Yangi qonun bilan Jinoyat kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks hamda boshqa qator qonun hujjatlariga muhim oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Birinchi marta sodir etilgan ayrim qilmishlar uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanadi

Yangi tartibga koʻra, ekstremizm, separatizm yoki aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan materiallarni tayyorlash, ularni tarqatish maqsadida saqlash, shuningdek, ekstremistik va terrorchilik tashkilotlarining atributlari yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish maqsadida tayyorlash va saqlash birinchi marta sodir etilganda maʼmuriy javobgarlikka sabab boʻladi.

Bunday qilmish jinoiy jazo qoʻllanilganidan keyin takroran sodir etilgan taqdirdagina jinoiy javobgarlikka olib keladi.

Senat muhokamasida qayd etilganidek, ushbu yondashuv adashgan fuqarolarning huquqlarini taʼminlash, ularni toʻgʻri yoʻlga qaytarish va qayta ijtimoiylashtirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soluvchi materiallarni saqlash yoki tarqatishda ishtirok etgan shaxs tegishli organlarga oʻz vaqtida xabar berib, ogʻir oqibatlarning oldini olishga faol koʻmaklashsa, jinoyatning boshqa tarkibi mavjud boʻlmagan taqdirda, jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi belgilanmoqda.

Ekstremistik tashkilotlar boʻyicha javobgarlik tabaqalashtiriladi

Qonun bilan ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlarni tuzish, ularga rahbarlik qilish va ularda ishtirok etish uchun javobgarlik choralari qayta koʻrib chiqilmoqda.

Amaldagi tartibda ushbu qilmishlar uchun bir xil — 15-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Yangi tartibda esa tashkilotda ishtirok etish uchun yengilroq, uni tuzish yoki unga rahbarlik qilish uchun esa ogʻirroq javobgarlik belgilanishi koʻzda tutilmoqda.

“Diniy ekstremizm” atamasi oʻrniga “ekstremizm” tushunchasi qoʻllanadi

Qonundagi muhim yangiliklardan biri — “diniy ekstremizm” atamasining “ekstremizm” tushunchasiga almashtirilishidir.

Senat majlisida taʼkidlanganidek, bu yondashuv ekstremizmni muayyan din bilan bogʻlash amaliyotiga chek qoʻyish hamda qonunchilikda yagona huquqiy yondashuvni taʼminlashga qaratilgan.

Shuningdek, “ekstremizm” tushunchasining huquqiy chegaralari ham aniqlashtirilmoqda. Endilikda unga sakkizta aniq xatti-harakat asosida taʼrif berilishi, bu esa mazkur tushunchani huquqni qoʻllash amaliyotida subyektiv yoki kengaytirilgan tarzda talqin qilishning oldini olishi qayd etildi.

Profilaktika va xabar bergan shaxslarni himoya qilish mexanizmlari kuchaytiriladi

Qonun bilan ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha maxsus davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish tartibi belgilanmoqda. Bunday dasturlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tasdiqlashi koʻzda tutilgan.