Qurilish ishlari oddiy bino koʻtarishdangina iborat boʻlgan vaqtlar oʻtdi. Bugun bunyod etilayotgan har bir inshoot shaharsozlik talab va meʼyorlariga javob berishi kerak. Qurilish joyini tanlashdan tortib, unga mos loyiha va dizayn yaratishgacha boʻlgan ishlarning bari bir nuqtada uygʻunlashadi. Shu tariqa shaharlarning umumiy qiyofasi, arxitektura dizayni paydo boʻladi.
Yangi
Oʻzbekistonda oxirgi yillardagi qurilishlar misolida buni yaqqol koʻrish
mumkin. Zero, bugun yurtimizda qurilish va shaharsozlik mutlaqo yangi normalar,
zamonaviy yondashuvlarga asoslanmoqda. Loyihalar har bir shaharning joylashuvi,
madaniy va boshqa xususiyatlaridan kelib chiqib belgilanayotgani ham yaqqol
koʻzga tashlanadi. Masalan, poytaxtdagi
qurilishlarning aksariyati zamonaviy shahar qiyofasini aks ettirsa,
Samarqand, Buxoro kabi tarixiy shaharlarda madaniy yoʻnalishdagi arxitektura
talablari koʻproq inobatga olinadi. Bunday yondashuvlar urbanizatsiya,
arxitektura-dizayn yoʻnalishlarini ham rivojlantiryapti.
Qurilish
sohasining oʻzi esa alohida mavzu. Birgina uy-joy
qurilishini olaylik. Yaqin vaqtlargacha Oʻzbekistonda bir yilda bir necha yuz
xonadonli koʻp qavatli uylar qurilsa ham katta gap edi. Sohada toʻplanib
qolgan muammolarni-ku, aytmasa ham boʻladi. Uy-joy fondini boshqarish tizimi
samarasizligi bois, taʼmirlash va xizmat koʻrsatish uchun mablagʻ doimiy
yetishmasdi. Boshqa tomondan, aholining arzon uy-joylarga talabi nihoyatda
yuqori edi.
2017-yildan bu
yoʻnalishda katta marra olindi. Yurtimiz boʻylab turar va noturar joylar
qurilishi shiddatli tus oldi. Minglab xonadonga ega koʻp qavatli uylar qad
rostlay boshladi. Avvaliga shuncha uyda kim yashaydi, bunga talab bormi oʻzi
degan fikrlar ham bildirildi. Bugun esa quruvchi kompaniyalar soni va aholiga
uy-joy taklifi qancha koʻp boʻlmasin, bariga talab bor. Chunki sohada nafaqat
tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratildi, balki aholining arzon uy-joy
sotib olish qobiliyatini oshirish mexanizmlari, xususan, uzoq muddatli ipoteka
kreditlari va boshqa koʻplab zamonaviy takliflar berilmoqda.
Natijada keyingi
toʻqqiz yilda Oʻzbekistonda bu soha shu qadar rivojlandiki, qurilish
ishlarining hajmi 2016-yildagi 30 trillion soʻmdan oʻtgan yili 314 trillion
soʻmga yetdi. Shu yillar mobaynida 647 ming xonadonli 15 mingdan ortiq koʻp
qavatli uy-joy barpo etildi, mamlakatimizda qariyb 10 mingta yangi qurilish
korxonasi ish boshladi. Asosiysi, bular shunchaki qurilish emas, balki xalqaro
standartlarga asoslangan yirik loyihalardir. Ular shaharsozlikning boshqa talablari
va yoʻnalishlari bilan uygʻunlashtirilib, endi quruvchilar odamlarga yashash
joyi bilan birga zamonaviy infratuzilma, qulay ekologik muhit va yashil
hududlarga ega maskanlarni taklif qilyapti.
Jahon tajribasida puxta oʻylangan shaharsozlik siyosati va
keng koʻlamli uy-joy qurilishi uygʻunlashganda iqtisodiy yuksalish hamda hayot
sifati oshishi oʻz isbotini topgan. Koʻplab davlatlarda urbanizatsiyaning
muvozanatli modeli joriy etilib, unda uy-joy qurilishi bir paytning oʻzida
infratuzilma, hududiy rivojlantirish va yuqori sifatli shahar muhitini
shakllantirish orqali namoyon boʻlmoqda. Qolaversa,
odamlarning aynan shunday zamonaviy shaharlarda yashashga boʻlgan talabi ortib
boryapti.
Maʼlumotlarga
koʻra, hozirgi kunda yurtimiz aholisi 38 milliondan oshib, ularning 20 millioni
shaharlarda yashamoqda. Bu shaharsozlikni yanada rivojlantirish, zamon
talablariga moslashtirishni taqozo etadi. Keyingi yillarda ayni jihatlarga
eʼtibor qaratilayotgani, istalgan loyiha avvalida bosh reja ishlab chiqilib,
muhokamalarga qoʻyilayotgani boisi shunda. Hatto bu muhokamalarda aholining
oʻzi taklif va tashabbuslari bilan ishtirok etyapti.
Mazkur yoʻnalishda
ishlar samaradorligini yanada oshirish, tezkorlik va sifatni taʼminlash,
tadbirkorlarning ovoragarchiliklarini kamaytirish uchun huquqiy asoslar
boʻlishi kerak. Shu maqsadda oʻtgan yillar davomida mamlakatimiz qurilish
sohasida ruxsat berish bosqichlari uch karra, muddatlar toʻrt karra
qisqartirilib, 420 ta shaharsozlik norma va qoidasi birlashtirildi, eskilari
bekor qilinib, 140 ta yangi norma va qoida tasdiqlandi. Ammo hali sohada hal
etilishi zarur boʻlgan masalalar yetarlicha.
Joriy yilning
14-aprel kuni davlatimiz rahbari raisligida uy-joy qurilishi va urbanizatsiya
sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va kelgusidagi ustuvor
vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ayni yoʻnalishdagi
dolzarb masalalar tahlil qilindi. Anchadan beri toʻplanib kelayotgan muammolar
oʻrtaga tashlandi. Oʻtgan yillar davomida yer va kredit kabi asosiy masalalar
hal etilgan boʻlsa-da, tadbirkorlar qurilishni boshlash bosqichida haligacha
turli toʻsiqlarga duch kelayotgani, bu jarayonlar oylab-yillab
choʻzilayotgani aytildi. Ularning yechimi boʻyicha takliflar berilib,
urbanizatsiyani barqaror rivojlantirish boʻyicha yagona yondashuv boʻlishi
shartligi koʻrsatib oʻtildi. Davlatimiz rahbari urbanizatsiya darajasining har
1 foiz oʻsishi iqtisodiyotga kamida 1 foiz qoʻshimcha oʻsish olib kelishi,
investitsiya oqimi, biznes va startaplar faolligi, mehnat unumdorligi shunga
mutanosib ravishda ortishini taʼkidladi.
— Yigʻilishda bosh rejadan tortib, qurilishni yakunlash va uni
ekspluatatsiya qilish masalalarigacha tahliliy koʻrib chiqildi, — deydi
qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sherzod Hidoyatov. — Ochigʻini
aytganda, qurilish sohasida kamchiliklar yetarlicha. Oldinlari betartib
qurilishlar boʻlgan, bosh reja tasdiqlanmagan, ayrim tadbirkorlar muammoli
qurilishlar qilib qoʻygan va hokazo. Natijada aholi va tadbirkorlarni qiynab
kelayotgan koʻplab savollar toʻplanib qolgandi. Shu bois, yigʻilishga bir necha
oy davomida katta tayyorgarlik koʻrildi. Bu vaqt davomida tadbirkorlar bilan
uchrashuvlar oʻtkazilib, fikrlari, takliflari, muammolari eshitilib, tahlil
qilindi. Bevosita sohada ishlovchilarning taklif va tashabbuslari toʻplanib,
davlatimiz rahbariga taqdim etildi. Tadbirda quruvchilar, arxitektorlar,
tadbirkorlarning oʻzi ishtirok etib, muammolarni oʻrtaga tashladi. Davlatimiz
rahbari koʻtarilgan masalalarning barchasiga aniq yechimlar berdi.
Masalan, sohadagi
eng koʻp uchrayotgan muammolardan biri qurilishga ruxsat berish tizimi bilan
bogʻliq. Oʻtgan yili bosh reja yoʻqligi vaji bilan yerni xususiylashtirish
boʻyicha 112 ming arizaning 14 foizi, umumiy hisobda esa qurilishga doir 2
million 600 mingdan ziyod arizaning uchdan biri rad etilgani, bu holat ortida
koʻp hollarda korrupsiya va ortiqcha byurokratik gʻovlar turgani koʻrsatib
oʻtildi. Shu bois, qisqa vaqtda sohadagi ruxsat berish tartib-taomillarini
soddalashtirish, arizalarga inson omilisiz, bir necha daqiqada onlayn javob
beradigan tizimga oʻtish, raqamlashtirish va sunʼiy intellektni keng joriy
etish vazifalari qoʻyildi.
Hozir aholi va tadbirkorlar avval loyihalashga ruxsat olib,
keyin arxitektura-rejalashtirish topshirigʻini ishlab chiqish uchun
alohida-alohida ariza beradi va buning uchun oylab vaqt yoʻqotmoqda. Toshkent
shahrida ushbu ikki xizmatni bir bosqichda koʻrib chiqish tajribasi joriy
etilgan va bu hujjatlarni kelishish muddatlarini 3-4 karra qisqartiryapti. Endilikda
mazkur tajriba shu yilning 1-iyulidan boshlab barcha hududlarda joriy etiladi.
Ochiq muloqotda ochilgan
muammolar
Har bir raqam
ortida real vaziyat turibdi. Muammo va takliflarni esa bevosita soha vakillari,
tadbirkorlarning oʻzi oʻrtaga tashlagan. Ularning koʻpchiligi yigʻilishda
ishtirok etib, davlat rahbariga oʻzlarini qiynayotgan masalalar haqida gapirdi,
takliflarini bildirdi.
Yaʼni bu galgi videoselektor yigʻilishi
juda katta formatda, qurilish sohasidagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot
tarzida oʻtkazildi. Unda joylardagi studiyalardan videoaloqa orqali 500 dan
ziyod tadbirkor, quruvchi, loyihachi, arxitektor va urbanist ishtirok etdi.
Koʻpchiligi soʻzga chiqib, muloqotning faol ishtirokchisiga aylandi.
— Kompaniyamiz
2025-yilning oʻzida 100 ming kvadrat metrdan ortiq turar va noturar binolarni
oʻz egalariga topshirdi. 2026-yilda 200 ming kvadrat metr uy-joy qurishni reja
qilganmiz, — dedi Toshkent shahridagi “Lux city house” korxonasi rahbari Vohid
Mirzayev. — Davlatimiz rahbari chet eldagi yurtdoshlarimizni Oʻzbekistonga olib
kelib ish bilan taʼminlash haqida koʻp gapiradi. Shundan kelib chiqib,
kompaniyamiz oʻtgan yilning oʻzida xorijdan kelgan 3 ming kishini ish bilan
taʼminlab, munosib sharoitlarni yaratib berdi. Joriy yilda bu koʻrsatkichni
ikki barobar oshirish niyatimiz bor.
Yigʻilishda soha
tadbirkorlarining muammolari tinglanib, ularga eng maqbul yechimlar berilganini
koʻrib, nihoyatda ruhlanib oʻtirdik. Ruxsat olishdagi qiyinchiliklarni
bartaraf etishdan tortib, lizing tizimidagi masalalargacha hal etish
topshirigʻi berildi. Oʻzim ham yigʻilishda bizni qiynayotgan asosiy
masalalardan biri
— xorijdan olib kelinadigan texnika uchun toʻlanadigan boj toʻlovini
kamaytirishni soʻradim. Bu imtiyoz kichik va oʻrta korxonalar uchun ham qulay
boʻlishi, ularda katta qurilishlar qilish imkoniyati oshishini aytdim.
Qolaversa, chet eldan keladigan texnika qancha arzon boʻlsa, quriladigan
obyektlar tannarxi ham shuncha tushadi.
Davlatimiz rahbari
tadbirkorning bu taklifi oʻrinli ekanini bildirib, qoʻllab-quvvatladi. Tegishli
tashkilotlarga xorijdan olib kelinadigan texnika vositalari roʻyxatini
tayyorlab, ularning boj toʻlovlarini kamaytirish boʻyicha topshiriq berdi.
Maʼlumotlarga
koʻra, 2017-yilda ham Prezidentimiz topshirigʻi bilan qurilish tashkilotlariga
xorijdan maxsus texnika olib kirish boʻyicha imtiyoz berilgan. Natijada oʻsha
davrda sohada katta oʻsish kuzatilib, yurtimizga koʻplab zamonaviy texnika
kirib keldi. Endi tadbirkorlarning taklifi bilan bu imtiyoz qayta qoʻllaniladi.
Koʻplab masalalar
ana shunday ochiq muloqotlar, davlatimiz rahbarining tadbirkorlarni doimiy
eshitishi, fikrlarini qoʻllab-quvvatlashi ortidan hal etilayotgani va bu
xalqimiz uchun ham manfaatli boʻlayotgani ayni haqiqat. Shuning uchun
yurtimizdagi har bir soha tadbirkori Prezidentimiz bilan boʻladigan shunday
uchrashuvlarni intiqlik bilan kutadi. Boisi, har gal ochiq muloqotdan soʻng
xalqimiz va tadbirkorlarni quvontiradigan katta tashabbuslar ilgari surilib,
yangi imtiyozlar amaliyotga joriy etiladi.
Namanganlik
tadbirkor Qobil Tursunov ham ochiq muloqotdan unumli foydalanib, davlatimiz
rahbariga oʻz loyihalari, yangi maqsadlari haqida gapirdi. Soha vakillariga
berilayotgan yangi imtiyozlardan ruhlanganini aytib, mavjud imkoniyatlardan
foydalangan holda Namangan shahrida qurilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivida
qurishni rejalashtirgan 4 800 ta xonadonni yil oxirigacha 10 mingta qilib
topshirish niyatidaligi va buni Prezidentimizga koʻrsatish istagini hayajon
bilan gapirdi. Davlatimiz rahbari esa tadbirkorning bu kabi yirik loyihalari va
mehnatlarini eʼtirof etdi.
— Biz, namanganlik
tadbirkorlar doim davlatimiz rahbarining qoʻllab-quvvatlovini his qilib
turamiz, — deydi “Toshbuloq invest group” hamda “Orzu city” kompaniyalari
rahbari Qobil Tursunov. — Bugun yurtimizning eng chekka hududlarida ham
qurilishlar koʻlami, shiddati avjida. Bular oʻz-oʻzidan boʻlayotgani yoʻq.
Imkoniyat, sharoit, muhit boʻlmasa, bunday katta bunyodkorliklar boʻlishi
qiyin. Yigʻilishda davlatimiz rahbari soha vakillariga berilayotgan
yengilliklar haqida gapirganida yanada quvondim. Masalan, auksion orqali
olinadigan yer uchastkalarini boshlangʻich 15 foiz toʻlovni amalga oshirgan
holda, qolgan 85 foizini foizsiz boʻlib toʻlash imkoniyati yaratildi. Avvallari
boshlanishiga 35 foiz toʻlab, qolganiga 14 foiz ustama toʻlanar edi. Foizsiz
boʻlib toʻlash mahalliy tadbirkorlar uchun ham, investorlar uchun ham katta
imkoniyat. Bu ishbilarmonlarning moliyaviy yuklamasini yengillashtirib, tejab
qolingan mablagʻni qurilish ishlari va oʻz faoliyatini yanada kengaytirishga
sarflashiga xizmat qiladi.
Tadbirkorlardan,
ayniqsa, qurilishga ruxsat olish tizimining nihoyatda murakkabligi va
jarayondagi sansolarliklar bilan bogʻliq savollar koʻp tushgani kuzatildi.
Afsuski, keyingi yillarda bu masala quruvchilar, arxitektor va loyihachilarning
asosiy muammosiga aylangani yaqqol koʻrindi. Tadbirkorlarning aytishicha,
qurilishni boshlash boʻyicha kiritilgan arizalar qonunchilikda belgilangan
muddatlarda koʻrib chiqilmaydi, arzimagan sabablar bilan rad etiladi. Joylarda
shaharsozlik kengashiga aʼzo idoralar oʻrtasida oʻzaro muloqot va hamkorlik
yoʻqligi ham sansolarlikni keltirib chiqarayotgan asosiy muammolardan biri.
Shu bois,
yigʻilishda mutasaddilarga qurilishga ruxsat olishdan tortib, obyektni
foydalanishga topshirishgacha boʻlgan barcha jarayonlarni chuqur tahlil qilib,
talablar, muddatlar va toʻlovlarni kamida ikki barobar qisqartirish boʻyicha
qaror loyihasini kiritish topshirildi. Shaharsozlik kengashiga esa Toshkent
shahri va viloyat hokimlarining oʻzi boshchilik qilishi, tadbirkorning
masalasiga yakuniy yechim beriladigan tizim joriy etilishi belgilandi.
“Taklif
va savollarimiz davlatimiz rahbariga yetib borganidan quvondik”
Ochiq muloqotni
internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham koʻplab tadbirkorlar qizgʻin kuzatib
bordi. Nafaqat quruvchilar, balki loyihachi, arxitektor va sohaning boshqa
vakillari yigʻilish boʻyicha faol munosabatini bildirdi. Hatto baʼzilari
ijtimoiy tarmoqlar orqali videomurojaat qilib, ayni yigʻilishda tadbirkorlarni
anchadan beri qiynab kelayotgan muammolar oʻrtaga tashlangani, ular bildirgan
takliflarga davlatimiz rahbari tomonidan yechimlar berilganini xursandchilik
bilan gapirdi. 20 yillik tajribaga ega arxitektor Mirodil Jamolov bilan
suhbatlashganimizda, hayajon va taassurotlari hali ketmagani sezildi.
Mirodil JAMOLOV,
Toshkent shahridagi “Memorial Architectural
Project” (MAP) kompaniyasi rahbari:
— Davlatimiz rahbarining
qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini internet
tarmoqlari orqali kuzatdim va juda xursand boʻldim. Chunki yigʻilishda koʻtarilgan
aksariyat masalalar oʻzimiz — biznes egalari tomonidan oʻrtaga tashlangani, bevosita
davlatimiz rahbariga taqdim etilgani ikki karra quvonarli. Chunki sohaning ichida
yurgan odamlar bu muammolarga koʻproq duch keladi. Shu yilning 10 aprel kuni Savdo-sanoat
palatasi hamda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish Milliy qoʻmitasi
tomonidan oʻtkazilgan muloqotda ana shunday ogʻriqli masalalarni oʻrtaga tashlagandik.
Savollarimiz Prezidentimizga yetkazilib, yigʻilishda bevosita tadbirkorlar bilan
tahlil asnosida muammolar yechimi berilganidan xursand boʻldik.
Toʻgʻrisi, qurilish sohasida qiyinchiliklar, kamchiliklar yetarlicha. Ayniqsa,
qurilishga ruxsat olish jarayonlari juda koʻp vaqt oladi. Arizani 12 tadan 20 tagacha tashkilot koʻrib chiqib, ijobiy
xulosa berganidan keyingina ruxsatnoma beriladi. Bizniki kabi kompaniyalar arxitektura
loyihalarini ishlab chiqqanidan keyin uni shaharsozlik kengashi tasdiqlashi uchun
ham 20 ga yaqin tashkilot koʻrib chiqishi kerak. Natijada shu jarayonning oʻziga
2-3 oy vaqt ketib qoladi. Vaholanki, qonunchilikda har bir jarayonni koʻrib chiqish
muddatlari belgilangan. Biroq mutasaddi tashkilotlar tomonidan bu muddat talablari
buzilib, loyihalar oylab osilib yotadi. Bu tadbirkorning katta vaqt va mablagʻ yoʻqotilishiga
olib keladi, ish choʻzilib ketadi.
Yana bir ogʻriqli muammo
murojaatlarning koʻpincha ochiq qoldirilishi bilan bogʻliq. Toʻgʻrisi, shu paytgacha
juda koʻp masalalarda mutasaddi tashkilotlarga chiqqanimizda, hech qanday yechim
berilmagan. Davlatimiz rahbari tizimdagi koʻplab murojaatlar salbiy javob bilan
yopilganini taʼkidlagani bejiz emas. Vaholanki, hamma qatori biz ham xalq uchun
ishlaymiz va murojaatlarimiz shular bilan bogʻliq. Muammolar eʼtiborsiz qoldirilishi
esa nafaqat sohadagi, balki mamlakatdagi rivojlanishlarni orqaga tortishi mumkin.
Chunki qurilish sohasi yurtimiz iqtisodiyotining drayveriga aylangan. Bu nafaqat
iqtisodiy samaradorlik va ish oʻrni yaratish imkoniyatlari, balki mamlakatning shaharsozlik
qiyofasi, arxitekturasi bilan bogʻliq.
Bugun arxitektor
va tadbirkor sifatida ana shu jarayonlarda bevosita ishtirok etayotganimdan
quvonaman. Korxonamiz arxitektura yoʻnalishida loyihalash, binolarni texnik
koʻrikdan oʻtkazish xizmatlarini koʻrsatadi. Yillik savdo aylanmasi 1 milliard
soʻmdan yuqori. Bizning asosiy tamoyilimiz madaniy anʼanalarni innovatsion
texnologiyalar bilan uygʻunlashtirishga qaratilgan. Har bir meʼmoriy yechim
mahalliy qadriyatlarni chuqur anglashdan boshlanadi va bu odamlarni
ilhomlantiradigan noyob meʼmoriy obidalarni yaratish imkonini beradi.
Bugunga qadar yurtimiz va xorij davlatlarida mingdan ortiq loyiha,
jumladan, tijorat va turar joy obyektlari qurilishini amalga oshirdik. Yurtimiz
qurilish sohasi rivoji ortidan faoliyatimiz ham kengayib boryapti. Zamonaviy
standartlar esa bizdan yangicha yondashuvlarni talab etmoqda. Masalan, keyingi
yillarda qurilishni loyihalashtirishda nafaqat estetika va tejamkorlik
uygʻunligi, balki atrof-muhitga zarar yetkazmaslik, ekologik jihatlar ham muhim
talabga aylangan. Shaharsozlik meʼyorlarida “yashil” hududlar yaratishga katta
eʼtibor qaratilmoqda.
Yaʼni bugun
qurilish loyihalarini shunchaki yaratib boʻlmaydi, har bir jihat aniq
koʻrsatilishi kerak. Bu esa arxitekturani nafaqat sanʼat, balki qurilishlarning
asosiy qismiga aylantiradi. Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq
muloqotida koʻplab loyihachilar ishtirok etgani boisi shunda.
Yigʻilishni kuzata
turib, yurtimizda koʻplab soha vakillarining kasb bayrami borligi, ammo
arxitektorlar nishonlaydigan alohida sana mavjud emasligi xayolimdan oʻtdi.
Ochiq muloqotda ishtirok etganimda, davlatimiz rahbariga ana shu taklifni
bildirgan boʻlardim. Bu shaharlar qiyofasini yaratishga hissa qoʻshayotgan
arxitektorlar uchun katta sharaf va ragʻbat boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.
*
* *
Shunday qilib, yurtimiz qurilish sohasidagi toʻplanib qolgan koʻplab muammolar oʻrtaga tashlanib, yechimlari berildi. Ana endi soha rivojini yangi bosqichga olib chiqish kerak. Har holda tadbirkorlar ogʻriqli masalalardan qutulib, yanada shiddat bilan ishlashga shaylangan. Ish jarayonida kuzatiladigan turli masalalar boʻyicha mutasaddilarga murojaatlar esa doimiy davom etadi. Chunki sohadagi barcha muammoni bir vaqtda uzil-kesil hal etishning imkoni yoʻq, yangi vazifalar bilan birga yangi masalalar ham oʻrtaga chiqaveradi. Shunchaki ularni hal etishning tizimli mexanizmi yoʻlga qoʻyilishi kerak.
Iroda
TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri