Bu yil koʻplab oʻzbekistonlik “Prezident hojilari” degan ulkan sharaf bilan haj amallarini ado etish baxtiga muyassar boʻlgani ushbu xayrli ishlarning yuksak ifodasidir. Ular orasida men ham borligimdan juda mamnunman.

Muborak haj ziyorati bir umrlik orzum edi. Koʻp yillar davomida yurtimiz farovonligi, mahalla tinchligi va aholi osoyishtaligi yoʻlida mehnat qildim. Mahalla raisi sifatida faoliyat yuritgan yillarim odamlarning dardi bilan yashab, muammolarini hal etishga koʻmaklashdik. Yoshlarni toʻgʻri yoʻlga boshlash, oilalar oʻrtasida ahillik muhitini mustahkamlash, ehtiyojmand insonlarga yordam berish kabi xayrli ishlar doimo eʼtiborimiz markazida boʻldi.

Mehnatlarimiz Prezidentimiz tomonidan eʼtirof etilganidan oilamiz aʼzolari, yaqinlarim va mahalladoshlarim ham juda xursand boʻldi. Kutilmaganda quvonchli xabar keldi. Viloyat hokimligi mutasaddilari kelib, yoʻllanmani topshirib, tabrikladi.

Haj ziyoratiga izzat-hurmat bilan kuzatildik. Undan oldin Islom sivilizatsiyasi markaziga ham ekskursiyaga bordik. Prezidentimiz tashabbusi bilan yangidan ochilgan maskan bebaho durdona ekaniga amin boʻldik. Haj ziyoratiga kuzatish va xayrlashuv marosimlari hayotimizning eng quvonchli damlari sifatida yodimizda qoldi. Saudiya Arabistonida ham juda iliq kutib olindik. Bizga zarur barcha sharoit yaratib berildi. Bu ham Oʻzbekis­tonimizning xalqaro maydonda obroʻsi va hurmati baland ekanligini his qildik.

Oramizda turli sohada fidoyilik koʻrsatgan insonlar bor edi. Ushbu jihat ham yurtimizda hech bir kishining mehnati ragʻbatsiz va eʼtibordan chetda qolmasligidan dalolat.

Ziyoratda mamlakatimizdagi tinchlik bardavom, aholi turmushi yanada farovon boʻlishini soʻrab duo qildik. Shunday kunlar uchun shukronalar aytdik. Bundan buyon ham xalqimizning ishonchini oqlab, mahallalarda tinchlik-totuvlik va ahillikni taʼminlash, yoshlarga toʻgʻri taʼlim-tarbiya berish, ehtiyojmand oilalarga koʻmaklashishga hissamizni qoʻshib yashaymiz.

Azamat MAVLONOV

Xatirchi tumani