Toshkent viloyati IIBB Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan Nurafshon shahar IIB tezkor xodimlari bilan hamkorlikda internet tarmoqlari orqali olingan ma’lumotlar asosida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri davomida Toshkent shahri, Bektemir tumani hududida harakatlanib ketayotgan “Nexia 3” rusumli transport vositasi to‘xtatilib tekshirilgan.
Natijada avtomashinada bo‘lgan fuqaro (G.A. 1970 y.t.) ayolga tegishli bo‘lgan buyumlar orasida chaqaloq ko‘rinishidagi bolalar o‘yinchog‘i borligi va uning vazni nisbatan og‘ir ekanligi xodimlarning e’tiborini tortgan.
Tekshiruv davomida, ayol ushbu bolalar o‘yinchig‘ining ichki qismiga, 8 dona 100-150 grammdan qadoqlangan, o‘tkir hidli to‘q jigarrangdagi “gashish” giyohvand moddalarini joylashtirib yashirincha olib o‘tayotgani aniqlangan.
Holat yuzasidan o‘tkazilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida ayol ushbu moddalarni Farg‘ona viloyati hududidan sotib olib, Toshkent shahriga sotish maqsadida olib kelayotganligi aniqlandi.
Jarayonda “Nexia 3” avtomashinasi haydovchisi “Yandeks” tizimi orqali taksi faoliyati bilan shug‘ullanishi va ushbu ayolni birinchi marotaba ko‘rib turganligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirda aniqlangan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, giyohvand moddalar manbasini aniqlashga qaratilgan tezkor surishtiruv tadbirlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi uchun qonunchilikda 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.