tanishlari va raqamli xavfsizligiga e’tiborli bo‘lishga chaqirdi.

Shuningdek, fuqarolardan tovlamachilik yoki boshqa jinoyiy xatti-harakatlar haqida ma’lumotga ega bo‘lgan taqdirda, ichki ishlar organlariga murojaat qilish so‘raldi. Bunday murojaat qilgan shaxsning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.