Tariximizning eng shonli sahifasi bo‘lgan bu kun mohiyatida yillarning salmoqdor bo‘lib borishi emas, balki o‘tgan davrda jonajon diyor erku ozodligi uchun umrini tikkan ajdodlar boshlagan ulug‘vor vazifalarni bajarishda, yurt obodligi, xalq farovonligi yo‘lida qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlar, yutuqlar salmog‘i muhimdir.

Qatrada quyosh aks etadi. Birgina Jizzax viloyati... Bugun uning cho‘l zonalari, olis tog‘li hududlari ham tanib bo‘lmas darajada yangilanib, obod bo‘lib, rivojlanib, zamonaviylashib ketgani yangilik emas. Farzandlari azaldan dostonlar qahramonlari yanglig‘ otashqalb, shijoatli, mehnatsevar bo‘lgan Jizzax tabiiy joylashuviga ko‘ra cho‘l zonasi, ammo bu tushuncha tarixda qolgandek.

Yashillikka burkangan, zamonaviylashib borayotgan, taraqqiyoti baravj viloyat hozir mahalliy hamda xorijiy bozorlarga yiliga o‘n minglab elektromobil va gibrid mashinalar yetkazib berayotgan, zamonaviy yengil avtomobillarni yig‘ish va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, saralash va to‘g‘ridan to‘g‘ri tashqi bozorga eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi yirik logistika xabiga aylangan, maishiy va sanoat ehtiyojlari uchun 1,5 mingdan ortiq turdagi elektrotexnika va yoritish jihozlarini ishlab chiqaruvchi zabardast zavodga ega bo‘lgan, viloyatda yetishtirilgan paxtani to‘liq o‘zida qayta ishlaydigan yirik klaster va fabrikalari kengayib borayotgan istiqbolli hudud — yangi Jizzaxga aylanmoqda.

Donishmandlar ilmu hunar, kashfiyotlar ezgu niyatli insonlar qo‘lidagina yaxshilikka xizmat qilishini aytadi. Yurtimizning barcha viloyatlarida bo‘lgani kabi Jizzax shaharu qishloqlarini gullatib yashnatayotganlar — har bir maqsad, vazifa, rejaga pokiza qalb, toza niyat, yuksak ma’naviyat bilan qo‘l urayotgan elparvar, yurtparvar zamondoshlarimiz.

Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yiga bag‘ishlab Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati va hamkor tashkilotlar tomonidan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida tashkil etilgan festival tadbirlari yuqori saviyada davom etmoqda. Ilmu fan, adabiyot, san’at va madaniyat xodimlarining bir guruh vakillari yozning ayni chillasida Jizzax viloyatiga bayramona kayfiyat bilan keldik. Qutlug‘ an’anaga ko‘ra, festival muqaddimasida Jizzax shahrining eng go‘zal, mazmun-mohiyati bilan betakror bo‘lgan markaziy xiyobonida salobat to‘kib turgan arbob, ijodkor, xalqu Vatanga sadoqatli xizmatlari bilan tariximizda o‘chmas nom qoldirgan Sharof Rashidov haykalini gullar bilan ziyorat qildik. Maydonga yonma-yon adabiyot bog‘ maydonida — she’riyatning qo‘shqanot yanglig‘ namoyandalari Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim siymolari oldida jo‘shqin mushoira boshlanib ketdi.

O‘xshashi yo‘q bu go‘zal bo‘ston

Mirzacho‘l, G‘allaorol, Zomin, Baxmal, Zarbdor, Arnasoy... Viloyatning qaysi hududida bo‘lmang, har zarrasida quyosh nuri jilvalangan tuproq, tog‘u toshlar, yuksalgan zumurrad archazorlar, olmazorlaru mevazorlar, gulu giyohlar va ularga hayot bag‘ishlagan zilol suvlarning so‘zbo‘yoqlardagi tasviri — otashqalb shoir Hamid Olimjonning “O‘zbekiston” she’ri dilingda jaranglayveradi.

Darvoqe, shoirning bu go‘zal madhiyasi 1935-yilda yozilib e’lon qilingan va ­e’tiborlisi, ayni she’r o‘zbek adabiyotida birinchi marta “O‘zbekiston” deb sarlavha qo‘yilgan asar hisoblanadi. Ungacha ijodkorlar ona yurtni she’ru dostonlarida ochiq tarannum etishlari ham siyosiy ayblovlarga vosita bo‘lgan.

Adabiyot, san’atning jonkuyarlari bo‘lgan yoshi ulug‘lar o‘tgan asrning ikkinchi yarmida ham otashqalb shoirlarimizning O‘zbekiston haqida, o‘zbek xalqimiz madhiyasida aytgan she’rlari-da siyosiy ta’qiblarga uchraganini yaxshi biladi. Yaqin tariximizning bu dardli sahifalari ham saboq beradi: garchi mustaqilligimiz jahon hamjamiyatiga 1991-yil 1-sentabr kuni baralla e’lon qilingan bo‘lsa-da, bugungi ozodu obod hayotimiz, taraqqiyot, farovonlik, dunyoviy e’tiroflar ota-bobolarimiz erku istiqlol uchun yuz ellik yillar avval jon tikib boshlagan kurashlarining ham maqsadi, orzulari ro‘yobidir.

Ko‘ngil ka’balarin obod etayotganlar

Dastavval Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida joylashgan Nogironligi bo‘lgan ayollar uchun g‘amxo‘rlik markazidagi jismoniy va ruhiy yordamga muhtoj uch yuzga yaqin xotin-qizni yo‘qladik. Ularni parvarishlayotgan, dardlarini bo‘lishayotgan, og‘irini yengil qilayotgan, vaqtlarini foydali, mazmunli mashg‘ulotlar bilan o‘tkazishda hamroh bo‘layotgan, malakayu iqtidor kurtaklarini qadrlab ulg‘aytirayotgan mehridaryolar xizmatlarini kuzatarkan, yuqoridagi fikr dilimdan ketmadi.

Katta maydonni egallagan binoning keng, gullar yashnab yotgan yo‘laklariga tutash bahavo, chiroyli xonalarning ko‘pchilik bekalari taqdirning og‘ir sinovlariga uchragan yoki shunday taqdir bilan dunyoga kelgan: maxsus tibbiy komissiyaning tavsiyasiga asosan Ijtimoiy himoya agentligi qarori bilan bu manzilga yuborilganlarning qay birlari qo‘l-oyog‘i chaqqon, qiynalib ­bo‘lsa-da, ­gapingni uqadi, qay birlari esa u yonidan bu yoniga o‘girilish uchun ham ko‘makka muhtoj... Jismoniy, ruhiy ahvoli turlicha bo‘lgan bu xotin-qizlar bilan ko‘rishib, salomlashib, muloqot qilib yurarkanmiz, bir holat alohida diqqatimni tortdi: bu yerda mehnat qilayotgan ijtimoiy xodimlar, shifokoru hamshiralar, mehnat instruktorlari, kichik tibbiy xodimlarni ko‘rganda bemor ­ayollarning yuzu ko‘zlarida quvonch, yorug‘lik, talpinish yaqqol namoyon bo‘ladi. Demak, ikki tomonni mehru muruvvat, bag‘rikenglik, chin insoniylik rishtalari bog‘lagan.

Yo‘laklar devorlariga ilingan qo‘l mehnati namunalari — kashtalar, munchoqlardan yig‘ilgan manzaralar e’tibor tortadi, lekin maxsus ko‘rgazma xonasidagi hamyoncha, nonsavatu choynakpo‘shlar... qush ko‘zidek mayda noziklarni terib ijod qilingan mozaika gullar, manzaralarning bahosi yo‘q. Chunki...

— Mana bu tabiat manzarasini doimo bir holatda yotadigan bemor ayol munchoqlardan terib chiqqan, — mehnat instruktori Sohiba Orziqulovaning bu gapidan lol bo‘lib qoldim. — Ha, hayron bo‘lmang. Shunaqa ayollar bizda oz emas. Ularni qancha ko‘p harakatga, ijodga jalb qilsang, shuncha quvonadi. Kunlar davomida bir holatda yotib, nimjon barmoqlari bilan ijod qilishdan charchamaydilar...

Biz, mehmonlar “Ma’rifat” targ‘ibot jamiyatining sovg‘alari bo‘lgan to‘qish uchun iplar, yasash uchun munchoqlar kabi narsalarni topshirganimizda, mezbon bekalar qanchalar quvongani sababini endi yaxshi angladim. Bu munis ayollar imkoniyatlari, quvvatlari yetganicha mehnat, ijod qilishni xohlaydi, shunga intiladi.

Keyin markazning keng, baland, shinam jihozlangan zalida ayollar san’atkorlarning qo‘shiqlarini eshitdi, raqsga tushdi, navbat bilan Hamid Olimjon, Abdulla Oripov, Muhammad Yusufning Vatan haqidagi she’rlarini o‘qidi. She’riy satrlarni, iboralarni garchi qiynalib, kamchiliklar bilan talaffuz etsalar-da, ammo bu ma’suma yuraklarning hayotga, go‘zallikka, xalqu Vatanga muhabbati samimiy, yuz-ko‘zlari va so‘zlarida jamiyatning mehrli og‘ushida ekanidan minnatdorlik balqib turardi.

Davlatimiz rahbarining mamlakatimizdagi har bir inson hayotdan rozi bo‘lib yashashi kerakligi haqidagi ta’kidlari beixtiyor yodimga tushdi. Saodat Ochilova, Sayyora Qodirova, Sohiba Orziqulova, Matluba Ravshanova kabi fidoyi, sabru toqatli, qalbi ­ezgulikka to‘la xodimlar bu tamoyilni amalga oshirib, fidoyilik bilan xizmat qilyapti. Ularning mehnatlari Ka’bani obod qilish maqomi kabi ulug‘, albatta.

Ertamiz maktablardan boshlanadi

Baxmal tumanidagi aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashgan maktabning gulzoru mevazor hovlisidan o‘tib, ichkaridagi keng, nurafshon yo‘laklar, o‘quv xonalarini, u yerdagi yashnagan gullarni, o‘quvchilar fanlarni chuqur o‘zlashtirishi uchun ko‘rgazmali qurollar, zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan sinf xonalarini kuzatarkanmiz, xorazmlik ajoyib muallima, O‘zbekiston Qahramoni Anora Mahmudovaning “Bola maktabga xuddi bayramga borgandek borishi kerak”, degan gaplarini esladim. Ha, bunday sharoitlarda ilmga intilgan yosh qalblarning havasi, g‘ayrati, qiziquvchanligi, izlanuvchanligi yanada ortishi tabiiy hol.

— Prezidentimiz farmoni bilan maktabimiz 2022-2023 o‘quv yilida tashkil etilib, faoliyatini boshlagan, — deydi maktab direktori Surayyo Abdurahmonova. — Bu yil to‘rtinchi avlod bitiruvchilarini uchirma qildik. Avvalgi yillari sakson foizdan ortiq o‘quvchilarimiz davlat oliy ta’lim dargohlariga o‘qishga kirgandi. Qolganlari ham xususiy universitetlar talabasi bo‘lgan. Maqsadimiz — davlat OTMlariga yuqori ballar bilan kira oladigan o‘quvchilarimiz sonini yuz foizga yetkazish.

Maktabning sport zali hashamatli degan ta’rifga xo‘p munosib. Maxsus sport maktablarining turli sport mashg‘ulotlari, musobaqalar o‘tkazishga moslab qurilgan va jihozlangan saroylaridan qolishmaydi. O‘quvchilik yillarimni esladim, bunday sharoitda yoshlikdan chiniqib borgan bolalarning jismoniy-ruhiy sog‘lig‘i umrining oxirigacha eng bebaho boyligi, katta maqsadlarga yetish yo‘lidagi naqd imkoniyati bo‘lib qoladi.

Qishloq elining bu maktabda o‘qiyotgan o‘g‘il-qizlarning bilimga qiziqishi, yurish-turish va muomalada tengdoshlariga ibrat bo‘layotgani, boshqalarga hurmatu odobi haqidagi gaplarini tinglab tashqariga chiqayotgandik, maktab darvozasidan kirib kelayotgan maktab yoshigayam yetmagan bolakaylar diqqatimni tortdi. Ular o‘zlariga munosib o‘lchamdagi boks charm qo‘lqoplarini ko‘tarib olgandi. Demak, mana shu polvonchalar ham sport zalida shug‘ullanadi, bu yerda mavjud imkoniyatlardan juda ko‘pchilik ­foydalanyapti.

Ha, “birniki — mingga, mingniki — tumanga”. Bugun fanlarni chuqur o‘zlashtirib, maktabi, oilasi, mahallayu yurti sharafini yuksaltirayotgan o‘g‘il-qizlar atrofidagi yuzlab, minglab tengdoshlariga ibrat.

Hozir Jizzax shahrida Prezident maktabi, Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi, Al-Xorazmiy nomidagi aniq fanlarga va Ibn Sino nomidagi tabiiy fanlarga ixtisoslashgan maktablar hamda o‘n bitta tumanda turli fanlarni chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablarda 4921 o‘g‘il-qiz ta’lim-tarbiya olyapti. Inshaalloh, bular ilmu urfon osmonida o‘chmas yulduz bo‘lib chaqnagan ajdodlarga munosib avlodlarni kamol toptirish yo‘lidagi dastlabki qadamlar, xolos.

Hikmat izlaganga

hikmatdir dunyo

Mustaqilligimizning ilk yillari edi. Og‘ir jigar xastaligiga uchragan Abbos Navro‘zov tibbiy muolajalar yordamida tuzalib ketishiga shifokorlar ham aniq-tiniq javob bermadi. Tashvishda qolgan xonadon a’zolaridan biriga kimdir bunday paytda tuya suti ichish juda foydali ekanini aytibdi. Noyob bo‘lsa-da, viloyatda tuyani topishdi, uning sutini ichib darddan tamoman xalos bo‘lgan Abbos Navro‘zov hozir besh farzandning otasi. Ayni kunda u Mirzacho‘l tumanining Erjar mahallasida o‘zi tashkil etgan, tuyachilikka ixtisoslashgan “Xalosov xalos” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi.

— Tuya suti, ayniqsa, jigar kasalliklarini davolashda tengsizligini o‘zim sinab ko‘rgach, o‘shanda qat’iy qarorga kelgandim. Qoraqalpog‘istondan, Navoiy viloyatidan tuyalar olib keldik, — deydi Abbos Navro‘zov. — Ularni asrash, parvarishlash, o‘stirish uchun tuman hokimligi o‘ttiz gektar yer ajratib berdi. Hozir tuyalarimiz soni yuzdan ortdi. Shifotalablar so‘rab-surishtirib Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistondan ham keladi. Ular muayyan muddat tuyaning yangi sutini ichib, davo topadi. Shuning uchun mehmonxona ham tashkil qildik.

Ba’zilar “Qoraqalpog‘istonda, Navoiy viloyatida ham tuyalar bor ekan, bemorlar Jizzaxga kelib yurishi shartmi?” deb savol beradi. Ajoyib jihati... bir misol bilan javob beraylik: vodiylik keksa bemorning o‘g‘illari onalarini yo‘l mashaqqatidan qutqarish uchun hatto tuya sotib olibdi. Ammo vodiyda boqilgan tuyaning suti onaxonga Mirzacho‘l quyoshini emgan yantoqlarni, tikanlarni yegan, cho‘l tuprog‘ining taftini o‘ziga singdirib, shu yerning suvini ichgan tuyalarning suti kabi naf bermabdi... Va yana: Navoiy viloyatida nari borsa kuniga 2 litrdan sut bergan tuyalardan bu yerda 5-6 litrdan shifobaxsh ne’mat sog‘ib olinmoqda.

Yurtimizda xayrli ishlarning yuksak darajada qo‘llab-quvvatlanishiga yana bir yorqin misol: xalq salomatligiga bu qadar foydali bo‘lgan mahsulotni ko‘paytirish uchun maxsus qaror bilan Erjar mahallasini tuyachilikka ixtisoslashtirish boshlandi. O‘n beshta xonadonga 150 million so‘mdan imtiyozli kredit ajratildi, hozir ular ikkitadan tuya sotib olib, tadbirkorlikni boshlab yuborgan.

Bunda bulbul kitob o‘qiydi

Jizzax shahridan G‘allaorol tumanidagi Avliyo qishlog‘ida joylashgan Saad ibn Abu Vaqqos ziyoratgohiga qanday yetib kelganimizniyam bilmay qolibmiz. Oltinchi sinf o‘quvchisi Ziyoviddin Qahramonovning yod aytgan she’rlari, soddayu samimiy fikrlari, ayniqsa, badiiy asarlar mohiyatiga urg‘u berib she’rlarni ifodali o‘qishiga mahliyo bo‘lib qoldik. Bu o‘smirning ko‘ngil bisotida, ayniqsa, ota yurt ta’rifiyu madhiyasi, muhabbati mavzusidagi she’rlar marjondek terilgan ekan. “Bekzod Hamroning mana bu she’rini juda yaxshi ko‘raman”, deb o‘qiy boshladi:

G‘allaorol, bo‘lakchasan, ko‘rsam seni

Ketar dildan kemtiklarim, o‘yiqlarim.

Odamlaring bir ajoyib, bir ajoyib,

Juragimda sakrab yurgan kiyiklarim.

...Tikanlari tobonimga kirsin, mayli,

Oylanayin jontog‘ingning soyasidan...

Voh, bu o‘smir “Odamlaring bir ajoyib, bir ajoyib!” degan satrni o‘z lahjasida o‘qiganda, mehru muhabbatning tovlanishini ko‘rsangiz, eshitsangiz! Qishloqdagi 33-maktab o‘quvchisi Ziyoviddin yurish-turishi, sho‘x tabiati, o‘zini tutishidan tengdoshlarining bir vakili. Ammo tabiat, nabotot, hayvonotni asrash, ularni kelajak avlodga asl holicha yetkazish, havo, suv, tuproqni musaffo asrash haqidagi she’rlarni o‘qiganda, lof demang, uning ko‘ksida uyg‘oq, hushyor, jonkuyar, tabiat va jamiyat oldida mas’ullikni zimmaga olgan katta yurak urayotganini his etasiz. Buning sababi oila hamda o‘qituvchilarining ta’lim-tarbiyasida. Yana u G‘allaoroldagi “Qaqnus” deb nom olgan to‘garakning katta maktabida odob va adabiyot ilmidan ham toblanmoqda.

2011-yilda faoliyatini boshlagan “Qaqnus” to‘garagining chin adabiyot ustaxonasiga aylangan mashg‘ulotlaridan yuzlab yosh qalamkashlar saboq oldi, polapon kabi katta adabiyot olamiga parvoz qildi. To‘garak a’zolari nafaqat o‘zbek adabiyotining taniqli namoyandalari, shuningdek, Yaponiya, Fransiya, Turkiya, Hindiston, Avstraliya, Bolgariya kabi o‘ttizga yaqin davlatning mashhur qalamkashlari bilan yuzma-yuz muloqotda ularning ijodiy laboratoriyasi bilan tanishdi, mahorat saboqlarini o‘zlashtirdi. Respublikamizning barcha viloyatlaridagi adabiyot shinavandalari “qaqnus”chilarni markaziy radio, televideniye, gazeta va jurnallardagi chiqishlari orqali yaqindan taniydi. Bu yil o‘n besh yoshini nishonlagan to‘garak faoliyatining sara mevalari o‘nga yaqin nazmiy va nasriy to‘plamdir. Sirasini aytganda, boshqa viloyatlarning yosh qalamkashlari o‘zlarida ham shunday to‘garak bo‘lishini orzu qiladi.

Bizga tasodifan hamroh bo‘lib qolgan Ziyoviddinning iqtidoru imkoniyatlarini qarang! Unga o‘xshagan o‘g‘il-qizlar viloyatning qishlog‘u shaharlarida yuzlab, minglab topiladi. Axir bu muqaddas an’ana: shu yurtda she’ru shuurga egizak tug‘ilgan Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Hamid Olimjon, Sharof Rashidov, To‘ra Sulaymon kabi baxshilar, shoiru ijodkorlar ham bolaligidan ona tuproqqa, bog‘u tog‘lar, jilg‘alaru daryolar, gullar, qushlar va ularni zarrin nurlarga ko‘mgan quyoshga mana shunday muhabbat, iftixor bilan ulg‘aygan. Oqqan daryo oqaveradi. Shoira Zulfiyaxonim yozganidek, bu bog‘lar hali bir bog‘lar bo‘ladiki!

Bir jurnalist hamkasbimizning yozishicha, Dashtoboddan taksiga o‘tirib Zominga yo‘l olgan yo‘lovchi xorijga ketib, u yerda yashab qolgan jizzaxlik kishi ekan. U Laylakuya qishlog‘iga yetib kelgunicha yo‘lning bir tomonidagi simyog‘ochlar ustidagi laylak­uyalardan boshqa hech bir joyni tanimabdi; “Ishqilib, Zominga ketyapmizmi?” deb so‘rabdi haydovchiga shubhali qarab. Muloqot asnosida mehmonning bundan yigirma ikki yil oldin chetga chiqib ketganini eshitgan haydovchi kulib yuboribdi:

— Aka, siz yigirma yil avvalgi xotiralar bilan yashayotgan ekansiz. Aslida, viloyatimiz shahar-qishloqlari ikki-uch yilda yangilanib ketyapti-ku! Mana, men haydovchilik qila boshlaganimga olti yil bo‘ldi, kasbimni juda yaxshi ko‘raman. Bizda cho‘l zonalardan o‘tgan tekis yo‘llar ham, tog‘li hududlarga keskin ko‘tariladigan yoki pastlaydigan yo‘llar ham ko‘p. Dastlab ish boshlagan paytimda asosan markaziy ko‘chalar, bosh magistral yo‘llar asfaltlangan edi, hammasiyam sifatli emasdi. Bugun, qarang, tekis, keng yo‘llar... ayniqsa, tog‘li joylarga yo‘lingiz tushsa, kinolardagi kabi ajoyib manzaralar boshlanadi... Oldindan aytib qo‘yay: obod mahallalari, zamonaviy maktablari, dam olish maskanlari, bog‘lari, mehmonxonalari, archazorlar ustidan o‘tgan dor yo‘li, aholiga va sayohatchilarga savdo-sotiq, madaniy-maishiy xizmat ko‘rsatadigan tizimlari bilan odamlarni o‘ziga magnitday tortayotgan Zominni umuman tanimaysiz! Menimcha, boshqa bunaqa joyni topolmaysiz ham!..

Muhtarama ULUG‘OVA,

“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi