Viloyat IIB ma’lumotiga ko‘ra, 1986 yilda tug‘ilgan ikki nafar ayol Denov tumani IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilgan. Ulardan biri o‘zining 10 million so‘m qarzi bo‘lishiga qaramasdan, qarz beruvchi undan 128 million so‘m talab qilayotganini bildirgan. Ikkinchi arizachi esa 50 million so‘m qarzi uchun 140 million so‘m talab qilinayotganini ma’lum qilgan.

Murojaatchilarning ta’kidlashicha, qarz beruvchi pulni undirish maqsadida Denov tumanida yashovchi erkakni yollagan. U esa talab qilingan mablag‘ berilmagan taqdirda qarzdorlarning hayotiga tahdid qilgan.

Mazkur murojaat asosida joriy yilning 15 may kuni tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida gumonlanuvchilar oldindan til biriktirib, tovlamachilik yo‘li bilan 20 million so‘m pulni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Denov tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ichki ishlar organlari fuqarolarni tovlamachilik holatlariga duch kelgan taqdirda zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishga chaqirdi.