Koʻp millatli va koʻp millionli xalqimiz orasida futbolni sevadigan, uning sehrli olamiga oshno tutinganlar koʻpchilikni tashkil qiladi. AQSH, Meksika va Kanada yashil maydonlarida start olgan jahon birinchiligi sportning ushbu turiga qiziqmaydigan yurtdoshlarimizning ham halovatini olib qoʻydi. Oʻz tarixida ilk bor jahon chempionati final bosqichiga yoʻllanma olgan Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Markaziy Osiyodan mundialda qatnashayotgan birinchi davlatga aylandi.
Shu bois, hozir mamlakatimiz
aholisidan tashqari uzoq-yaqin qoʻshnilarimiz ham jamoamiz muxlisiga aylangan.
Bugun matbuot va ijtimoiy tarmoq sahifalari koʻchalarda Oʻzbekiston bayrogʻini
hilpiratib, liboslariga futbolchilarimiz ismini tushirib olgan, mundialni
tomosha qilish uchun turli davlatlardan yigʻilgan muxlislarning foto va
videolari bilan toʻlib-toshdi.
Jahon birinchiliklari
1982-yili Ispaniya mezbonlik qilgan bahslardan boshlab 1 oy (28-31 kun) davom
etayotgan edi. Ungacha musobaqalar 2 yoki 3 hafta mobaynida oʻtkazilgan. FIFA
ishtirokchilar sonini 48 taga yetkazgani sababli uch davlat qabul qilayotgan bu
galgi musobaqalar eng uzoq (38 kun) davom etadigan mundial sifatida tarixdan
joy olish arafasida.
Oʻzbekiston milliy terma
jamoasi xalqaro maydonda katta eʼtibor va eʼtiroflar bilan JCH-2026 bahslariga
kirishmoqda. FIFA Oʻzbekistonning ilk bor jahon chempionatiga chiqqanini
nafaqat mamlakat, balki butun Markaziy Osiyo futboli uchun tarixiy voqea deb
taʼrifladi. Tashkilot rasmiy saytida “oq boʻrilarning orzusi ushalgani”
urgʻulanib, jamoaning koʻp yillik saʼy-harakatlardan keyin mundialga chiqqani
alohida yoritildi.
FIFA prezidenti Oʻzbekiston
rahbariyati va xalqini tarixiy voqelik bilan tabriklab, munosib yutuqqa hissa
qoʻshgan futbolchi, murabbiy, federatsiya va muxlislarning ishonchi hamda
intilishlarini yuqori baholadi.
Qator xalqaro nashrlar
Oʻzbekistonni JCH-2026 ning muxlislarda katta qiziqish uygʻotayotgan debyutanti
sifatida tilga olmoqda, termamizning koʻp yillik dramatik saralashlardan keyin
maqsadga erishganini katta hurmat bilan qabul qilmoqda.
Mutaxassislar milliy
termamizni favoritlar qatoriga kiritmayotgan boʻlsa-da, intizomli oʻyini, yosh
iqtidorlari va intiluvchanligi tufayli guruh bosqichida syurpriz qilishi mumkin
boʻlgan jamoa sifatida baholagan.
— Oʻzbekistonliklarning jahon
chempionatiga tarixiy yoʻllanmasi koʻplab ekspertlar tomonidan mamlakatda
soʻnggi yillarda qilingan tizimli ishlarning mantiqiy natijasi sifatida
baholanmoqda, — deydi Qozogʻiston Professional futbolchilar uyushmasi
boshqaruvi raisi Oljas Abrayev. — Bu mutlaqo qonuniy natija. Qoʻshnilarimizda
rivojlanish strategiyasi bor va ular unga izchil amal qilmoqda. Barcha qadamlar
mamlakat futbolida tizimli rivojlanishga qaratilgan boʻlib, mantiqiy va puxta
oʻylangan.
Ekspertning taʼkidlashicha,
soʻnggi yillarda mamlakatda infratuzilma va bolalar-oʻsmirlar futboli faol
rivojlantirilgan: “Aynan shu ishlar oʻz samarasini bera boshladi. Oʻzbekiston
yoshlar jamoalari xalqaro maydonda muntazam jiddiy muvaffaqiyatlarga
erishmoqda. Masalan, 17 va 20 yoshgacha boʻlgan terma jamoalar soʻnggi yillar
jahon chempionatlarining final bosqichlarida ishtirok etib kelyapti”.
Oʻzbekiston milliy terma
jamoasi hali turnirga kirishmay turib, muhim rekordlar qayd eta boshladi.
Maʼlumki, Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoamiz tarixiy ilk uchrashuvini
18-iyun kuni Kolumbiya terma jamoasiga qarshi oʻtkazadi. 11-iyun holatiga
Oʻzbekiston — Kolumbiya uchrashuviga sotilgan chiptalar soni 74 ming 725 tani
tashkil etdi. Bu koʻrsatkich hozircha 2026-yilgi jahon chempionati uchun
sotilgan chiptalar soni boʻyicha mutlaq rekord sifatida qayd etilmoqda.
Masalan, bu raqam ochilish bahsi Meksika — Janubiy Afrika (73 ming 373) va
Braziliya — Marokash (73 ming 719) uchrashuvlarinikidan ham yuqori.
Eslatib oʻtamiz: jahon
chempionati guruh bosqichida Oʻzbekiston “K” guruhidan joy olgan.
Futbolchilarimiz 18-iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 7:00 da Kolumbiya terma
jamoasiga qarshi birinchi uchrashuvini oʻtkazadi. Ikkinchi turdan oʻrin olgan
uchrashuv 23-iyun kuni soat 22:00 ga belgilangan. Unda milliy terma jamoamiz
Portugaliya bilan kuch sinashadi. Guruhdagi oxirgi bahs 28-iyun soat 4:30 da
Kongo Demokratik Respublikasi futbolchilariga qarshi oʻtkaziladi.
Hayajonga toʻla lahzalar
11-iyun tun oqshomida JCH-2026
musobaqalarining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Muxlislar uchun
katta sahna effektlari, pirotexnika, qoʻshiq va raqsli chiqishlar namoyish
etildi. Stadion uzra ishtirokchi mamlakatlarning davlat bayroqlari birma-bir
olib kirilayotgan lahzalar oʻzbekistonlik muxlislarni hayajonga solgan eng
yorqin epizodlardan biri boʻldi.
— Millionlab yurtdoshlarimiz
jonajon Vatanimiz bayrogʻini oʻyingohga hilpirab kirib kelishini baxtiyorlik,
hayajon va quvonch yoshlari bilan kutib oldi, — deydi ustoz jurnalist Haydar
Akbarov. — Faoliyatimning katta qismini sport jurnalistikasiga bagʻishlaganman.
Oʻz vaqtida “Sport” gazetasi huzurida maxsus “Oʻzbekiston futboli” haftalik
ilovasiga asos solgan edik. Tahririyatimiz ijodkorlari uchun milliy
termamizning jahon birinchiligida ishtirok etishi va bu jarayonlarni quvonch
hamda faxr bilan yoritish orzumiz armonga aylandi. Bugun kutilgan baxtiyor
kunlarga yetib keldik.
Mundialning dastlabki
uchrashuvi Mexikodagi “Asteka” stadionida boʻlib oʻtdi. Unda Meksika terma
jamoasi JARni 2:0 hisobida magʻlub etdi. Kinones 9-daqiqada hisobni ochdi.
67-daqiqada Raul Ximenes yakuniy nuqtani qoʻydi. “A” guruhining ikkinchi
oʻyinida Janubiy Koreya termasi Chexiya bilan kuch sinashdi. Unda osiyoliklar
2:1 hisobida zafar quchdi.
Statistikaga qiziquvchilar
uchun bir maʼlumot: JCH-2026 dastlabki turning ilk uchrashuvidan soʻng qizil
kartochkalar borasida toʻrt yil avval Qatarda oʻtgan mundialga deyarli
tenglashib oldi. 2022-yildagi jahon chempionatida 64 uchrashuvda 4 ta qizil
kartochka koʻrsatilgan edi. Bu safar esa birinchi bahsning oʻzida 3 ta
chetlatilish... Oldinda bizni yanada qiziqarli oʻyinlar kutmoqda. Demak,
uchrashuv hakamlari oldiga murosasiz boʻlish, har bir qoidabuzarlik uchun
jiddiy jazo tayinlash vazifasi qoʻyilgan deya taxmin qilishga asoslarimiz
yetarli.
Darvoqe, hakamlar haqida
Istaymizmi-yoʻqmi, shu
paytgacha Ravshan Ermatov oʻzbek, qolaversa, mintaqa futbolining yuzi boʻlgan.
Hozir ham buni sharaf bilan aʼlo darajada uddalamoqda. Avvaliga jahon
chempionatlari tarixida eng koʻp oʻyin boshqargan bosh hakam sifatida rekord
oʻrnatgan boʻlsa, ayni paytda mamlakatimiz futbolini xalqaro arenalarda
rivojlantirish, targʻib qilishdek masʼuliyatni zimmasiga olgan.
Jahon chempionatlarining final
bosqichlarida jami 11 ta uchrashuvda maydonga tushgan va hozircha hech bir
hakam bu koʻrsatkichni yangilash imkoniga ega emas. U 2010-yil bosh hakam
sifatida JAR maydonlarida 5 ta, 2014-yil Braziliyada 4 ta va Rossiyada
(2018-yil) 2 ta oʻyinni mahorat bilan boshqargan. Natijada millionlab muxlislar
mehri hamda eʼtirofiga sazovor boʻlgan. 2014-yil mundialida Ravshan Ermatov 32
yoshda edi va unga mezbon — Janubiy Afrika Respublikasi ishtirokidagi ochilish
uchrashuvi ishonib topshirilgan. Yurtdoshimiz, shuningdek, Osiyo qitʼasida
ketma-ket toʻrt marta “Eng yaxshi hakam” deya eʼtirof etilgan yagona
mutaxassis.
2022-yili Qatardagi jahon
birinchiligi mamlakatimiz hakamlari ishtirokisiz oʻtgan edi. Qisqa tanaffusdan
soʻng, mana yana oʻzbekistonlik hakamlar jamoasi uch davlatda kechayotgan bir
nechta bahslarni boshqarish arafasida turibdi. Okean ortida muxlislar Ilgiz
Tantashev, Andrey Sapenko va Timur Gaynullin mahoratiga guvoh boʻlishi mumkin.
Hujjatlarda Ilgiz Tantashev
bosh hakam sifatida, Andrey Sapenko va Timur Gaynullin esa yordamchi hakam
sifatida qayd etilgan. Futbol ishqibozlari Ilgiz Tantashev Oʻzbekistonda
2025-yilning eng yaxshi hakami deb topilgani, klublar oʻrtasidagi jahon
chempionati uchrashuvlarini boshqargani, xalqaro musobaqalarda faoliyat
yuritayotganidan xabari bor.
* * *
Oldinda millionlarning umid
koʻzi qadalgan futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi va
oʻzbekistonlik hakamlar brigadasi ishtirokidagi oʻyinlar bizni kutyapti.
Yelkasida vatan shaʼnini koʻtarib turgan yigitlarga omad tilaymiz. Ehtimol,
ulardan medal va sovrinli oʻrinlarni kutish, talab qilishga hali ertaroqdir,
ammo munosib oʻyin, chiroyli gʻalaba va gollar kutib qolishga haqlimiz.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri