Unga koʻra, Samarqand shahri tarkibiga 17 226,5 gektar yer maydoni qoʻshiladi. Shuningdek, maʼmuriy-hududiy boshqaruvni optimallashtirish maqsadida Samarqand tumani tugatiladi va uning 28 295 gektar yer maydoni Toyloq tumaniga oʻtkaziladi.

Qayd etilganidek, Samarqand shahri viloyatda aholi eng zich joylashgan hudud hisoblanadi. Shahar hududining kengaytirilishi aholi zichligini kamaytirish, transport qatnovini yaxshilash, tirbandliklarning oldini olish hamda zamonaviy shahar infratuzilmasini shakllantirishga xizmat qiladi.

Muhokamalarda Samarqand shahri aholisi 880 ming nafarga yetib, aholisi bir million boʻlgan shahar maqomiga yaqinlashayotgani taʼkidlandi.

Yangi qoʻshiladigan hududlarda kichik sanoat zonalari, texnoparklar va yuqori texnologiyali korxonalar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Buning natijasida xizmat koʻrsatish, turizm va qurilish sohalarida minglab yangi ish oʻrinlari yaratilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, qishloq xoʻjaligi yerlarini saqlab qolish va ekologik muvozanatni taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, oʻtkazilayotgan 6 263 gektar yer maydonining toifalari oʻzgartirilmasdan saqlanadi.

Mazkur masala tegishli mahalla fuqarolar yigʻinlari, xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari hamda viloyat Kengashida muhokama qilinib, maʼqullangan.

Senatorlar chegaralarning oʻzgartirilishi Samarqand shahrining meʼmoriy qiyofasini yaxshilash, mahalliy va xorijiy investorlar uchun jozibadorligini oshirish, turizm salohiyatidan samarali foydalanish, zamonaviy biznes, moliyaviy va turistik infratuzilmalarni rivojlantirish hamda aholi turmush farovonligini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishini taʼkidladi.

Muhokamalar yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.