Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish va korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qonun ma’qullandi.
Hujjat bilan Jinoyat kodeksiga qator muhim o‘zgarishlar kiritilmoqda. Xususan, kodeksga «korrupsiyaga oid jinoyatlar» atamasi va ularning aniq ro‘yxati kiritilib, huquqni qo‘llash amaliyotidagi noaniqliklarga barham beriladi.
Shuningdek, pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilish uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish tartibini qo‘llash taqiqlanmoqda.
Qonunga ko‘ra, xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik Jinoyat kodeksining 168-moddasida o‘ta og‘ir jinoyatlar toifasiga o‘tkazilmoqda. Bu turdagi jinoyat uchun ham 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilamoqda.
Yana bir muhim yangilik o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatlariga taalluqli. Endi mansab maqomi yoki xizmat vakolatidan foydalangan holda sodir etilgan bunday jinoyatlar og‘irroq toifaga kiritilib, ular uchun ham 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, xususiy va nodavlat sektorda korrupsiyaning oldini olish maqsadida nodavlat tashkilotlari xodimlarini pora evaziga og‘dirib olish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Ayrim jinoyatlarni «garazg‘oylik niyatida» sodir etish esa jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilamoqda.
Senatorlar ta’kidlaganidek, mazkur qonun korrupsiyaga qarshi murosasiz muhitni shakllantirish, davlat mablag‘lari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish va jinoyat uchun jazo muqarrarligini ta’minlashga xizmat qiladi.