Murabbiyning ta’kidlashicha, jamoa maydonda ko‘plab ijobiy jihatlarni namoyish etgan va hisob 1:0 bo‘lganidan keyin ham tartibli o‘yinni saqlab qolgan.
«Biz jamoa bo‘lib harakat qilishda davom etdik va oxirigacha kurashdik. Bunday darajadagi milliy jamoalarga qarshi o‘ynash oson emas. Shunga qaramay, futbolchilar harakatida ko‘plab ijobiy tomonlarni ko‘rdim. Aynan shunday uchrashuvlar bizga kerak, chunki kuchli raqiblarga qarshi o‘ynaganda doimo nimanidir o‘rganasiz va tajriba to‘playsiz», — dedi Kannavaro.
Himoya chizig‘idagi xatolar haqidagi savolga javob berar ekan, mutaxassis futbolni xatolarsiz tasavvur qilib bo‘lmasligini ta’kidladi.
«Futbolni mutlaqo xatolarsiz o‘ynab bo‘lmaydi. Bizning vazifamiz — futbolchilarga bunday xatolarni imkon qadar kamaytirishda yordam berish. Rostini aytsam, men himoyadagi kamchiliklardan ko‘ra ijobiy jihatlarni ko‘proq ko‘rdim», — dedi u.
Shuningdek, Kannavaro jamoaning jismoniy holati haqida ham fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tayyorgarlik yig‘ini bir oydan ortiq vaqt avval boshlangan, legioner futbolchilar esa keyinroq tarkibga qo‘shilgan.
«Jismoniy tayyorgarlik borasida yaxshi ish olib borganimizga ishonaman. Albatta, ayrim futbolchilar bilan bog‘liq hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalar bor va biz bu yo‘nalishda ishlashda davom etamiz», — dedi O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi.