Unda iste’molchilar soni va tarkibi, iste’mol hajmi, mavjud quvvat, elektr va gaz infratuzilmasining tarkibi va texnik holati, yangi iste’molchilarni ulash imkoniyatlari hamda modernizatsiya ehtiyoji aks ettiriladi.
Bu ma’lumotlar orqali mahallada energiya resurslari qanday taqsimlanayotgani va iste’mol qilinayotgani tahlil qilinadi. Qaysi hududlarda texnik va tijoriy yo‘qotishlar yuqori ekani, iste’mol hajmidagi keskin yoki odatdagidan farqli o‘zgarishlar, hisobga olinmagan iste’mol, shuningdek, noqonuniy yoki texnik talablarga mos bo‘lmagan ulanishlar mavjudligini aniqlash imkonini beradi.
Pasport tarmoqlarning yuklamasi, quvvat zaxirasi va texnik holatini ham bir nuqtada ko‘rish imkonini beradi. Bu avariyaviy holatlar xavfini oldindan baholash, ularning oldini olish va zarur holatda ta’minotni tezroq tiklash uchun muhim.
Masalan, tarmoqning rezerv imkoniyatlaridan foydalanib, quvvatni boshqa yo‘nalishga qayta taqsimlash orqali iste’molchilarni uzoq vaqt ta’minotsiz qoldirmaslik bo‘yicha tezkor qaror qabul qilish mumkin bo‘ladi.
Shu bilan birga, yangi ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy obyektlar, tadbirkorlik va ishlab chiqarish obyektlari paydo bo‘lishi natijasida yuzaga keladigan qo‘shimcha yuklama ham oldindan hisobga olinadi. Mavjud quvvat yetarli bo‘lmagan holatlarda qaysi tarmoq yoki transformatorni kuchaytirish, qayerda qo‘shimcha infratuzilma zarurligi va buning uchun qancha resurs talab etilishi aniq belgilanadi.
Shuning uchun energetik pasport — faqat ma’lumotlarni jamlash vositasi emas. U mahallada energiyaning harakati, iste’moli, yo‘qotishlari, tarmoq holati va xavflarini bir-biri bilan bog‘liq holda ko‘rish, muammoning sababini aniqlash, tezkor qaror qabul qilish va keyingi rivojlanishni asoslash imkonini beradigan boshqaruv instrumentidir.
Bunda asosiy maqsad — muammo yuzaga kelgandan keyin chora ko‘rish emas, balki uning sabab va xavflarini oldindan ko‘rish, zarur holatda quvvatni tezkor qayta taqsimlash, ta’minotni tiklash va infratuzilmani o‘z vaqtida kuchaytirish.