Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida belgilandi.

Hujjatda qayd etilishicha, pitomnik Chirchiq shahridagi “Maʼrifat” mahallasi hududida tashkil etiladi. Loyiha qarovsiz hayvonlarni saqlash, ularga veterinariya xizmatlari koʻrsatish va ushbu sohada zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan.

Yangi pitomnik hududida veterinariya punktlari, karantin zonalari va izolyatsiya xonalari tashkil qilinadi. Shuningdek, qarovsiz hayvonlarni tutish boʻlimi xodimlari soni amaldagi 2 nafardan 15 nafargacha oshiriladi.

Pitomnikda hayvonlarni tutish, tashish, vaqtincha saqlash, sterilizatsiya, vaksinatsiya va chiplash xizmatlari yoʻlga qoʻyiladi. Bundan tashqari, hayvonlarni hisobga olishning yagona elektron reyestri yuritilib, har biri uchun identifikatsiya tizimi joriy etiladi.

Qarorga muvofiq, 2026 yilda pitomnikni qurish, jihozlash va uning faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan 8 milliard soʻm ajratiladi.

Shuningdek, hayvonlarni tutish boʻlimi uchun 2 ta maxsus avtotransport vositasi, maxsus kiyimlar va zarur jihozlar Chirchiq shahri mahalliy byudjeti hisobidan xarid qilinadi.

Loyiha doirasida pitomnik hududida zootovarlar doʻkoni, veterinariya dorixonasi va oʻquv maydonchalari tashkil etilishi ham rejalashtirilgan.

Hukumatga koʻra, 2028 yil yakuniga qadar pitomnik faoliyatini bosqichma-bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazish koʻzda tutilgan.

Pitomnikni qurish va jihozlash ishlarini 2026 yil 1 noyabrgacha yakunlash belgilangan.