Axborot texnologiyalari sohasida 2030-yilgacha 300 mingta ish oʻrni yaratish boʻyicha belgilangan maqsadga joriy yilning oʻzida erishildi. Endi raqamli iqtisodiyotning yangi yoʻnalishlarini rivojlantirish hisobiga 2030-yilga qadar yana 500 mingta ish oʻrni yaratish vazifasi qoʻyilmoqda.
Buning uchun yoshlarni oʻqitishdan boshlab, kasbiy koʻnikmalarini tasdiqlash va ishga joylashtirishgacha boʻlgan jarayonlarni qamrab oluvchi yagona raqamli taʼlim ekotizimini shakllantirish zarur. Taqdimotda 2030-yilgacha 5,5 million nafar yoshni anʼanaviy va masofaviy shakllarda oʻqitishga qaratilgan yondashuvlar koʻrib chiqildi.
Maktab oʻquvchilari uchun “Al-Xorazmiy vorislari” va “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihalarini kengaytirish, oliy taʼlim muassasalari hamda xususiy oʻquv markazlari imkoniyatlarini birlashtirish nazarda tutilmoqda.
Davlatimiz rahbari robototexnika, kompyuter oʻyinlarini yaratish, startaplar va boshqa istiqbolli yoʻnalishlarda yiliga 1 million nafar yoshni oʻqitish vazifasini qoʻydi. Buning uchun milliy trenerlar korpusini shakllantirish, onlayn taʼlim platformalari va qisqa muddatli raqamli kurslarni tezroq ishga tushirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirib, ularning natijalarini amaliyotga keng joriy etish zarurligi taʼkidlandi.
Taqdimotda oliy taʼlimda tayyorlanayotgan kadrlar malakasini texnologiyalar va mehnat bozoridagi oʻzgarishlarga moslashtirish masalalari ham koʻrib chiqildi. Sunʼiy intellekt, mikrosxemalarni loyihalash, dron texnologiyalari va kompyuter oʻyinlarini ishlab chiqish kabi yoʻnalishlarda taʼlimni rivojlantirish, talabalarning amaliy loyihalarda ishtirokini kengaytirish taklif etildi.
Shuningdek, informatika oʻqituvchilarining sunʼiy intellekt boʻyicha bilimlarini oshirish va ularni sertifikatlash, oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun xalqaro raqamli taʼlim kurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Fargʻona tajribasi asosida iOS dasturchilarini tayyorlash markazlarini tashkil etish, xususiy taʼlim markazlariga mentorlar tayyorlash takliflari maʼqullandi.
Ilmiy tadqiqot va ishlanmalarni taʼlim bilan bogʻlashga ham eʼtibor qaratildi. Xususan, OTMlarda oʻrnatilgan tizimlar, mikroelektronika va buyumlar interneti boʻyicha mutaxassislar tayyorlash, muhandislik ishlanmalari va tadqiqot laboratoriyalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan takliflar bildirildi.
Yoshlarning olgan bilimi mehnat bozorida oʻz oʻrnini topishi uchun “Raqamli yoshlar” platformasini rivojlantirish rejalari ham koʻrib chiqildi. Unda taʼlim, koʻnikmalar, til bilish darajasi va sertifikatlar haqidagi maʼlumotlarni jamlash, yoshlarga mos boʻsh ish oʻrinlarini taklif qilish hamda ularning bandligini kuzatib borish koʻzda tutilmoqda.
Raqamli taʼlimga global texnologik kompaniyalarni keng jalb qilish zarurligi qayd etildi. Oʻtgan yili ushbu yoʻnalishda 22 million dollar grant jalb qilingan. Tizimli hamkorlik orqali mazkur koʻrsatkichni shu yil yakunigacha 60 million dollarga, 2030-yilga borib esa yiliga 100 million dollarga yetkazish topshirildi.
Joriy yilda jalb etiladigan grant mablagʻlarining yarmini raqamli taʼlimga, qolgan yarmini malaka oshirish dasturlari hamda chekka hududlarda raqamli taʼlim markazlarini tashkil etish, ularni sunʼiy intellekt, robototexnika va dasturlashni oʻqitish uchun zamonaviy uskunalar bilan jihozlashga yoʻnaltirilishi belgilandi.
Prezidentimiz raqamli taʼlimda qamrov bilan birga oʻqitish sifati va uning bandlikka taʼsiri ham asosiy mezon boʻlishi kerakligini taʼkidladi. Masʼullarga belgilangan maqsadlarga aniq dasturlar orqali erishish, hududlardagi imkoniyatlarni kengaytirish, xususiy sektor va xalqaro hamkorlar bilan ishlashni kuchaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shuningdek, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyatini yoʻlga qoʻyish ishlarining borishi yuzasidan axborot berildi.