Bugun respublikaning katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib qoladi. Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati hamda kechqurun Toshkent viloyatining ayrim hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati 30–33 daraja, janubiy va cho‘l hududlarida esa 35–37 darajagacha ko‘tariladi.

4 iyul kuni Farg‘ona vodiysida, shuningdek, kechasi va ertalab Toshkent, Jizzax hamda Sirdaryo viloyatlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi prognoz qilinmoqda. Havo harorati deyarli o‘zgarmaydi.

5 iyul, yakshanba kuni respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat yana ko‘tarilib, kunduzi 34–37 darajani, janubiy hududlarda esa 39 darajagacha yetadi.

Shamol sharqdan 7–12 metr/sekund tezlikda esadi. 3 iyul kuni ayrim joylarda, ayniqsa cho‘l hududlarida shamol tezligi 15–20 metr/sekundgacha kuchayishi, chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.

3–4 iyul kunlari tog‘oldi va tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘lishi kutilmoqda. Mutaxassislar ushbu hududlarda sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi ehtimolidan ogohlantirdi.

Poytaxtda 4 iyul kuni kechasi va ertalab qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi, harorat 31–33 daraja bo‘ladi.

5 iyul kuni Toshkentda yog‘ingarchilik prognoz qilinmayapti. Kunduzgi harorat 34–36 darajagacha ko‘tariladi. Kechalari havo 18–23 daraja atrofida bo‘ladi.