Kengroq ma’noda, global texnologik ta’minot zanjirining markazi Sharqiy Osiyoda joylashgan. Bu yerda yarimo‘tkazgichli chiplar va displeylardan tortib bosma platalar, smartfonlar va kompyuterlargacha ishlab chiqariladi.

Infografikada mamlakatlar raqamli texnologiyalar sohasidagi jahon ishlab chiqarish quvvatlarining ulushiga ko‘ra, shuningdek, asosiy ishlab chiqarish markazlaridagi eng yirik elektron sanoat kompaniyalari ko‘rsatilgan. Vizualizatsiya ma’lumotlari Ember tashkiloti tomonidan tayyorlangan bo‘lib, 2024–2025 yillarni o‘z ichiga oladi deb xabar berdi naked-science.ru.

Raqamli texnologiyalar sohasidagi jahon ishlab chiqarish quvvatlarining deyarli beshdan uch qismi birgina Xitoyga to‘g‘ri keladi. Uning ishlab chiqarish ekotizimi smartfonlar va kompyuterlar, displeylar, bosma platalar va boshqa elektron komponentlarni ishlab chiqarishni o‘z ichiga oladi. Xitoyning ulushi 58,8 foizni tashkil etadi. Bu 10,2 foiz bilan ikkinchi o‘rinni egallagan Tayvandan deyarli olti baravar ko‘p demak. Shuningdek, Xitoyning ishlab chiqarish quvvati reytingda keltirilgan boshqa barcha mamlakatlarning umumiy ulushidan yuqori.

Xitoy yarimo‘tkazgichlar, sun’iy intellekt va boshqa strategik muhim texnologiyalarni rivojlantirishni nazarda tutuvchi yangi besh yillik reja doirasida elektronika sanoatidagi mavqeini mustahkamlashda davom etmoqda. Pekin G‘arb texnologiyalariga qaramlikni kamaytirishga intilayotgani sababli, chiplarni ishlab chiqarishni o‘z ichiga olgan butun integral sxemalar zanjiriga alohida e’tibor qaratmoqda. 2030 yilga borib, ushbu sohalar bilan bog‘liq tarmoqlarning umumiy daromadini 4,5 trillion dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Dunyodagi quvvatlarning yana 21,7 foizi Tayvan, Janubiy Koreya va Yaponiyaga to‘g‘ri keladi. Shunday qilib, to‘rtta yetakchi davlat birgalikda 80,5% ni tashkil etadi. Ularning har biri global texnologik ta’minot zanjirida muhim o‘rin tutadi.

Tayvan yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish va elektronika yig‘ish bo‘yicha eng yirik markazlardan biri hisoblanadi, Janubiy Koreya, xususan, yarimo‘tkazgichlar va displeylar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, Yaponiya esa uzoq vaqtdan beri shakllangan elektronika sanoatiga ega. Ushbu iqtisodiyotlar birgalikda yarimo‘tkazgichlar, elektron komponentlar va displeylar ishlab chiqarish, shuningdek, tayyor texnika ishlab chiqarishni o‘z ichiga olgan zich mintaqaviy ishlab chiqarish zanjirini tashkil etadi. Bosh qarorgohi ushbu bozorlarda joylashgan yirik kompaniyalar orasida TSMC, Foxconn, Samsung, BOE va Sony bor.

Sharqiy Osiyoning to‘rtta yetakchi davlatidan tashqarida beshinchi o‘rinni Hindiston egallaydi — unga jahon ishlab chiqarish quvvatlarining 3,8 foizi to‘g‘ri keladi. Vetnam 3,6% ko‘rsatkich bilan biroz ortda qolmoqda. Keyingi o‘rinda AQSH - 2,9%.

Reytingga Janubi-Sharqiy Osiyoning bir qancha davlatlari ham kiritilgan. Tailandga jahon quvvatlarining 1,3 foizi, Singapurga 0,7 foizi, Malayziyaga 0,6 foizi, Indoneziyaga 0,3 foizi to‘g‘ri keladi. Taqqoslash uchun, taqdim etilgan ma’lumotlar to‘plamida Yevropaning eng yirik mamlakati bo‘lgan Germaniya atigi 0,7% ni tashkil etadi.