Ma’lum qilinishicha, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ «Energosavdo» filialining Sho‘rchi tuman bo‘limi muhandisi fuqaroga tegishli savdo do‘konida elektr energiyasidan foydalanish bo‘yicha aniqlangan qoidabuzarlik yuzasidan tuzilgan dalolatnomani qonuniy tartibda ko‘rib chiqmaslik, ishni sudga yubormaslik hamda yangi elektr hisoblagich o‘rnatib, uni ro‘yxatdan o‘tkazib berish evaziga 1000 AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari va IJKQD bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda u avval olgan 200 AQSH dollari va 1 million 50 ming so‘mdan tashqari, qolgan 500 AQSH dollari hamda 2,4 million so‘mni olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Andijon viloyatida kuzatilgan holatda esa Baliqchi tuman elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlarining oylik faoliyat ko‘rsatkichlarini «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Andijon hududiy filialidagi tanishlari orqali ijobiy hal qilib berish evaziga pul talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari tomonidan yig‘ib berilgan 300 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.