Shu bois, agrar sohada ishlab chiqarish hajmini oshirish bilan birga mahsulotni qayta ishlash, saqlash, qadoqlash, sertifikatlash va xalqaro bozorga olib chiqish masalalari ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. So‘nggi yillardagi faol, ochiq va pragmatik tashqi siyosat natijasida mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sektori transformatsiya jarayonini boshdan kechirmoqda.

Jahon iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligining o‘rni, avvalo, uning ko‘plab tarmoqlar uchun xomashyo yetkazib berishi, millionlab insonlar bandligini ta’minlashi va oziq-ovqat bozorlarining barqaror ishlashiga xizmat qilishi bilan belgilanadi. Agrar tarmoqdagi o‘zgarishlar sanoat, transport, logistika, savdo, xizmat ko‘rsatish, moliya va ilm-fan rivojiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Zamonaviy sharoitda qishloq xo‘jaligining raqobatbardoshligi yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, iqlim o‘zgarishlariga moslashish, raqamli texnologiyalarni qo‘llash hamda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish darajasi bilan o‘lchanmoqda.

Xalqaro hamkorlik agrar soha uchun yangi bozorlarni ochish bilangina cheklanmaydi. U ilg‘or tajribalarni o‘rganish, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, ilmiy tadqiqot aloqalarini mustahkamlash, mutaxassislar malakasini oshirish, investitsiyalarni ko‘paytirish va milliy mahsulotlarni xalqaro standartlarga moslashtirish uchun ham muhim vositadir. Hamkor mamlakatlar bilan yo‘lga qo‘yiladigan tizimli munosabatlar natijasida mahalliy ishlab chiqaruvchi nafaqat mahsulot sotish, balki yangi bilim, texnologiya va boshqaruv tajribasiga ega bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

Hozir O‘zbekiston 180 dan ortiq davlat bilan faol savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. 30 dan ortiq mamlakatga oliy darajadagi rasmiy va davlat tashriflari amalga oshirildi. Yuritilayotgan izchil diplomatik sa’y-harakatlar natijasida yurtimizning umumiy tashqi savdo aylanmasi 81,2 milliard dollardan oshdi. Jami xorijiy investitsiya hajmi esa 43,1 milliard dollarga yetdi.

Bunday ochiqlik qishloq xo‘jaligi uchun ham yangi imkoniyatlar yaratmoqda: eksport geografiyasini kengaytirish, xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma loyihalarni ro‘yobga chiqarish, zamonaviy uskunalar olib kirish va mahalliy mahsulotlarning qo‘shilgan qiymatini oshirish uchun mustahkam zamin shakllanmoqda. Eng muhimi, xalqaro hamkorlik orqali O‘zbekiston agrobiznesi jahon bozoridagi talab va tendensiyalarni chuqurroq o‘rganish, xaridorlar ehtiyojiga mos mahsulot yetishtirish hamda uzoq muddatli savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Ayniqsa, tarixda ilk bor rasmiy tashriflar amalga oshirilgan davlatlar bilan yo‘lga qo‘yilayotgan yangi munosabatlar O‘zbekiston agrobiznesi uchun Yevropa va Janubi-sharqiy Osiyoning yirik bozorlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l ochmoqda. Birgina Serbiya va Malayziya misolida ilk rasmiy tashriflar amalga oshirilib, O‘zbekiston uchun barcha sohalarni hamkorlikda rivojlantirish va kengaytirishda katta qadam bo‘lganini eslash kifoya.

Serbiya bilan hamkorlik

Joriy yilning 7-8-sentabr kunlari Prezidentimizning Serbiyaga oliy darajadagi ilk rasmiy tashrifi hamda Belgrad shahrida o‘tkazilgan biznes-forum ikki mamlakat iqtisodiy munosabatlarida yangi sahifa ochdi. Biznes-forumda Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich ta’kidlaganidek, dunyoda iqtisodiy o‘sish markazlari o‘zgardi va O‘zbekiston kabi jadal rivojlanayotgan, uzoq muddatli strategiyaga ega davlatlar bilan hamkorlik Yevropa uchun strategik ahamiyatga ega.

Mazkur fikr ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning iqtisodiy mazmunini yaqqol ifodalaydi. O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi geografik o‘rni, ishlab chiqarish salohiyati va agrar mahsulotlar xilma-xilligi Serbiya bilan hamkorlikni nafaqat ikki tomonlama savdo, balki Yevropa bozorlariga chiqish uchun muhim ko‘prikka aylantirishi mumkin. Serbiyaning Yevropa bozorlariga integratsiyalashgan iqtisodiy makonda faoliyat yuritishi esa o‘zbek tadbirkorlari uchun mahsulot sifati, logistika, sertifikatlash va savdo amaliyotlarini o‘rganishda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Serbiya rahbari O‘zbekiston Prezidentining islohotlarga bo‘lgan qat’iyatini yuqori baholab: “O‘zbekiston Prezidentining ko‘zlarida “yo‘lbars nigohi” bor. Bu — muvaffaqiyatga chanqoq, intiluvchan, o‘z xalqining har bir fuqarosi va har bir muammosi haqida qayg‘uradi deganidir. Qaysi sohaga nazar tashlamay, O‘zbekiston qanchalik oldinga ildamlayotganini ko‘rdim”, deya alohida e’tirof etdi.

Ushbu ta’rif chuqur ma’noga ega va ijobiy natijalar mahsuli bo‘lib, kelgusida hamkorlikni yanada kengaytirish va investitsiya jalb qilishda muhim o‘rin tutadi. Siyosiy muloqotning yuqori darajada yo‘lga qo‘yilishi iqtisodiy loyihalar uchun zarur bo‘lgan ishonch muhitini mustahkamlaydi. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligida uzoq muddatli investitsiyalar, ilmiy hamkorlik va texnologik loyihalar talab etilishi hisobga olinsa, bunday ishonchli munosabatlar ahamiyati yanada ortadi.

Serbiya Yevropa Ittifoqi standartlariga to‘liq mos keluvchi intensiv bog‘dorchilik, urug‘chilik va biotexnologiyalar bo‘yicha katta tajribaga ega. Ushbu texnologiyalar joriy etilishi mahsulotlarimizni Global G.A.P., Organic va ISO standartlariga moslashtiradi. Bu esa xalqaro bozorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarimizni sotish va raqobatlashish uchun katta imkoniyat yaratadi.

Bu yo‘nalishlarning har biri O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi uchun amaliy ahamiyatga ega. Intensiv bog‘dorchilik hosildorlikni oshirish, meva sifati va eksportbopligini yaxshilashga xizmat qilsa, zamonaviy urug‘chilik yuqori hosilli, kasallik va iqlim sharoitlariga mos navlarni kengaytirish imkonini beradi. Biotexnologiyalar esa o‘simliklarni himoya qilish, ko‘chat yetishtirish, tuproq unumdorligini saqlash va mahsulotning biologik sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilashda muhim vosita bo‘la oladi.

Global G.A.P., Organic va ISO kabi standartlar mahsulotning faqat tashqi ko‘rinishi yoki ta’mi emas, balki uni yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va yetkazib berish jarayonlari izchilligini ham nazorat qiladi. Shu sababli xalqaro standartlarni joriy etish eksportchi korxonalar uchun yangi bozorlar eshigini ochish bilan birga ichki ishlab chiqarish madaniyatini ham yuksaltiradi. Bu jarayonda fermer, qayta ishlovchi korxona, laboratoriya, logistika kompaniyasi va eksportchi o‘rtasidagi hamkorlik yagona tizim sifatida shakllanishi zarur.

“Davlat — davlatga” (G2G) tamoyili asosidagi loyihalarni soddalashtiruvchi bitimlar tuzildi va kelgusida erkin savdo to‘g‘risida bitim imzolash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bu o‘zbek agrotadbirkorlari va ishlab chiqaruvchilarining Yevropa hamda Bolqon mintaqasi bozorlariga bojxona imtiyozlari bilan chiqishini ta’minlaydi. Bundan tashqari, Toshkent va Belgrad o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi tez buziluvchi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari logistikasini yengillashtiradi. Bu nafaqat eksportni oshiradi, balki Yevropadan import qilinadigan mahsulotlar hamda tropik mevalar narxi arzonlashishiga ham olib keladi.

Savdo tartib-taomillari soddalashuvi va transport aloqalari yaxshilanishi, ayniqsa, tez buziluvchi mahsulotlar uchun muhimdir. Meva-sabzavot, ko‘katlar, yangi va qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari bozorida vaqt omili hal qiluvchi ahamiyatga ega. Mahsulotning daladan iste’molchigacha bo‘lgan yo‘li qisqargani sari uning sifati, saqlanish darajasi va iqtisodiy samaradorligi oshadi. Shu ma’noda, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar va savdo kanallari nafaqat eksport hajmiga, balki mahsulotning yakuniy narxi va raqobatbardoshligiga ham ta’sir ko‘rsatadi.

Osiyoda yangi agroyo‘laklar

Davlatimiz rahbarining 2025-yil 4-5-fevral kunlari Malayziyaga tarixiy tashrifi va Bosh vazir Anvar Ibrohim ishtirokida Kuala-Lumpurda o‘tkazilgan qo‘shma biznes-forum o‘zaro tovar ayirboshlashni karrasiga oshirishga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 102,4 million dollarni tashkil etayotgan bo‘lsa, imzolangan yangi kelishuvlar va sanoat kooperatsiyasi dasturi ushbu ko‘rsatkichni yaqin yillarda bir necha barobar oshirish imkonini beradi.

Malayziya bilan hamkorlik O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi uchun geografik jihatdan yangi, iqtisodiy jihatdan esa istiqbolli yo‘nalishdir. Janubi-sharqiy Osiyo bozorlari oziq-ovqat mahsulotlari, qayta ishlangan agromahsulotlar, halol sertifikatlangan tovarlar va zamonaviy agrotexnologiyalarga bo‘lgan talab bilan ajralib turadi. Ushbu hudud bilan hamkorlik o‘zbek ishlab chiqaruvchilariga yangi xaridorlar, yangi savdo kanallari va yangi mahsulot formatlarini o‘zlashtirish imkonini beradi.

Xalqaro hamkorlikning yana bir muhim jihati shundaki, u bir tomonlama eksportdan ko‘ra kengroq iqtisodiy aloqalarni shakllantiradi. Ya’ni O‘zbekiston mahsulotlarini Malayziya bozoriga olib chiqish bilan birga malayziyalik kompaniyalarning texnologik, ilmiy va investitsiyaviy tajribasini mamlakatimizga jalb etish, qo‘shma korxonalar tashkil qilish va mahalliylashtirish jarayonlarini jadallashtirish uchun ham imkoniyat paydo bo‘ladi. Bunday yondashuv agrar sohada ishlab chiqarishning yangi bosqichini yaratishga xizmat qiladi.

Oliy darajadagi kelishuvlarning amaliy samarasi o‘laroq, joriy yil 28-avgustdan 6-sentabrga qadar Malayziyaning Selangor shtatida o‘tkazilgan nufuzli “MAHA — 2026” (“Malaysia Agriculture, Horticulture and Agrotourism”) xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston tarixda ilk bor milliy pavilon bilan ishtirok etdi. 130 gektar maydonda o‘tgan ko‘rgazmada 2000 dan ziyod kompaniya va 14 davlat qatnashdi. O‘zbekiston milliy pavilonida 15 ta mahalliy tadbirkorlik subyekti tomonidan 100 ga yaqin turdagi agromahsulotlar — ho‘l va quritilgan meva, sharbatlar hamda milliy shirinliklar namoyish etildi. Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim shaxsan pavilonimizga tashrif buyurib, o‘zbek mahsulotlarining sifati va raqobatbardoshligiga yuqori baho berdi. Mazkur tadbir doirasida bir qancha kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Malayziya Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vazirligining Toshkent shahar bo‘limi 2026-yil 31-dekabrga qadar rasmiy vakolatxona sifatida ochiladi. MARDI instituti bazasida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi tadqiqotchilari uchun ilmiy-amaliy stajirovkalar yo‘lga qo‘yiladi. FAMA agentligi bilan birgalikda Malayziya tarvuz, qovun va sabzavotlarini O‘zbekistonda yetishtirish hamda ularni Janubi-sharqiy Osiyoga eksport qilish amaliyoti boshlanadi.

Toshkent viloyatida robototexnika va agrodronlar ishlab chiqarish mahalliylashtirilib, 1000 ta yangi ish o‘rni yaratiladi hamda 100 ming gektar maydonga raqamli xizmat ko‘rsatiladi.

Qashqadaryo viloyatida Malayziya kompaniyasi bilan hamkorlikda zamonaviy sut yetishtirish, qayta ishlash hamda agroturizm majmuasi barpo etiladi. “Agro Best Holding International” kompaniyasi bilan 5 million AQSh dollari qiymatidagi savdo shartnomasi imzolandi.

Shuningdek, Kuala-Lumpur shahrida 200 dan ortiq turdagi milliy mahsulotlarimiz namoyish etiladigan “O‘zbekiston mahsulotlari” savdo uyi tashkil etiladi.

O‘zbekistonda 2027-yil 2-5-noyabr kunlari “Malayziya — O‘zbekiston International Halal Fest 2027” xalqaro forum va ko‘rgazmasini o‘tkazish bo‘yicha rasmiy kelishuvga erishildi.

MARDI instituti bazasida ilmiy-amaliy stajirovkalar yo‘lga qo‘yilishi tadqiqotchilar uchun yangi bilim va tajriba maktabini yaratadi. Ilmiy muassasalar o‘rtasidagi aloqalar kuchaygani sari mahalliy sharoitga mos agrotexnologiyalarni sinovdan o‘tkazish, yangi nav va texnologiyalarni o‘rganish, ishlab chiqarishdagi muammolarga ilmiy yechim topish imkoniyatlari kengayadi. Bu jarayon qishloq xo‘jaligida ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish uchun muhim omildir.

FAMA agentligi bilan hamkorlikda tarvuz, qovun va sabzavotlarni O‘zbekistonda yetishtirish hamda ularni Janubi-sharqiy Osiyoga eksport qilish amaliyoti boshlanishi mahsulot yetishtirish geografiyasi va bozor yo‘nalishlarini diversifikatsiyalashga xizmat qiladi. Bunda nafaqat hosildorlik, balki nav tanlash, mahsulotni saralash, qadoqlash, saqlash va tashish jarayonlarini yangi bozorlar talabiga moslashtirish masalalari ham muhim o‘rin tutadi.

Yevropadan Osiyogacha bo‘lgan hududda yangi va barqaror agroyo‘laklar shakllandi. Yaratilgan ushbu ulkan imkoniyatlar, diplomatik va institutsional poydevor mahalliy agrotadbirkorlarimiz jahon bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun mustahkam zamin yaratdi. Endigi asosiy vazifa mavjud salohiyatdan unumli foydalanib, milliy brendlarimizni dunyo miqyosida munosib ilgari surishdan iboratdir.

Zero, jahon bozorida munosib o‘rin egallash faqat mahsulot hajmini oshirish bilan emas, balki sifati, xavfsizligi, kelib chiqishining shaffofligi, yetkazib berish barqarorligi va iste’molchi ehtiyojiga mosligi bilan belgilanadi. O‘zbekistonning tabiiy-iqlimiy imkoniyatlari, mehnatsevar dehqon va fermerlari, qayta ishlash salohiyati hamda xalqaro hamkorlikka ochiqligi ushbu maqsadga erishish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Serbiya va Malayziya bilan yo‘lga qo‘yilayotgan yangi munosabatlar esa ana shu salohiyatni jahon iqtisodiy makoniga yanada kengroq olib chiqish uchun yangi sahifa ochmoqda.

Shamshod ERGASHЕV,

Qishloq xo‘jaligi vaziri kotibiyati boshlig‘i