Sputnik tasvirlari sayyoramizdagi tashvishli o‘zgarishlarni tobora ko‘proq qayd etmoqda. Qurg‘oqchilik, iqlim o‘zgarishi, suv resurslaridan ortiqcha foydalanish va aholi ehtiyojlarining ortishi tufayli dunyo bo‘ylab ko‘llar, daryolar va botqoqliklar tez sur’atlarda sayozlashmoqda yoki butunlay yo‘qolib bormoqda, deb xabar beradi Interesting Engineering nashri.

Argentinadagi Parana daryosi

Janubiy Amerikaning eng yirik daryolaridan biri jiddiy sayozlashishni boshdan kechirmoqda. Rosario shahri yaqinida sputniklar suv sathining sezilarli darajada pasayganini qayd etgan. Qurg‘oqchilik daryo tubining katta qismlarini ochib tashladi va hatto o‘zan o‘rtasida yangi orollarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

Boliviyadagi Poopo ko‘li

Bir vaqtlar Boliviyaning ikkinchi eng katta ko‘li bo‘lgan bu suv havzasi deyarli butunlay yo‘qolib ketgan. Qurg‘oqchilik, iqlimning isishi va suvning boshqa tomonga yo‘naltirilishi natijasida ko‘l sho‘rxok yerlarga aylanib qolgan. Ko‘l bilan birga mahalliy aholining an’anaviy daromad manbalari ham yo‘qolgan.

Botsvanadagi Ngami ko‘li

Okavango deltasidan keladigan suvga bog‘liq bo‘lgan bu ko‘l yo‘qolib ketish xavfi ostida turibdi. Nomunazzam toshqinlar va uzoq davom etuvchi qurg‘oqchiliklar tufayli ko‘l tez-tez qurib qolmoqda.

Chilidagi Laguna-de-Akuleo

Yaqin yillargacha mamlakat poytaxti yaqinidagi mashhur dam olish maskani bo‘lgan bu laguna bugungi kunda deyarli yo‘qolib ketgan. Bunga ko‘p yillik yog‘ingarchilik tanqisligi va suv resurslarining kamayishi sabab bo‘lgan.

Erondagi Urmiya ko‘li

Yaqin Sharqning eng yirik sho‘r ko‘llaridan biri o‘z maydonining 90 foizidan ortig‘ini yo‘qotgan. Mutaxassislar bu fojiani qurg‘oqchiliklar, qishloq xo‘jaligida suvdan faol foydalanish va daryolarning tabiiy oqimini o‘zgartirgan infratuzilma qurilishi bilan bog‘lamoqdalar.

Iroqdagi Al-Chibaysh botqoqliklari

UNESCOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan noyob Mesopotamiya botqoqliklari ham tez sur’atlarda qisqarmoqda. Buning asosiy sababi Tigr va Frot daryolarining suv rejimidagi o‘zgarishlardir.

Madagaskardagi Ambovombe

Orolning janubiy qismi eng og‘ir ekologik inqirozlardan birini boshdan kechirmoqda. Uzoq davom etuvchi qurg‘oqchiliklar, yuqori harorat va chang‘ bo‘ronlari suv manbalari hamda qishloq xo‘jaligi yerlarini vayron qilib, odamlarni o‘z uylarini tark etishga majbur qilmoqda.

Malidagi Fagibine ko‘li

Niger daryosi toshqinlarining kamayishi va qurg‘oqchilikning kuchayishi natijasida ko‘l deyarli qurib qolgan. Hududda cho‘llashish jarayonlari tez sur’atlarda kechmoqda va bu mahalliy aholi turmushiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

AQShdagi Mid ko‘li

Kolorado daryosida joylashgan mamlakatning eng yirik suv ombori so‘nggi o‘n yilliklarda suv zaxiralarining katta qismini yo‘qotgan. Ko‘l millionlab odamlarni suv bilan ta’minlaydi, shuning uchun uning sayozlashishi ekologlar va hukumat organlarida jiddiy tashvish uyg‘otmoqda.

Olimlarning ta’kidlashicha, bu o‘zgarishlar nafaqat ekologik muammo hisoblanadi. Suv havzalarining yo‘qolishi iqtisodiyotga, oziq-ovqat xavfsizligiga va millionlab insonlarning hayot sifatiga ta’sir ko‘rsatadi.

Ayrim holatlarda suv resurslarini oqilona boshqarish va qulay iqlim sharoitlari mavjud bo‘lsa, tiklanish imkoni saqlanib qoladi. Biroq ba’zi hududlardagi o‘zgarishlar shu qadar kattaki, ularni avvalgi holatiga qaytarish nihoyatda qiyin bo‘ladi, deb xabar berdi korrespondent.net.