Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida davlat xizmatchilari uchun jazoni ijro etish muassasalari hamda tergov hibsxonalariga amaliy tashriflar tashkil etish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu tashabbus Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tomonidan tasdiqlangan 2026 yilga mo‘ljallangan Korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha harakatlar rejasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Yangi amaliyotning asosiy maqsadi davlat xizmatchilariga korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning og‘ir oqibatlarini bevosita ko‘rsatish, har qanday noqonuniy xatti-harakat uchun huquqiy javobgarlik muqarrar ekanini anglatish, xizmat vakolatlaridan faqat davlat va jamiyat manfaatlari yo‘lida foydalanish mas’uliyatini kuchaytirish hamda halollik va qonun ustuvorligi tamoyillariga sodiqlikni mustahkamlashdan iborat.
Ilk profilaktik tashrifda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Kadastr agentligi rahbariyati va mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Ular tergov xonalari, hibsda saqlash kameralar i va muassasaning boshqa infratuzilma obyektlari bilan tanishdi.
Shuningdek, korrupsiyaviy jinoyatlar uchun jazo o‘tayotgan mahkumlar bilan muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlar davomida mahkumlar qabul qilgan noqonuniy qarorlar nafaqat o‘z taqdiriga, balki oilasi, farzandlari, kasbiy faoliyati va jamiyatdagi obro‘siga qanday salbiy ta’sir ko‘rsatganini hayotiy misollar orqali so‘zlab berishdi.
Ta’kidlanishicha, bunday muloqotlar davlat xizmatchilariga korrupsiyaning oqibatlari faqat ozodlikdan mahrum etilish bilan cheklanmasligi, balki insonning kelajagi, oilaviy farovonligi va ijtimoiy nufuziga ham jiddiy zarar yetkazishini chuqur anglashga xizmat qiladi.
Kelgusida mazkur profilaktik tashriflar boshqa vazirlik va idoralar, shuningdek, korrupsiyaviy xavf yuqori bo‘lgan sohalarda faoliyat yurituvchi davlat xizmatchilari uchun ham bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Jarayonlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida tadbirlarga ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini keng jalb qilish rejalashtirilgan.
Agentlik bildirishicha, korrupsiyaga qarshi kurashishda asosiy e’tibor jazolash emas, balki uning oldini olishga qaratiladi. Shu maqsadda davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish va korrupsiyaviy xavf omillarini bartaraf etishga qaratilgan profilaktik choralar izchil davom ettiriladi.