8-oktabr kuni davlatimiz rahbari “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi. Prezidentimiz sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transport bogʻliqligini mustahkamlash va yangi texnologiyalarni joriy etish, energetika, suv resurslari va ekologiya masalalarini birgalikda hal qilish boʻyicha takliflarni ilgari surdi. Uchrashuv yakunida Qoʻshma bayonot qabul qilindi va koʻp tomonlama hujjatlar imzolandi.
Sammit doirasida Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan muzokaralar oʻtkazildi. Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tashkil etish toʻgʻrisidagi bitim imzolangani muzokaralarning muhim natijasi boʻldi. Davlatimiz rahbari Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan ham uchrashdi va MDH mamlakatlari delegatsiyalari rahbarlari bilan birgalikda Milliy taomlar festivaliga tashrif buyurdi.
9-oktabr kuni Prezidentimiz MDH davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari oʻz nutqida savdo va sanoat hamkorligini kengaytirish, transport aloqalarini rivojlantirish, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini mustahkamlash hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha takliflarni ilgari surdi. Mamlakatimiz yetakchisi sammitning kengaytirilgan majlisida Oʻzbekistonning 2027-yildagi MDHga raisligining ustuvor yoʻnalishlarini bayon qildi. Sammit yakunida hujjatlar toʻplami imzolandi.
Tadbirlar yakunlangach, Turkmanboshi shahri aeroportida Oʻzbekiston Prezidentini Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari Botir Annayev va boshqa rasmiylar kuzatib qoʻydi.
Davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.