Ushbu so‘rov ortidan Centrum Air aviakompaniyasi matbuot xizmati vaziyatga oydinlik kirituvchi rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Kompaniyaning ma’lum qilishicha, 2026-yil 19-may kuni Toshkent – Urganch yo‘nalishidagi C6089 reysi samolyotini majburiy ravishda almashtirishga to‘g‘ri kelgan. Bunga reysga mo‘ljallangan yirik Airbus A330 samolyotini chaqmoq urgani va u havo kemasi xavfsizlik nuqtayi nazaridan texnik ko‘rikka olingani sabab bo‘lgan.
Parvozlarni jadvaldan kechiktirmaslik uchun reysga nisbatan kichikroq sig‘imli Airbus A320 samolyoti ajratilgan. Sig‘im o‘zgargani sababli 42 nafar yo‘lovchi bortga sig‘may, ucha olmay qolgan. Aviakompaniya xavfsizlik yo‘lida samolyotni almashtirish huquqi amaldagi Yo‘lovchi va bagaj tashish qoidalarida hamda kompaniya shartnomasining 15-bandida ko‘zda tutilganini eslatib o‘tdi.
Centrum Air o‘sha vaqtning o‘zida reysdan qolib ketgan barcha yo‘lovchilarga ikki xil yechim taklif qilgan:
Chipta pulini to‘liq qaytarib olish;
Eng yaqin vaqtdagi boshqa reyslarga (shu jumladan, boshqa aviakompaniya samolyotlariga) bepul qayta bron qilish.
Kutish vaqti cho‘zilib ketganlar mehmonxonaga joylashtirilgan. Shuningdek, keltirilgan noqulaylik uchun har bir yo‘lovchiga ichki reyslar uchun keyingi safarga 50% chegirmali promokod, bitta bepul bagaj joyi va samolyotda qulayroq o‘rindiqni bepul tanlash imkoniyati berilgan.
Aviakompaniya Raqobat qo‘mitasining asosiy e’tirozlaridan biri bo‘lgan ortiqcha chipta sotish amaliyotini qat’iyan rad etdi:
“Centrum Air overbuking, ya’ni samolyotdagi o‘rindiqlardan ortiqcha chipta sotish amaliyotidan mutlaqo foydalanmaydi. C6089 reysidagi holat esa faqatgina kutilmagan fors-major sababli yuzaga keldi”.
Kompaniya parvozlar kechikkan taqdirda yo‘lovchilarga barcha aloqa kanallari orqali oldindan xabar berilishi, kutish vaqtida bepul taom va ichimliklar, jarayon uzoq cho‘zilsa — mehmonxona bilan ta’minlanishini bildirdi. Barcha majburiyatlar “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun va Havo kodeksiga mos ravishda bajarilayotgani ta’kidlandi.
Centrum Air Raqobat qo‘mitasi hamda Fuqaro aviatsiyasi agentligi bilan hamkorlikka tayyorligini va tekshiruv uchun so‘ralgan barcha hujjatlar hamda statistik ma’lumotlarni belgilangan muddatda taqdim etishini ma’lum qildi.